Endi eshak go‘shti yeymiz?! Hafta tahlili
Tahlil
−
21 Sentabr
15077Sog‘indingizmi? Men sizlarni sog‘indim. Qarshimdagi kamerani, chiroqlarni, yangiliklar dunyosini sog‘indim. Ko‘rishmaganimizga ham qariyb 4 oy bo‘libdi. Bu orada Botir Qodirovning otasini topib beribsizlar, tadbirkorlar quyosh paneli o‘rnatishga majburlanayotgan emish, Ortiqxo‘jayev katta davralarda ko‘rinish berishni boshlabdi, “Saidaziz medgorodok” va “Baxti Tashkentskiy”ni qamabsizlar, Salim akani hamon Qirg‘iziston Milliy xavfsizligi qidirayotgan ekan. Sobiq vazir Aziz Voitovning esa sudi boshlanibdi. G‘azodagi qirg‘in tinmabdi, qurbonlar 41 mingdan oshibdi, shundan qariyb 17 mingi bolalar. Xullas, men aytishga kechikkan-u, lekin uzoq yillar eslanadigan yangiliklar juda ko‘p. Kameralar qarshisida esa Hafta voqealari tahlilining yangi soni bilan yana Qamariddin Shayxov. Assalomu alaykum!
Eshak go‘shti O‘zbekistonda iste’mol qilinadigan mahsulotlar orasiga kirib qolishiga sal qoldi
Bu dunyo so‘zdan yaraldi. “Bo‘l” dedi va bo‘ldi. Shu bois so‘zning qadr-qimmati baland. Bejiz o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, deb aytmagan xalq. Tugayotgan haftada bir so‘zning nojoiz ishlatilishi oqibatida eshak go‘shti O‘zbekistonda iste’mol qilinadigan mahsulotlar orasiga kirib qolishiga sal qoldi.
Gap shundaki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida mamlakatda iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xavfini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hamda kasallik kirib kelishining oldini olish, epizootik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida, it, mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etildi. Bu yerda men aytgan gapning aynan iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht degan qismiga e’tibor qarating. Aynan shu ro‘yxatga parlamentdagi shovvozlar eshakni ham qo‘shib yuborgan.
Parlament quyi palatasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mamlakatda rosa shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Quyi palata saytida keltirilgan xabarda eshakni iste’mol qilinadigan hayvonlar qatorida hurmat bilan tilga olinishi ortidan kelib chiqqan e’tirozlarga Qonunchilik palatasi spikeri Odiljon Tojiyev uzr-ma’zur o‘laroq javob qaytardi. Uning bildirishicha, bu matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli kelib chiqqan tushunmovchilik, xolos. Tojiyevning aytishicha, qonun loyihasida eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan.
“Umuman bu qonun “go‘sht iste’moli” haqida emas, balki hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish munosabatlarini tartibga soladi. Matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan”, deydi Odiljon Tojiyev.
Katta muhokamalarga sabab bo‘lgan qonun loyihasi bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan (parvarish qilinadigan) va urchitiladigan uy hayvonlari – qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya, it, mushukni identifikatsiya qilinishi (vizual yoki elektron birkalarni hamda elektron mikrochiplarni hayvonlarga o‘rnatish) nazarda tutilgan.
Bildirilishicha, mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qo‘mitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarida va yalpi majlisida ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar tomonidan eshak, it va mushukning identifikatsiya qilinishi asosligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan. E’tirozlar qonun tashabbuskorlari tomonidan qabul qilinib, loyiha birinchi o‘qishda ma’qullangan taqdirda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida olib tashlanishi qayd etilgan.
