Zelenskiydan O‘zbekistonga ogohlantirish, qo‘lga olingan Mubashshir Ahmad, Salimboy mashmashasi – Hafta tahlili
Tahlil
−
13 yanvar
51998“Global Firepower” tomonidan tuzilgan dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida O‘zbekiston 65-o‘rinni egalladi va qo‘shni Qozog‘istondan 7 pog‘ona ortda qoldi. Ko‘p yillar Markaziy Osiyoda armiyasining kuchliligi bilan peshqadam bo‘lib kelgan O‘zbekiston 2023 yilda ushbu reytingda 62-o‘rinni egallagandi. Bu safar esa yana 3 ta o‘rinni qo‘ldan boy bergan. Kuchli uchlikni esa doimgidek AQSH, Rossiya, Xitoy egallab turibdi. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari – Turkmaniston 83-o‘rinni, Qirg‘iziston 100-o‘rinni, Tojikiston 107-o‘rinni egallagan. E’tiboringizga Hafta voqealari tahlilini havola etamiz.
Rossiya O‘zbekistonga hujum qiladimi?
Gapni armiyalarning barqarorligidan boshlagandik. Dasturni shunga oid ilk xabar bilan davom ettirsak. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Litvaga borib, poytaxt Vilnyusda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya Ukrainadan keyin Boltiqbo‘yi davlatlari, Finlyandiya va O‘zbekistonga hujum qilmoqchi ekanini aytdi.
“Menimcha, biz Rossiya Federatsiyasi Prezidentining ritorikasiga e’tibor qaratishimiz kerak. U to‘xtamaydi. U bizni butunlay bosib olmoqchi", deydi Zelenskiy.
Uning aytishicha, Kiyevning hamkorlaridagi moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatishdagi noaniqlik Rossiya Federatsiyasiga faqat jasorat va kuch qo‘shadi. Shuning uchun, u yordamni kechiktirmaslikka chaqirdi.
“Rossiya Prezidenti Ukrainani vayron qilmagunicha, tinchlanmaydi. Ukrainadan keyin kimni shunday xavf-xatarlar kutayotganini juda yaxshi bilasiz. Litva, Latviya, Estoniya, Moldova, agar Ukraina muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, keyingi o‘rinlarni egallashi mumkin. Yaqinda u Finlyandiya va O‘zbekiston haqida gapira boshladi. Hammamiz birgalikda uni to‘xtatmagunimizcha, u (Putin) bosqinchilikni bas qilmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Zelenskiyning atganlari qanchalik jiddiy olinadi yo yo‘q, bunisi bizga qorong‘i. Ammo, oxirgi paytlarda O‘zbekistonga nisbatan ana shunday bayonotlarning ko‘payib qolgani, xavotirli. Esingizda bo‘lsa, yaqinda “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va “Adolatli Rossiya – haqiqat uchun” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olish haqida gapirgan edi. Uning aytganlari O‘zbekistonda katta aks-sado berdi, biroq e’tirozli munosabatlar 2-3 kunda tin oldi.
Zelenskiyning Rossiyaning keyingi bosqini O‘zbekistonga bo‘lishi mumkinligi haqidagi gaplariga biror rasmiy idora va shaxslar munosabat bergani yo‘q.
Salimboy Qirg‘izistonni nazorat qilganmi?
O‘zbekistonda jinoiy olam vakillariga nisbatan kurash boshlanishi ancha vaqtgacha Qirg‘izistondagi kriminal avtoritetlarning tagi bilan quritilishi, Kolya Qirg‘izning o‘ldirilishi bilan bog‘lanayotgandiyu lekin buni tasdiqlaydigan odam bo‘lmayotgandi. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda aylangan gap-so‘zlarga qaraganda, qirg‘izistonlik jinoiy avtoritet Kolya Qirg‘iz o‘limidan ikki oy avval o‘zbekistonlik Salimboyning uyida mehmon bo‘lgan. Tugayotgan haftada Salimboy haqida tarqalgan gaplar esa uning hibslanishi Qirg‘izistondagi shaxslar va voqealarga aloqadorligini tasdiqlayotgandek, go‘yo.
