Mirziyoyevning armoni, Karimovning “er qidirayotgan” nabirasi, tildan tushmayotgan Administratsiya, “keshbek” uchun quvilgan Isoqjon domla – Hafta tahlili
Tahlil
−
26 avgust 2023
46296Kuz kelyapti kuz, kuz. G‘alvirni suvdan ko‘taradigan payt. Ammo ko‘p sohalarda kuzni kutgandan, o‘sha g‘alvir g‘urg‘urni shu yozning o‘zidayoq ko‘tarib qo‘ya qolindi. Gap nima haqida ketayotganini tushunmayapsizmi? Yaxshisi, Hafta voqealari jamlangan tahlilimiz bilan tanishing.
Saida Mirziyoyeva Prezidentga yordamchi bo‘ldi, Allamjonov esa...
Vaqt shu qadar tez o‘tyaptiki, kechagina sodir bo‘lgan voqealar darrov tarixga aylanib, xuddi ancha avval bo‘lgandek tasavvur uyg‘otyapti, kishida. O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov lavozimidan ozod etilib, Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi. U ketishi bilan lavozimi ham butkul tugatildi.
Tugayotgan hafta davomida ham Prezident Administratsiyasi diqqat markazidan tushgani yo‘q. Umurzoqov ketishi bilan endi Administratsiyani kim boshqaradi degan savol ko‘ndalang turgan edi va asosiy nomzod sifatida allaqachon Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ko‘rilayotgandi. Shunday bo‘lib chiqdi ham. 25 avgust kuni e’lon qilingan o‘zgarishlarga ko‘ra, Saida Mirziyoyeva Prezident yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Yordamchi lavozimi bir emas, ikkita. Bungacha Prezident Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Aziz Mag‘rupov ham endi Prezident yordamchisi maqomi degan nomni tashiydi.
Qolaversa:
• Ravshan G‘ulomov Iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi;
• Sobiq energetika vaziri Alisher Sultonov Energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchi;
• Farg‘onaning sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev Agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi;
• Muzaffar Komilov Din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchi;
• Sirdaryoning sobiq hokimi G‘ofurjon Mirzayev Kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi –Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori;
• Doniyor Qodirov Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchi etib tayinlandi.
Negadir maslahatchi sifatida nomlari e’lon qilinganlar orasida Sardor Umurzoqov va bugungacha Ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimida ishlab kelgan sobiq Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ko‘rinmayapti.
Shuningdek, yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, Prezident Administratsiyasida 6 ta yangi departament ish boshladi. Bular – Axborot siyosati departamenti, Ijtimoiy rivojlanish departamenti, Yoshlar siyosati departamenti, Tashqi aloqalar departamenti, Rejalashtirish va axborot ta’minoti departamenti, Hududlar bilan hamkorlik qilish va tahliliy materiallarni tayyorlash departamenti bo‘lib, ularga mos ravishda Komil Allamjonov, Odil Abdurahmonov, Qahramon Quronboyev, Alisher Payg‘amov, Nodirjon Abdurahimov, O‘tkirjon Qodirov tayinlandi.
Ulug‘bek Qurbonov Prezident protokolining rahbari bo‘ldi. Sherzod Asadov esa Prezident Matbuot kotibi lavozimini o‘zida saqlab qoldi. Saidlaziz Saidkarimov Administratsiya Nazorat inspeksiyasining boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Prigojin o‘ldimi, o‘ldirildimi yo tirikmi?
23 avgust kuni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin va uning safdoshlari o‘tirgan Embraer biznes-jeti Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragani xabar qilindi. Samolyot Moskvadan Sankt-Peterburgga uchib ketayotgan bo‘lgan.
Flightradar 24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot portlashdan oldin 9 daqiqa davomida 8,7 km balandlikda uchgan. Qulashdan oldin esa uchoq o‘zining maksimal, ya’ni 9,1 km balandligiga chiqqan. Keyin 8,3 kmgacha pastlab, yana 8,9 km balandlikka ko‘tarilgan, keyin qulashni boshlagan. Samolyot qulagungacha aniq joyni Flightradar 24 servisiga jo‘natolmagan bo‘lsa ham, tezlik, balandlik, vertikal harakat va avtopilot haqida ma’lumotlarni yetkazib berib turgan.