Inbazar mashmashasi
Ko‘za kundamas, kunida sinadi, deydi xalq. Ha, xalqdan buyuk ustoz yo‘q. U bilmasa, kim bilar. O‘zi jilovlab qo‘yar. Haddidan sal oshganni. Menimcha, bu hafta ham Inbazar asoschisi Omadtillo Xolmatovning anchadan buyon saqlab yurgan ko‘zasi sindi-yu, ichidan jin chiqib, butun sirlari fosh bo‘ldi. Bu sirlar ustiga tortilgan parda yanglig‘ yuzlab reklamalar, hatto, kimsan chempion, “britva-yu” konditsionerlar reklamasida ustasi farang Bahodir Jalolovning oqlovlari ham foyda bermadi. Xo‘sh, o‘zi nima bo‘ldi? Keling, bir boshdan qisqacha ko‘rib chiqaylik.
O‘tgan haftaning oxiri, tugayotgan haftaning boshida ijtimoiy tarmoqlar Inbazar’da ishlaydigan 18 yashar yigitcha boshqa bir xodim tomonidan do‘pposlangani aks etgan video tarqalishi bilan esda qoldi. Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan uning reklamasida faol bo‘lganlar, sportchi Bahodir Jalolov boshchiligidagi qator blogerlar Inbazar’ni oqlashga tushdi. Do‘konlar tarmog‘i rahbari Omadtillo Xolmatov esa xorijdan videomurojaat bilan chiqib, zo‘ravon xodimga chora ko‘rilishini aytdi va kaltaklangan yigitga Spark avtomobilini topshirdi.
Ichki ishlar esa o‘z ishini qildi. Zo‘ravon xodim – 2001 yilda tug‘ilgan yigitga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi bilan ish qo‘zg‘atdi. Ish Sergeli tuman sudida ko‘rib chiqilib, zo‘ravon aybli deb topildi va unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Inbazar’dagi voqealar bu bilan tugagani yo‘q. Baliq boshidan deganlaridek, do‘konlar tarmog‘i asoschisi Omadtillo Xolmatovning o‘zi ham zo‘ravon bo‘lib chiqdi. U muqaddam do‘kondagi xodimlarni kaltaklagan, buni videoga ham oldirgan, kamiga ayrim xodimlarni boshqalarga do‘pposlatishi bilan ham nom qozongan. Tarmoqda esa bularni dalillovchi videolar ham tarqaldi. Videolardan birida esa u xodimlarga “itlarga talatish” bilan ham tahdid qilgan.
E’tirozlarga sabab bo‘lgan videolar ortidan Inbazar rahbari Omadtillo Xolmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlatildi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardagi holatlar eski bo‘lib, muqaddam hech kim ariza bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Hozir videoda aks etgan shaxslarning shaxsi aniqlanib, tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Mendan so‘rasangiz, Inbazar’da sodir bo‘lgan voqeaga hech ajablanmayapman, ochig‘i. Chunki bu mamlakatdagi mehnat huquqlari muhofazasi, ish joylarida inson qadri va mehnatga oid qonunchilikning qanday ishlayotganining in’ikosi. O‘nlab yillar davomida O‘zbekistonda xodimlar o‘z vazifa-vakolatlariga kirmaydigan ishlarga majburlab kelindi, hamon majburlanyapti. O‘nlab yillar davomida ularning huquqlari himoya qilinmadi, hamon qilinmayapti. O‘nlab yillar davomida quyi tizimdagilar o‘z rahbaridan, aytaylik, vazir, qo‘mita raisi, prokuror, hokim kabi amaldorlardan eshitgan haqoratlari, uchragan tazyiq va tahdidlari uchun huquq-tartibot organlariga murojaat qilmadi. Amaldorlar qo‘l ostidagilar tugul, xalqni haqoratlagan audio-videoyozuvlar tarqalib ketsa ham javobgarlikka tortilmadi, gapiga javob bermadi. Ijtimoiy tarmoqda Inbazar asoschisiga nisbatan bo‘layotgan nafrat esa o‘sha yillar davomida himoyasiz qolgan huquqlarimizning alami bo‘lsa, ajabmas. Men bu bilan Inbazar’dagi ishlarni oqlamoqchi emasman. Aksincha, qonun o‘z so‘zini hammaga aytar, vaqt allaqachon kelib, o‘tib ham bo‘lyapti.