10 yanvar kuni Qirg‘iziston parlamentida Salimboy Abduvaliyevning nomi bir necha bor tilga olindi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning aybloviga ko‘ra, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev 2022 yil dekabr oyida Salim Abduvaliyevdan yordam so‘rash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan.
Shuningdek, u Salimboyga davlatni tartibga solib qo‘yish bo‘yicha xat ham yozgan.
“Ushbu xat 10 sahifadan iborat. Uni u o‘z qo‘li bilan yozgan. Jamg‘irchiyev Abduvaliyevdan yordam so‘ragan. Xatda u hokimiyatga tuhmat qilib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday ahmoqlik?” deydi Tashiyev.
Deputat Salimboyga maktubida shunday deydi:
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atamboyev, Jeenbekov, Japarov prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”.
Xo‘sh, rostan ham Qirg‘iziston Prezidentlari lavozimga o‘tirishidan avval o‘zimizning Salimboyning duosini olganmi?
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan”, deydi Tashiyev.
Salimboy Emil Jamg‘irchiyevning xatini javobsiz qoldirmagan. Unga Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan. Tashiyevning aytishicha, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini, undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini bildirgan.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda qirg‘izistonlik deputat Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev hozirda qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.
Deputat 9 yanvar kuni parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelganini ko‘rib, binoning ikkinchi qavatidan sakrab, qochgan va qaytib kelmagan. Oradan bir necha kun o‘tib, to‘g‘rirog‘i 12 yanvar kuni Milliy xavfszlik davlat qo‘mitasi deputat Emil Jamg‘irchiyev o‘z oyog‘i bilan so‘roqqa kelganini va qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi.
Aytish o‘rinliki, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyevga Jinoyat kodeksining 248-moddasi – O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Baxti Tashkentskiy” sherigi Turkmanistonda ushlandi
O‘zbekistonda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida qo‘lga olingan “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullayevning Turkmanistonga qochgan sherigi ham ushlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston maxsus xizmatlari turkmanistonlik hamkasblariga jinoiy guruh a’zolaridan biri 7 dekabr kuni mamlakat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, qochishga muvaffaq bo‘lgani haqida tezkor ma’lumot bergan.
Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligiga gumonlanuvchining o‘sha paytda qayerda ekanligi haqida ham xabar yuborilgan. U Toshkentda jinoiy olamga qarshi kurash tadbirlari davomida qo‘lga olingan, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Nargiza Jumaniyozovaning singlisi Bibijon Jumaniyozovaning uyidan topilgan.
Qidiruv natijasida erkak 9 dekabr kuni qo‘lga olingan, ertasi kuni esa “Shovot” chegara bojxona postida O‘zbekiston maxsus xizmatlariga topshirilgan.
Bundan tashqari, “Baxti Tashkentskiy”ning sherigi yashiringan Bibijonning uyidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 12 quti dori vositalari topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol dori vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullangan. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Rossiyada 8 o‘zbekistonlik YTH qurboni bo‘ldi
2018 yil. O‘shanda ham yanvar edi. O‘shanda ham sovuq edi. O‘shanda Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatining Irg‘iz tumanida 57 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus yonib ketdi. “Samara-Chimkent” avtomobil yo‘lining 1068-kilometridagi fojiada 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu gal esa Rossiyaning Penza viloyatida 9 o‘zbekistonlikni olib ketayotgan mikroavtobus qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, yuk avtomobiliga urilishi oqibatida mikroavtobusdagi o‘zbekistonliklarning 7 nafari voqea joyida vafot etdi. 2 nafari og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Shundan so‘ng shifoxonada ulardan biri ham vafot etdi.
Ushbu fojia haqida zudlik bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga xabar berildi. Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, 12 yanvar kuni Mudofaa vazirligining maxsus samolyoti vafot etgan va jabrlangan fuqarolarni vatanga olib kelish uchun Rossiyaga uchdi. 13 yanvar kuni qurbon bo‘lgan 8 fuqaroning jasadi Urganchga olib kelindi.