Rossiya Federal havo transporti agentligi ma’lumotiga ko‘ra, samolyotda 10 kishi, 7 nafar yo‘lovchi va uch nafar ekipaj a’zosi bor edi va ularning barchasi halok bo‘lgan. Agentlik Prigojin va “Vagner”ning hammuassisi Dmitriy Utkin ham halok bo‘lganini tasdiqladi, biroq ushbu xabarlarni dalillovchi hujjatlar taqdim etilgani yo‘q. Tverdagi o‘likxona mutaxassislari go‘yoki kesilgan barmoq va tatiurovkalar orqali jasadlar kimga tegishli ekanini aniqlagan. Shu bois Prigojinning o‘lganiga nisbatan ishonchsizlik davom etmoqda. Shunga qaramay, “Rossiya-24” birinchilardan bo‘lib Prigonjinning halok bo‘lganini xabar qilib, suyunchi oldi.
Rosaviatsiya aviahalokat yuzasidan tekshiruv boshladi. Voqea joyida huquq-tartibot idoralari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari ish olib bormoqda. Tergov Tver viloyati gubernatori Igor Rudenya tomonidan shaxsiy nazoratga olingan.
Ayni vaqtda xalqaro hamjamiyatda turli taxminlar bor. Va ular orasida eng ko‘p jarang sochayotgani Putin nomi. Siyosatchilar va jurnalistlarning fikricha, Prigojin joriy yilning iyun oyida Kremlga qarshi yurish boshlagani uchun Putin tomonidan avval kechirilib, vaziyat o‘nglangach, so‘ng o‘limga hukm qilingan. Shuningdek, halokatni samolyotning nosozligi va uchoqning ichki portlashi bilan bog‘layotganlar ham yo‘q emas. Ammo bu va Prigojinni Zelenskiy o‘ldirdi degan iddaolar asosan rossiyalik siyosatchilar tilidan yangramoqda.
Vladimir Putinning o‘zi esa holatga o‘ta sovuqqonlik bilan yondashib, halokat haqida faqat tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi rahbari vazifasini bajaryotgan Denis Pushilin bilan 24 avgust kuni o‘tkazgan uchrashuvida so‘z ochgan. U avvaliga samolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, so‘ng Prigojin shaxsiga ta’rif bergan.
"Men Prigojinni juda uzoq vaqt, 1990-yillarning boshidan bilardim. U taqdiri og‘ir odam edi. Va u hayotda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi hamda u kerakli natijalarga erishdi – o‘zi uchun ham, men undan bu haqda so‘raganimda, o‘tgan oylarda bo‘lgani kabi umumiy ish uchun ham”, deydi davlat rahbari.
Hali Prigojinning o‘lgani to‘liq tasdiqlanmay turib, Rossiya rasmiylari o‘likxonadagilarning yarimta barmoqqa qarab ochgan follariga ishonib, Yevgeniy Prigojinga aza tutishni boshladi. Xususan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov uning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
"Shubhasiz, u “maxsus harbiy operatsiya”ni o‘tkazishga katta hissa qo‘shgan. Va bu xizmatlarini undan tortib olib bo‘lmaydi. Uning vafoti butun mamlakat uchun katta yo‘qotishdir. Yevgeniy Viktorovichning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman", deydi Ramzan Qodirov.
Xalqaro hamjamiyatda Prigojinning o‘limiga va samolyot halokati shunchaki baxtsiz hodisa ekaniga ishonchsizlik ortib borayotgani fonida Putinni oqlash kampaniyasi boshlab yuborildi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prigojinning samolyoti halokatiga Kremlning aloqadorligi haqidagi ayblovlarni “mutlaqo yolg‘on” deb atadi.
“Hozirda ushbu aviahalokat va samolyot yo‘lovchilarining, jumladan Yevgeniy Prigojinning fojiali o‘limi atrofida ko‘plab taxminlar bor. Albatta, G‘arbda bu taxminlarning barchasi ma’lum bir burchakdan taqdim etiladi. Bularning barchasi mutlaqo yolg‘on. Bu masalani yoritishda faqat faktlarga asoslanish kerak. Agar siz kecha Rossiya Prezidenti [Vladimir Putin]ning bayonotini diqqat bilan eshitgan bo‘lsangiz, u hozirda barcha kerakli tekshiruvlar, jumladan, genetik tekshiruvlar o‘tkazilishini aytdi. Rasmiy natijalar [hozircha] yo‘q. Ular nashrga tayyor bo‘lishi bilanoq chop etiladi”, deydi Putinning voizi.