Boysundagi fojia
Sentyabr oyi boshida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida oltingugurt gazi yoki ilmiy tilda vodorod sulfid sizib chiqishi kuzatilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bu hodisaga esa texnologik jarayon buzilishi sabab bo‘lgan.
Vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.
Gaz sizib chiqishi sezilgan ilk kunlarda kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga yuk mashinalarida evakuatsiya qilingan. Aholining aksariyati o‘zining boshqa hududlardagi yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan bo‘lsa, ayrimlari maktab va shifoxonalarga olib borilgan.
O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga asosan, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib borgan. 15 sentyabr kuni gaz sizib chiqishi to‘xtatilgan.
17 sentyabr kuni esa konda kuchli portlash kuzatildi. Unda 4 kishi qurbon bo‘ldi. 11 kishi jarohatlangan, ulardan 10 nafariga shu kuni shifoxonadan uyiga javob berilgan. Halok bo‘lganlar konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari bo‘lgan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, marhum xodimlarning yaqinlariga kompensatsiya to‘lab beriladi, shuningdek, pudratchi tashkilot ularning farzandlarini moddiy ta’minlab, o‘qitib, ish bilan ta’minlashgacha o‘z zimmasiga oladi.
20 sentyabr kuni esa falokat haqida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva og‘iz ochdi. Uning bildirishicha, Boysundagi konda halok bo‘lgan xodimlarning oilalari tashlab qo‘yilmaydi.
Endi O‘zbekiston ham xorijliklarga sanksiya qo‘llamoqchi
Hadeb o‘zbekistonliklarga va O‘zbekiston kompaniyalariga sanksiya qo‘yaverishadimi? Bizam sanksiya qo‘yaylik, axir. Boshqalardan qayerimiz kam? Shu maqsadda Senatning kuni kecha bo‘lib o‘tgan ellik yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati yuritiladi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati va tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tegishli ro‘yxatga kiritiladi.
Ro‘yxatni yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Bunday shaxslarni ro‘yxatga kiritish Oliy Majlis palatalarining kengashlari hamda maxsus vakolatli organlarning taqdimiga binoan amalga oshiriladi.
Shuningdek, mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxs shunday mazmundagi Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.
Qonunbuzarning ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yil hisoblanadi, agar u ushbu muddatda ro‘yxatga kirish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf qilsa, muddatidan ilgari ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
Germaniya kansleri Olaf Shols O‘zbekiston va Qozog‘istonda mehmon bo‘ldi
O‘zbekistonliklarning juda ko‘pi Amerika orzusi bilan yashagani bilan dunyoda shunday bir mamlakat borki, ular mehnat migrantlarini ham, sayyohlarni ham, ilm istab borganlarni ham o‘z bag‘riga olishi juda qiyin. Qochqinlarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Bu Ikkinchi jahon urushida kuli ko‘kka sovurilgan va ikkiga bo‘linib ketgan, bugun esa Xitoy va AQSHdan keyin dunyoning iqtisodi eng kuchli davlati darajasiga chiqqan Germaniya. U markaziy osiyoliklar uchun alohida orzu bo‘lagi bo‘lib kelgan. O‘tgan haftaning oxiri joriy hafta boshida Germaniya kansleri Olaf Shols O‘zbekiston va Qozog‘istonda mehmon bo‘ldi. Bu haqida alohida dastur tayyorlaganmiz va tashrif haqida o‘sha dasturdan to‘liq ma’lumot olishingiz mumkin.
Hozir esa Germaniya o‘zbekistonliklarga eshiklarini lang ochayotgani haqida gaplashsak. 2024 yilning avgust oyidagi ma’lumotlarda qayd etilishicha, o‘rtacha ish haqi 4291 yevroni tashkil qiladigan Germaniyaning kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi.