Mubashshir Ahmad Turkiyada qo‘lga olindi
O‘zbekistonlik diniy olim va bloger – “Azon Global” axborot tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad Turkiyada qo‘lga olindi.
U 2023 yilning 28 dekabr kuni tongda Turkiya Ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan. “Azon Global” portali Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblovlar umuman asossiz ekanini urg‘ulagan holda, ayni vaqtda olim hibsda emas, balki deportatsiya markazida saqlanayotganini bildirgan.
“Turkiya qonunlari bo‘yicha gumonlanuvchini 3 kundan ortiq tutib turish mumkin emas, shu muddat ichida qo‘yilayotgan ayb isbotlansa, Adliya idoralariga o‘tkazilishi, isbotlanmasa, chiqarib yuborilishi lozim. Ba’zan chet ellik shaxslarni qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga o‘tkazishadi va u yerdan o‘z yurtiga jo‘natishadi yoki ozod qilishadi. Dastlabki surishtiruvlarda Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblov o‘z isbotini topmagan. Qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga o‘tkazilgan Mubashshir Ahmadni oradan shuncha kun o‘tib ham tutib turilgani esa tushunarsiz bo‘lib qolmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Mubashshir Ahmad Turkiyada politsiya tomonidan qo‘lga olinganidan 12 kun o‘tib buni tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Bosh konsulxonasi tomonidan Mubashshir Ahmadga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Biroq Bosh konsulxona Mubashshir Ahmad nima sababdan deportatsiya markazida ushlab turilgani va unga qanday ayblov qo‘yilgani haqida ma’lumot bermagan.
Eslash o‘rinliki, 2020 yilning dekabr oyida o‘zbekistonlik bloger Abdukarim Mirzayev ham Turkiyada hibsga olingandi va u yerdan deportatsiya markaziga yuborilgandi. Unga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagach, 2021 yilning 12 yanvar kuni qo‘yib yuborilgan.
Interpol qidirayotgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi
O‘tgan haftadagi dasturimizda Interpolning qizil bildirishnomasi bilan qidiruvga berilgan va xalqaro darajada odam savdosi jinoyatida ayblanayotgan “Madam klod” laqabli o‘zbekistonlik Nilufar Mirxonova Turkiyada qo‘lga olingan edi. Tugayotgan haftada esa O‘zbekistonda odam savdosi jinoyatida gumonlanib, Interpol tomonidan qizil bildirishnoma bilan qidiruvga berilgan yana ikki ayol – Dilnoza Umarova va Mavluda O‘lmasova qo‘lga olindi. E’tiborlisi, ular ham Turkiyada ushlangan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning ma’lum qilishicha, Istanbulda o‘tkazilgan “Qafas-30” operatsiyasi chog‘ida Interpol tomonidan qizil bildirishnoma va 6 davlat tomonidan qidiruvga berilgan 10 kishi qo‘lga olingan.
Davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) qurilish kompaniyalaridan birining direktorini davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi.
“Imomidin Toshov qidiruvda bo‘lgan Tilekmat Kurenov (AQSHda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi) va boshqa buzg‘unchi shaxslar bilan birgalikda uyali aloqa vositalaridan foydalanib, ommaviy mitinglar o‘tkazish, ijtimoiy muammolarni ko‘tarish va hokimiyatni egallashni rejalashtirgan”, deyiladi xabarda.
Gumonlanuvchi jinoiy rejalarini amalga oshirish maqsadida doimiy ravishda hokimiyatni egallab olishga tayyorgarlikni moliyalashtirgan.
“KG Group” qurilish kompaniyasi direktori bo‘lgan Toshov va Kurenovga nisbatan respublika Jinoyat kodeksining tijorat yoki boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan.
Kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan qidiruvga berilgan Imomidin Toshov va Tilekmat Kurenovning safdoshlari qo‘lga olindi. Ular orasida hukumatni ag‘darishga qaratilgan jinoiy rejalarga aloqador asosiy shaxslardan biri ham bor. U O‘sh va Jalolobod viloyatlari bo‘yicha koordinator vazifasini bajarishi, turli sabablarga ko‘ra odamlarni to‘plash va ommaviy norozilik namoyishlarini tashkillashtirishi kerak bo‘lgan. Shuningdek, uning vazifalariga pul taqsimlash va odamlarni Bishkekka olib borishni tashkil etish ham kiritilgan.