Jirinovskiyning vafotidan keyin, uning yo‘qligini sezdirmay, Rossiya va uning oliy rahbari Putinning manfaatlarini ko‘z qorachig‘idek himoya qilib kelayotgan, bu uchun hatto qarshisiga butun boshli G‘arb davlatlarini olgan Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko o‘z jigari, akasiga javob bermasa bermaydiki, lekin Prigojinni o‘ldirishdan Putin manfaatdor emasligiga kafil bo‘la oladi.
“Buni kim qilganini ayta olmayman. Men hatto katta akam uchun ham advokat bo‘lmayman. Lekin men Putinni bilaman. U ehtiyotkor, juda xotirjam va hatto yuvosh odam. Shuning uchun men buni Putin qilganini, u aybdor ekanligini tasavvur qila olmayman”, deydi Lukashenko.
Karimovning nabirasi ko‘chada er qidirib yuribdi
Ijtimoiy tarmoqlarda "Mashatilly" taxallusi bilan tanilgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva o‘ziga turmush o‘rtoq kerakligi haqidagi videoni Instagram sahifasiga joyladi.
Unda 24 yashar Maryam Tillyayeva “Er qidiryapman” yozuvli e’lonni qo‘lida ko‘targan holda shahar ko‘chalarida kezib yurgani aks etgan. Bu harakatdan hayratda qolgan, u bilan suratga tushgan va hatto qizni qo‘lidan yetaklagan yigitlar ham topilgan.
Aslida, ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda juda ommalashgan trend bo‘lib, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Maryam Tillyayeva ham shu sababdan videoni suratga olgan. Uning ostiga esa “Nomzodlar qabul qilinadi. Izohlar qoldiring”, deb yozib qo‘ygan.
Kuzatuvchilar tomonidan "Mashatilly"ni qo‘llab-quvvatlovchi va birinchi prezidentning nabirasi sifatida uning bu harakatlarini yoqlamay ham izohlar qoldirilgan.
Xo‘sh, Maryam Tillyayeva kim o‘zi? U O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayevaning to‘ng‘ich qizi. Maryam 1999 yilning 20 yanvar kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. 2021 yilda u rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqqan edi, ammo 2022 yilning iyul oyida ularning munosabati o‘z poyoniga yetgan. Maryam hozirda Toshkentda buvisi Tatyana Karimova bilan istiqomat qilyapti. Vaqti-vaqti bilan Gulnora Karimovaning qizi ham Toshkentga kelib turadi. Maryamning onasi Lola Karimova va otasi Temur Tillyayev esa Islom Karimov vafotidan keyin bolalari bilan mamlakatni tark etib, AQSHdan qo‘nim topgan.
Isoqjon qori “keshbek uchun” jazolandi
Xalq orasida “Ishoqjon domla” nomi bilan tanilgan Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 25 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ichki nazorat komissiyasi tomonidan Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqlardagi bir qator chiqishlari keng muhokama qilingan.
“Har bir savdo molini “keshbek”ka urish kerak, “kassoviy apparat”dan o‘tishi kerak deb, qonun chiqarganlar halqqa, savdogarlarga zulm qilyapti. Solig‘ini oshirib yuborgan. Tadbirkorlar sinib qolyapti”, degan imom ma’ruzalaridan birida.
Bildirishicha, Isoqjon Begmatovning mazkur qarashlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning o‘zboshimchalik bilan aytgan shaxsiy fikridir.
“O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o‘rganilib, “keshbek” kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag‘, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g‘arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan”, deyiladi Musulmonlar idorasi bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, idoraning ichki nazorat komissiyasi avval ham Isoqjon Begmatovning mana shunday chiqishlarini bir necha bor ko‘rib chiqib, uni jiddiy ogohlantirgan, biroq bunday holatlar yana takrorlangan.
Isoqjon Begmatov o‘zining chiqishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini tan olib, pushaymonligini bildirgan. Ichki nazorat komissiyasi qaroriga asosan Isoqjon Begmatov Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etildi.