Ushbu hujjatga ishonilsa, 800 dan ortiq o‘zbekistonlik hamshira Germaniyaga ishlashga yuboriladi. Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Behzod Musayevning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyada 2200 yevro maosh oladi. O‘zbekistonda esa hamshiralarning o‘rtacha maoshi 2 millionni tashkil etadi. Ularning ko‘pchiligi, asosan ishdan keyin uyma-uy yurib, muolajalar qilish orqali ro‘zg‘or tebratadi, orzu-havas qiladi.
Agar yuqorida tilga olganimiz, migratsiya sohasidagi o‘zaro manfaatlar haqiqatga yaqin bo‘lsa, tez orada Germaniyadan chiqarib yuborilishi kutilayotgan noqonuniy afg‘on migrantlarining Termiz orqali o‘z uylariga istar-istamas qaytishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Boshqa tomondan tugayotgan haftada Germaniyadagi qochqinlar soni Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori darajaga yetgani xabar qilindi va qariyb 3,5 million kishini tashkil etdi. Ulardan 1,18 millionga yaqini – ukrainaliklar.
Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tay: Germaniyada odamlarning qanday yashayotgani, narx-navodan roziligi olmon diyori bo‘ylab yoyilgan turk donarining narxidan kelib chiqiladi. Xuddi o‘zimizda nonning qiymatiga ko‘ra yashash sharoitimiz belgilanganidek. Shuningdek, Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri Jem O‘zdemir ham asli turk. U Turkiyadan Germaniyaga kelib qolgan migrant oilasida tug‘ilgan. Demoqchimanki, bir vaqtlar Germaniyaga ishlash maqsadida kelgan turklar allaqachon mamlakatning asosiy kuchiga aylangan. Ular shunchaki ma’lum millat jamoasi emas, balki mamlakatda o‘z so‘zi va o‘rniga ega. Xo‘sh, nima deb o‘ylaysiz, o‘zbekistonliklar Germaniyada shunday mavqega ega bo‘la olarmikan? Yo Rossiyadagi kabi ayrimlar pedofilligi va qotilligi bilan nom qozonarmikan? Nega bundan gap ochganimni birozdan keyin bilib olasiz.
Rossiyada migrantlarga bir qator cheklovlar qo‘llanilyapti
Germaniya yangi migrantlarni, ayniqsa, o‘zbekistonlik migrantlarni quchoq ochib kutib olishga tayyorligini bildirayotgan bir paytda Rossiyada migrantlarga qator cheklovlar qo‘llanilyapti.
Rossiya hozirda mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarning reyestrini tuzmoqda. Bu reyestrga kiritilganidan keyin migrantlar transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mulkni ro‘yxatga olish, nikoh tuzish va bekor qilish, bolalarni bog‘cha va maktablarga ro‘yxatdan o‘tkazish imkonidan foydalana olmaydi.
Qolaversa, Federatsiyaning Moskva viloyatida 2025 yilning yanvaridan boshlab xorijliklarning sport, madaniyat, hordiq chiqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida patent bo‘yicha ishlashi taqiqlanmoqda.
Qayd etilishicha, rejalashtirilgan o‘zgarishlar gubernator Andrey Vorobyovning shahar tumanlari rahbarlari bilan uchrashuvida muhokama qilingan. Viloyat hukumati raisining o‘rinbosari Natalya Maslenkinaning aytishicha, uch yil ichida migrantlarning savdo sohasida ishlayotganidan shikoyatlar sezilarli darajada oshgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq joriy qilinganidan keyin almashtiriladigan patent egalari soni 5,6 ming kishini tashkil qiladi.
Har bir chet el fuqarosi Rossiyada ishlash uchun maxsus patent olishi kerak. Uning yo‘qligi uchun migrant ham, uni ishlatgan tashkilot ham javobgar bo‘ladi. Qoidabuzarlik uchun chet el fuqarosi 45-50 ming rubl, yuridik shaxs 800 ming rubldan 1 million rublgacha jarimaga tortiladi yoki 14 kundan 90 kungacha bo‘lgan muddatda faoliyati to‘xtatiladi.