Qo‘lga olinganlardan yana birining asosiy vazifasi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi turli odamlardan pul o‘tkazmalarini tashkillashtirish bo‘lgan. Bundan tashqari, tekshiruv davomida Imomidin Toshovdan uning nomiga katta miqdordagi mablag‘ o‘tkazilganiga oid bir qancha faktlar aniqlangan.
AI-80 markali benzin taqiqlanmoqchi
Toshkentning kun sayin dunyoning eng iflos shaharga aylanib borayotganiga sukut saqlab kelayotgan Ekologiya vazirligi tugayotgan haftada Toshkent shahri havosining ifloslanishi va uning salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar bilan chiqdi. Takliflarning “olamshumuli” esa poytaxtda avtomobillarga AI-80 markali benzinni quyishni taqiqlash.
Vazirlikka ko‘ra, Toshkentda o‘rtacha 730 mingta avtomobil harakatlanadi, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtomobil kirib keladi. Ayniqsa, AI-80 markali benzindan foydalanuvchi texnika vositalari atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.
Vazirlik Toshkentda atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun "Yevro-4" standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgan.
Shu bilan birga, tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash uchun poytaxtda kunning tig‘iz vaqtlarida (07:00 — 10:00 va 17:00 — 20:00) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarining harakati cheklanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtomobillar harakatlanishini taqiqlab, elektromobillarga o‘tishda imtiyozlar, preferensiya va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish ilgari surilmoqda.
Jamoat transportini to‘liq elektr, gaz yoqilg‘isi va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, yo‘l infratuzilmasini hamda markaziy ko‘chalarda avtomobilsiz hududlarni tashkil etish taklif etilmoqda. Tajriba tarzida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasi joriy etilishi mumkin.
Xo‘sh, siz bu takliflardan qay birini qo‘llab-quvvatlaysiz? AI-80 markali benzinga taqiq joriy etilsa, cho‘ntagingiz boshqa benzinda yurishga dosh beradimi? Munosabatlaringizni izohlarda yozib qoldiring.
Samarqandda ikki ayol o‘zini o‘ldirdi
O‘zbekistonda ayollar o‘zini yoqishi, o‘z joniga qasd qilishi davom etmoqda. Tugayotgan haftada samarqandda ikki ayol va ikkisi ham 32 yosh, o‘z joniga qasd qildi. Ulardan biri o‘zini osgan bo‘lsa, ikkinchisi o‘zini yoqib yubordi.
Payariq tumani “Madaniyat” mahallasida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan ayol uyida ustiga suyultirilgan gaz kondensatini sepgan va olov yoqib, o‘z joniga qasd qilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limi murda tanasining 100 foiz termik kuyishi oqibatida yuzaga kelgani ko‘rsatilgan.
Mazkur holatda o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyati alomatlari mavjudligi hamda bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan turib qonuniy to‘xtamga kelish imkoniyati yo‘qligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Narpay tumani “Charxin” mahallasida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro ayol esa uyining molxonasida o‘zini osib, joniga qasd qilgan.
Mazkur holat yuzasidan sud tibbiy ekspertiza hamda uning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari tomonidan oilaviy nizolari, shuningdek, biror kishi marhumaning ustidan shikoyat qilib mahallaga og‘zaki yoki yozma tartibda murojaat qilgan-qilmagani bo‘yicha tekshiruv tayinlangan.
Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan kuni yoki undan oldin ayolning xonadonida yaqin qarindoshlari yoki biror kishi o‘rtasida urush-janjal bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash maqsadida tegishli idoralarga alohida topshiriq berilgan.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*
Yodingizda bo‘lsa bir necha oy avval ijtimoiy tarmoqlarda zamministrning ikkinchi xotini yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan janjallashayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Bu safar esa “MVD”da ishlaydigan Bekzod akaning o‘g‘li trendga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Equinox haydovchisi bo‘lgan yosh yigitning yo‘l qoidalarini buzib harakatlangani tasvirlangan videosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Videoda yigit “Bekzod akani o‘g‘li bo‘laman, dadam “MVD”da ishlaydi”, degan edi. Olib borilgan surishtiruvlar davomida ushbu qoidabuzarlik 2006 yilda tug‘ilgan yigit tomonidan sodir etilgani aniqlangan.
Yigit va uning onasi bilan olib borilgan suhbatda bolaning otasi hech qanday IIV xodimi emasligi, “O‘zdonmahsulot” AJda ishlashi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan yigitning onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (“bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Equinox avtomobili esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Xalqaro jinoiy sudda Isroil ustidan ish boshlandi
11 yanvar kuni Gaagadagi Xalqaro sudda Janubiy Afrika Respublikasi da’vosi bo‘yicha Isroilga qarshi ishni ko‘rib chiqish boshlandi. Xalqaro sudda 11-12 yanvar kunlari G‘azo sektorida genotsid konvensiyasini buzganlikda ayblanayotgan Isroilga qarshi da’vo yuzasidan tinglovlar bo‘lib o‘tdi.
Isroilning BMT Xalqaro sudidagi delegatsiyasi rahbari, britaniyalik huquqshunos Malkolm Shou yahudiy davlatining G‘azo sektorini doimiy ravishda bosib olish yoki aholisini ko‘chirish maqsadi yo‘qligini aytdi.
Uning iddao qilishicha, Isroil rasmiylari tinch aholi orasida qurbonlar sonini minimallashtirish uchun hamma narsani qilishga harakat qilmoqda, HAMAS esa falastinliklarni tirik qalqon sifatida ishlatib, qurbonlar sonini maksimal darajada oshirishga urinmoqda.
Yahudiy davlatini himoya qiluvchi advokat Gilad Noy Isroil Xalqaro suddan Janubiy Afrikaning “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyaning buzilishi bo‘yicha da’vosini ko‘rib chiqishdan bosh tortishni so‘radi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Janubiy Afrikaning G‘azo sektorida mumkin bo‘lgan genotsid haqidagi ayblovlarini rad etib, ularni ikkiyuzlamachilik deb atadi va uning mamlakati to‘liq g‘alabaga qadar “terrorizm va yolg‘onga qarshi kurashni” davom ettirishini aytdi.
Uning fikricha, Gaagadagi Xalqaro sudda Isroilga qarshi genotsid konvensiyasini buzganligi uchun da’vo arizasi bilan chiqqan Janubiy Afrika rasmiylarining harakatlari ikkiyuzlamachilikdir.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi esa AQSH Isroilni G‘azo sektoridagi genotsidda ayblash uchun qonuniy asos ko‘rmayotganini bildirdi.
“Biz bu ish bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar asossiz, deb hisoblaymiz, Isroilni genotsidda ayblash uchun hech qanday asos yo‘q, deb bir necha bor ta’kidlaganmiz”, deydi Kirbi.
Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, G‘azo sektorida tinch aholi orasida qurbonlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Isroil tomonidan harbiy qonunlar buzilishi alomatlarini ko‘rmayapti.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil G‘azo sektorida sodir etgan harbiy jinoyatlar uchun Xalqaro sud tomonidan hukm qilinishiga umid bildirdi.
“Biz Gaagadagi sud jarayonining adolatliligiga ishonamiz, Isroil u yerda hukm qilinadi. [Yahudiy davlati bosh vaziri Binyamin] Netanyaxuda javobgarlikdan qochish uchun hech qanday dalil qolmagan”, deydi Erdo‘g‘an.
Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabr kuni Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari va “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzganligi yuzasidan Gaagadagi Xalqaro sudga murojaat qilgan. Da’voda suddan Isroilning Genotsid konvensiyasini va undan kelib chiqadigan majburiyatlarni buzadigan barcha harakatlarni darhol to‘xtatishi so‘ralgan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15