Isoqjon Begmatovning keshbek haqida aytgan gaplari katta aks-sado berdi. 25 avgust kuni Musulmonlar idorasi raisi – muftiy Nuriddinjon Xoliqnazarov juma namozi mavezasida bilib-bilmay fatvo berib yuborish masalasiga to‘xtalarkan, bugun musulmonlar arzimagan narsalar ustida bahsga kirishib, yuksalish va rivojlanishdan ortda qolayotganini aytdi.
Mirziyoyevning yuragidagi armon – Qorabog‘
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga bordi. Unga rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
Tashrifni Ozarbayjon umummilliy lideri Haydar Aliyev qabrini ziyorat qilishdan boshlagan Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyeva Baku markazidagi Shahidlar xiyoboniga ham borib, 1990 yil Qora yanvar voqealari va birinchi Qorabog‘ urushida qurbon bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston 2020 yilning noyabriga qadar Qorabog‘ mojarosi, Armanistonning Qorabog‘ni kuch bilan egallab olishi, ozar xalqiga nisbatan genotsidga nisbatan munosabat bildirmay kelgan. Ozarbayjon ikkinchi Qorabog‘ urushida g‘alabaga erishgach, O‘zbekiston Qorabog‘ning tiklanishiga o‘z hissasini qo‘shishini bildirdi va buning isboti o‘laroq maktab qurilishini boshladi.
Xo‘sh, Birinchi Prezident Islom Karimov davrida bu boradagi qarashlar qanday edi? Qorabog‘da qachondir maktab qurish u yoqda tursin, bu haqda gapirib ham bo‘lmasdi, matbuot mustamlakaga ko‘z yumib kelgan. O‘sha vaqtlarda Ozarbayjon mehmon bo‘lgan rasmiylarning birortasi Shahidlar maydoniga borib, Qorabog‘ voqealariga O‘zbekistonning munosabatini aks ettirmagan.
Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ozarbayjon rahbarining Bakuda joylashgan “Zug‘ulba” qarorgohida tantanali kutib olindi. Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka muloqot qildi, so‘ng delegatsiyalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish so‘ngida Prezidentlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Shuningdek, davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilingan.
2023-2024 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shular jumlasidan.
O‘zbekiston rahbari Qorabog‘ viloyatining Fuzuliy rayoniga bordi. Fuzuliydagi yangi aeroportda Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasini Ilhom Aliyev turmush o‘rtog‘i Mehribon Aliyeva bilan kutib oldi. Shavkat Mirziyoyevni Yuqorida O‘zbekiston elitasi bugungacha Qorabog‘ haqida umuman gapirmaganiga to‘xtalgan edim. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tirgan Range Rover avtomobilini haydovchi emas, balki Ilhom Aliyevning o‘zi boshqardi. Shu tariqa davlat rahbarlari O‘zbekiston nomidan Fuzuliyda qurilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabga borib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Arman istilosi davrida vayron qilingan Fuzuliy ikki yarim yildirki qayta tiklanmoqda. Mirziyoyevning tashrifidan 4 kun avval bu yerga aholini ko‘chirish boshlandi. Prezidentlar fuzuliyliklar bilan muloqot qildi.
Yuqorida O‘zbekiston siyosiy elitasi hech qachon Qorabog‘ haqida so‘z ochmaganini aytgan edim. Ushbu uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Qorabog‘da erishilgan g‘alabadan xursand bo‘lganini yashirmadi.
Prezidentlar rafiqalari bilan ozar madaniyati va san’atining beshigi bo‘lgan Shusha shahriga ham tashrif buyurib, bu yerda Armaniston tomonidan vayron qilingan, 2020 yilning noyabr oyida erishilgan g‘alabadan so‘ng tiklangan Soatli va Yuqori Gavhar Og‘a masjidlarida bo‘ldilar, tarixiy obidalar, shahar madaniyatini o‘zida aks ettirgan ko‘rgazmalar bilan tanishdilar. Shuni alohida aytish o‘rinliki, Shavkat Mirziyoyev Qorabog‘ qayta Ozarbayjon nazoratiga o‘tganidan buyon bu mintaqaga tashrif buyurayotgan ikkinchi davlat rahbari. Bundan avval Qorabog‘da Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ikki marta mehmon bo‘lgan.