Aytish o‘rinliki, bu cheklovlarsiz ham o‘tgan yil davomida Rossiyada yashovchi 2 milliondan ortiq chet el fuqarolari mamlakatni tark etgan. Ayni paytda mamlakatda 6 million 174 ming 777 nafar xorijiy fuqaro ro‘yxatga olingan.
Iyun oyi oxirida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova 2023 yil davomida Rossiya Federatsiyasida 8,5 milliondan ortiq odam migratsiya uchun ro‘yxatdan o‘tganini bildirgan.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga migrantlar oqimi so‘nggi o‘n yil ichida minimal darajaga tushgan. 2023 yilda Rossiya Federatsiyasiga chet eldan 560 ming kishi kelgan, bu 2022 yilga nisbatan 23 foizga kam, o‘sha paytdagi oqim 730 ming kishini tashkil etgan.
Rossiyada 739 ming noqonuniy migrant mavjud va ularning asosiy qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari tashkil etmoqda. Shu yilning yanvaridan avgustigacha bo‘lgan muddatda Rossiyaga 1 million 880 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi borgan. Mamlakatdan chiqib ketganlar soni esa 1,5 million kishidan oshadi. Shu bilan birga, 1 million 792 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ayni vaqtda Rossiyada ishlamoqda. Bu, albatta, rasmiy ma’lumot.
Mart oyida Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida Tojikiston fuqarolari ayblangan teraktdan keyin Rossiya hukumati migratsiya siyosatini kuchaytira boshladi. Iyun oyida Davlat Dumasi Rossiya Federatsiyasida migrantlarning bo‘lish tartibini qattiqlashtiruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Hujjat 2025 yil 5 fevraldan kuchga kirishi, bu vaqtgacha reyestr ham ishga tushirilishi kerak.
Gap migrantlar haqida borarkan, boya boshlangan gapimni davom ettirsam. Rossiyada yana dahshatli qotillik sodir etildi va gumonlanuvchi yana o‘zbekistonlik. Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari Novosibirskda sodir etilgan qotillikni fosh etdi.
Qayd etilishicha, 34 yoshli O‘zbekiston fuqarosi o‘z yurtdoshining hayotiga zomin bo‘lgan. Joriy yilning 19 sentyabrga o‘tar kechasi u sherigi bilan spirtli ichimlik ichgan. Shundan so‘ng, ikkovlon janjallashib qolgan va 34 yashar erkak 44 yoshli o‘zbekistonlikni stul bilan bir necha bor urgan.
Keyinchalik, u jinoyat izlarini yashirish maqsadida jabrlanuvchining jasadini bo‘laklarga bo‘lib, uning qismlarini qoplarga solib, Lenin tumanidagi suv ombori yaqinidagi kimsasiz joyga olib borib tashlagan.
34 yashar o‘zbekistonlikka nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2023 yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammitida AQSH Prezidenti Jo Bayden, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari foydali qazilmalar bo‘yicha muloqotni boshlash niyatida ekanliklarini e’lon qilgandi. Amerikada o‘tadigan saylovlar oldidan AQSH hukumati Bayden bergan va’dani amalga oshirishga kirishdi.
O‘zbekiston hukumatining 2024 yil 24-26 sentyabr kunlari AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan tog‘-kon sanoatidagi eng yirik global tadbir – “MINExpo INTERNATIONAL” ko‘rgazmasida ishtirok etishi arafasida AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasriddinxo‘jayev ikki davlat o‘rtasida foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Minerallar va noyob yer elementlari toza energiya va boshqa texnologiyalar uchun zarur bo‘lib, iqtisodiyotda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatiga xususiy sektor sarmoyasini jalb qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ushbu memorandum kelgusida global konchilik sohasida yuqori ekologik, mehnat va boshqaruv standartlarini ta’minlashga qaratilgan umumiy maqsadni o‘zida aks ettiradi.
“Jahon iqtisodiyoti juda-juda tez rivojlanmoqda. Eng tez rivojlanayotgan sohalardan biri bu yashil iqtisodiyotdir. Ularga elektron transport vositalari, quyosh energiyasi, shamol energiyasini rivojlantirish kiradi. Bularning barchasi yangi texnologiyalarni va juda katta miqdordagi muhim minerallarni talab qiladi. Qo‘shma Shtatlar va butun dunyo bo‘ylab hamkorlarimiz bu muhim minerallarni samarali qazib olish, ulardan foyda ko‘rish va rivojlanayotgan sanoatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli ta’minot zanjirlarini yaratish uchun potensial yirik yetkazib beruvchilar bo‘lgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish juda muhim ekanligini tushunadi. Biz Qo‘shma Shtatlar ushbu muhim sanoatda eng yaxshi texnologiyalarga ega ekanligiga ishonamiz. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishi tabiiy edi, chunki O‘zbekiston ko‘plab minerallarning dunyodagi eng yirik zaxiralariga ega. Bu bizga hukumatdan hukumatga, shuningdek, sanoatdan sanoatga hamkorlik qilish imkonini beradigan siyosiy asosni yaratishga yordam beradi. Shunday qilib, biz bu kelajakda yanada chuqurroq hamkorlikning boshlanishi bo‘lishiga umid qilamiz”.
“Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanayotgan peyjerlar ommaviy ravishda portlab ketdi
17 sentyabr kuni Livanda “Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanayotgan peyjerlar ommaviy ravishda portlab ketdi. Oqibatda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi, minglab odamlar jarohat oldi. Qurbonlar orasida “Hizbulloh” yetakchilaridan birining o‘g‘li va 10 yoshli qiz ham bor. Shuningdek, Eronning Bayrutdagi elchisi Mojtaba Amani peyjer portlashida bir ko‘zidan ayrildi. U tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Eronga olib ketildi. Elchidan tashqari Eron diplomatik missiyasining boshqa xodimlari ham yaralangan.
Rasmiy Bayrut va “Hizbulloh” harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi.
Italiyalik harbiy tahlilchi Ilyos Magniyer “Hizbulloh” a’zolari Isroilning aloqalarni ushlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun peyjerlarga ko‘p ishonishlarini aytdi. U, shuningdek, portlagan qurilmalar guruh a’zolariga tarqatilishidan avval buzib kirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Harbiy ekspert Jozef Nassarning so‘zlariga ko‘ra, peyjerlarning dasturiy ta’minotiga virus kiritilgan bo‘lishi mumkin, bu esa batareyalarning portlashiga olib kelgan.
Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar qildi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi.
Biroq Vengriya hukumati vakili bu peyjerlar mamlakatda “hech qachon bo‘lmagan”ini, kompaniya esa “Vengriyada ishlab chiqarish yoki operatsion maydonchasiga ega bo‘lmagan savdo vositachisi” ekanini aytdi. Livanga yuborilgan peyjerlarning har biri taxminan 30-50 gramm portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan va masofadan boshqarilgan. Isroil manbalari portlashlarga aloqadorligini yashirincha tasdiqlamoqda.
Peyjerlarni kelib chiqishi muhokamasi davom etar ekan, 18 sentyabr kuni Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Aloqa qurilmalari qatorida “Hizbulloh” a’zolarining ratsiyalari ham portlagan. Ular, kecha, 17 sentyabr kuni mamlakatda portlagan peyjerlar bilan bir vaqtda – taxminan 5 oy oldin sotib olingan.
“Hizbulloh” Bosh kotibi Hasan Nasrulloh 19 sentyabr kuni Isroilning so‘nggi hujumlari Livandagi qarshilik tarixiga jiddiy zarba bo‘lganini aytdi va Isroilning ushbu hujumlariga javob choralari haqida gapirar ekan, sodir bo‘lgan voqealarga javob adolatli qasos bo‘lishiga, uning vaqtini, joyini va tabiatini “Hizbulloh” belgilashiga va’da berdi.