Qorabog‘ Ozarbayjon nazoratiga o‘tgan bo‘lsa-da, hamon vaziyat u qadar maqtangulik emas. Arman Qurolli kuchlari va noqonuniy qurolli guruhlar tomonidan chegarada tez-tez otishmalar sodir etiladi, Ozarbayjon pozitsiyalari o‘qqa tutiladi. Mirziyoyev Bakuga yetib kelishidan bir kun avval Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati va Naxichevan avtonom respublikasidagi pozitsiyasi o‘qqa tutildi. Qolaversa, Armaniston qariyb 30 yil davomida Qorabog‘ mintaqasini minalarga to‘ldirib tashlagan va 2020 yildagi 44 kunlik urushda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da hamon xalqaro talablarni bajarmay, Ozarbayjon tomoniga minalangan hududlar xaritasini bermay kelmoqda. Ushbu hududlarda esa o‘tgan ikki yil ichida ko‘plab harbiylar va jurnalistlar halok bo‘lgan.
Doniyor Toshxo‘jayev “GUVD”ga qaytdi
Polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Bu haqdagi xabarni QALAMPIR.UZ’ga ichshi ishlar idoralaridagi manbalar yetkazdi. Ushbu tayinlov haqidagi xabarlar bir necha ishonchli vakillarimiz tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa-da, Ichki ishlar vazirligi tayinlovdan qariyb 5 kun vaqt o‘tsa ham bu haqda rasmiy axborot bergani yo‘q.
Qayd etilishicha, 2022 yilning fevralidan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan Ulug‘bek Tursunov endilikda faoliyatini Ichki ishlar vazirligida davom ettiradi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ham QALAMPIR.UZ bilan suhbatda tayinlovlar haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi. Biroq Toshkent shahar IIBB saytining rahbariyat bo‘limidan Ulug‘bek Tursunovning nomi o‘chirib yuborilgan.
Polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan davrlarida tilga tushgan. U 2019 yilning iyul oyiga qadar ushbu lavozimda faoliyat yuritdi. Iyul oyida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
2020 yilning 21 yanvar kuni Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimini egalladi. Biroq u ushbu lavozimdan qachon ketgani ma’lum emas, to‘g‘rirog‘i bu haqda jamoatchilikka xabar berilgani yo‘q.
Oxirgi yillarda u Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
O‘zbekistondagi eng qimmat uy auksionda sotildi
O‘zbekistondagi eng qimmatbaho uylardan biri 32 mlrd 619 mln so‘mga sotildi. Xaridor “Mob Group” kompaniyasi. U restoranlar biznesi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Mazkur korxonaning asosiy ta’sischisi Odilbek Mannonov ta’lim sohasidagi kompaniyalarga ham egalik qiladi.
Uy Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Do‘rmon yo‘li yaqinida joylashgan bo‘lib, u 51 xonadan iborat.
Umumiy maydoni 52 sotix bo‘lgan ushbu hovlining sotilishi O‘zbekiston uchun eng yirik turar-joy auksioni bitimi hisoblanadi. E-AUKSION portalidagi ma’lumotga ko‘ra, hovli ichidagi jihozlari, 135 turdagi tovar va moddiy boyliklar bilan sotilgan.
2022 yil boshida ilk bor auksionga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ob’ekti narxi qimmatligi uchun sotilmayotgan edi. Ammo 2023 yilning avgustiga kelib uni sotib olishga qurbi yetadigan topildi.
Qiziq tomoni shundaki, hovli sotilishi haqidagi dastlabki e’lonlarda u O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining 2021 yil 15 apreldagi 91-sonli ijro varaqasi hamda Byuro inspektor S.Ahmedovning 20.12.2021 yildagi qarori bilan auksionga chiqarilgani, buyurtmachi sifatida esa Yunusobod tumani MIB ko‘rsatilgan edi. Biroq O‘zbekistondagi eng qimmat uyning asl egasi kim ekani va nima sababdan MIB qaramog‘iga o‘tgani ochiqlanmagan. Uzunquloq gaplarga qaraganda uy Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari qamoqda saqlanayotgan Shuhrat G‘ulomovga tegishli bo‘lgan.
LiveBarchasi