Isroil esa aloqa vositalarini portlatib yuborishdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga o‘tdi. Shundan keyin yahudiy davlati harbiylari Livanga zarba bermoqda. Bu hujumlarda qancha odam qurbon bo‘lgani esa hozircha noma’lum.
20 sentyabr kuni esa Isroil mudofaa kuchlari Livandagi “Hizbulloh” harakatining tayanchi hisoblangan Bayrutning Dahiya mahallasiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida guruhning asosiy yetakchilaridan biri Ibrohim Oqil va yana 10 ga yaqin yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘ldi.
BMT yana bir rezolyutsiya qabul qildi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 18 sentyabr kuni Isroildan Falastinning bosib olingan hududlaridan kuchlarini olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi.
Falastin tomonidan o‘nlab boshqa davlatlar bilan birgalikda taklif etilgan rezolyutsiya uchun 124 ta delegatsiya ovoz berdi, ular orasida O‘zbekiston ham bor. 43 ta davlat betaraf qoldi, 14 tasi esa qarshi chiqqan.
Rezolyutsiya Isroil qo‘shinlarini Falastin hududlaridan olib chiqib ketishni, yangi aholi punktlari qurilishini to‘xtatishni, bosib olingan yerlar va mol-mulkni qaytarishni, shuningdek, ko‘chirilgan falastinliklarni qaytarish imkoniyatini talab qiladi.
BMT Xalqaro sudining 1967 yildan beri Falastin hududlari bosib olinishi “noqonuniy” degan maslahat xulosasiga asoslanadi.
Isroil rezolyutsiyani qat’iyan rad etdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Dani Danon ovoz berishni “Falastin muxtoriyatining diplomatik terrorizmini qo‘llab-quvvatlovchi sharmandali qaror” deb atadi.
AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild ovoz berishdan oldin rezolyutsiyani “fitna qo‘zg‘atuvchi” deb qoraladi va uning “tinchlik ishiga hech qanday foyda keltirmasligini” bildirdi.
Ma’lumot uchun, rezolyutsiya mazmuni Xalqaro jinoiy sud tomonidan joriy yilning iyul oyida e’lon qilingan maslahat xulosasidan kelib chiqqan bo‘lib, unda sud Isroilning Falastin hududida davom etishini qonuniy emas va uni “barcha davlatlar tan olmaslik majburiyati bor” deb e’lon qildi.
Shu o‘rinda O‘zbekistonning BMTda qabul qilinadigan rezolyutsiyalardagi ishtirokiga e’tibor qaratsak. Ammo tashkilot Bosh Assambleyasining 2022 yil 12 oktyabrdagi Rossiya o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan “DXR” va “LXR” hamda bosib olingan Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazgan “referendum”ni qoralovchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Hujjatda Rossiyadan Ukraina hududlarini anneksiya qilish haqidagi bayonotini qayta ko‘rib chiqish talabi mavjud edi.
O‘shanda BMTga a’zo 193 davlatdan 143 tasi rezolyutsiya uchun ovoz berdi. Ovoz berishda 35 davlat, jumladan, Xitoy, Hindiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston betaraf qolgan.
“O‘lsam, janozamni bulbul o‘qisin”
Tugayotgan hafta ana shu takrorlanmas she’r muallifi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Bibisora Turobova bugun, 15 sentyabr kuni 72 yoshida vafot etdi. Turobova she’rlari bilan odamlar qalbini zabt eta olgan unvonsiz shoira edi. O‘lim – haq va buni shoira she’rlarida bir necha bor eslatgandi.
O‘lsam, janozamni bulbul o‘qisin,
Kuyib o‘tgan umrim sharhini aytsin.
Bardoshim haqida ash’or to‘qisin.
Mendan norozilar fikridan qaytsin.
LiveBarchasi