O‘zbeklarni “o‘ldirayotgan” Rossiya, Mirziyoyevga xat yozgan Bayden, tili ham, o‘zim ham chiqqan Atamboyev, elanayotgan Erdo‘g‘an – Hafta tahlili

Tahlil

Xalqda otgan qolmas baloga, aytgan qolar baloga degan gap bor. Tugayotgan haftada bu gaplarning mag‘zini ko‘p va xo‘p chaqqandekman. Siz ham meni joriy haftada mamlakatda muhokamada bo‘lgan asosiy mavzu – hamkasb jurnalistlar tomonidan gaz O‘zbekiston gaz 35 yilga Rossiyaga tortiq qilingani haqida tayyorlangan jurnalistik surishtiruv to‘g‘risida gapiradi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. QALAMPIR.UZ o‘laroq biz bu mavzuni umuman yoritmaslikka qaror qildik. Surishtiruvni olib borgan jurnalistlar hujjatlarni qayerdan olgani bizga ma’lum emas. Boshqa tomondan Energetika vazirligi yakshanba kuni faqat 5-6 blogerga tashkillagan matbuot anjumaniga biz taklif etilmadik, u hamma uchun ochiq bo‘lmadi. Shu bois rasmiylarning qo‘lidagi dalillar va hujjatlar bilan ham tanish emasmiz. O‘zimiz ko‘zimiz bilan ko‘rmagan narsalar haqida esa ko‘r-ko‘rona axborot berishni lozim topmadik. Xullas, QALAMPIR’ning energetika sohasidagi mashmashalardan yiroq hafta tahlili quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Rossiyaga do‘st davlat deb tan olindi

Tugayotgan haftada O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasiga do‘st davlatlar qatoriga kiritildi. Bu haqda Rossiyaga qo‘shni davlatlar aloqa rejimlarining do‘stona munosabati bo‘yicha yillik monitoring natijalarida aytilgan.

Tadqiqotlar 14 davlatda o‘tkazilib, ulardan sakkiztasi do‘stona, to‘rttasi esa ochiq dushmanlar toifasiga kiritilgan. Dushman davlatlar qatoriga Estoniya, Latviya, Litva va Ukraina kiritilgan. Gruziya va Moldova esa nisbatan do‘stona davlatlar ro‘yxatida qayd etilgan. Belarus reytingning so‘zsiz yetakchisi bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston kabi do‘st davlatlar bilan aloqalar dinamikasi yaxshilangan.

Ammo Armaniston va Qozog‘iston “o‘zgaruvchan rejimlar” guruhiga kirgan. Bu davlatlar bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixi qayta ko‘rib chiqila boshlanadi va kommunikatsiyalarni rivojlantirish shartlari yomon tomonga o‘zgarishi mumkin.

Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishdan bosh tortayotgani va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirayotgani uchun Gruziya bilan munosabatlar yaxshilangani keltirilgan.

“Moldova esa aloqa sharoitlarining yomonlashuvi yo‘lidan bormoqda”, deyiladi tahlilda.

Ukrainaga urushga borgan ikki o‘zbekistonlikning jasadi keldi

Rossiya-Ukraina urushida “Vagner” safida jang qilgan ikki o‘zbekistonlikning jasadi Samarqandda dafn etildi. Garchi dafn marosimi o‘tgan oy o‘tkazilgan bo‘lsada, buning isi joriy haftada chiqdi. 

Rossiya Federatsiyasiga muxojir sifatida borgan asli samarqandlik Bobur Abdumo‘minov va Shahriyor Jalolov Ukraina urushida Rossiya uchun qatnashib, halok bo‘lgan. Ularning jasadi joriy yilning 19 yanvar kuni viloyatning Bulung‘ur tumaniga olib kelingan.

Ular “Ukrainadagi urushda vafot etganlik” to‘g‘risidagi hujjat bilan O‘zbekistonga yuborilgan ilk o‘zbekistonliklar. 

Ma’lum qilinishicha, 23 yoshli Shahriyor Jalolov Rossiyaning qamoqxonalaridan birida xizmat qilgan sobiq mehnat muhojiri.

Samarqand viloyati tibbiyot muassasi tomonidan berilgan hujjatda Shahriyor Jalolovning o‘limiga ko‘p qon yo‘qotishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. Yigitning qarindoshlariga tobut bilan birga o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan. Unda Shahriyor 2022 yilning 16 dekabrida Ukrainaning Donetsk viloyatida vafot etgani qayd etilgan.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Qora kamar qishlog‘idan bo‘lgan 26 yoshli Bobur Abdumo‘minov ham Ukrainada vafot etgan. U ham Rossiyada mehnat muhojiri sifatida bo‘lgan. Yigit sakkiz oy oldin qamoqqa olingan. O‘tgan yili otasi bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Bobur pasport muddati o‘tganligi sababli qamoqda bo‘lganini aytgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur qamoqxonada boshqa mahbuslar singari “Vagner” tomonidan Ukraina bilan urushga jalb qilingan. Xususiy harbiy kompaniya vakillari Boburga Ukrainada atigi bir oy jang qilsa, u oqlanishini hamda o‘z vataniga uch ming dollar bilan qaytishini va’da qilgan.

Namanganda talaba o‘ziga o‘t qo‘ydi 

Namanganda talaba imtihonlarini topshira olmay, qayta topshirishga qolgani uchun o‘zini yoqib yubordi. Oqibatda u vafot etdi. 

10 fevral kuni Farg‘ona viloyatida yashagan, Namangan muhandislik qurilish institutining 3-bosqich talabasi oliygohda 5 ta fandan oraliq imtihonlarni topshira olmagan. Guruh rahbari talabaning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li 5 ta fandan oraliq imtihonlarni topshira olmagani haqida ogohlantirgan.

O‘z navbatida ota o‘g‘liga telefon orqali tanbeh bergan. Shundan so‘ng, talaba ruhiy tushkunlikka tushib, Yangiqo‘rg‘on tumani hududidagi dala-adirlik maydoniga benzin yonilg‘isini olib kelib, o‘zini yoqib yuborgan. Shifokorlar tashxisiga ko‘ra, o‘ziga o‘t qo‘ygan talaba tanasining 50 foizi chuqur kuygan.

Tez-tibbiy muolajalarga qaramasdan, u 13 fevral kuni vafot etgan. Shu kuni Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rahmonov ishni hayfsandan boshladi

Joriy yilning 16 yanvaridan boshlab Jahongir Ortiqxo‘jayevdan qolgan o‘rinni egallab, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajarib kelayotgan 64 yashar Baxtiyor Rahmonov poytaxtning 3 ta tumani hokimiga hayfsan berish haqidagi farmoyishni imzoladi. 

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2023 yil 30 yanvardagi 02-PA 1-1954-sonli xatiga asosan hududda qishga tayyorgarlik hamda uni betalafot o‘tkazish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmaganligi, mahallalarga chiqib, aholi bilan muloqotlar va tushuntirish ishlarini olib bormaganligi uchun Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Turdiyevich Ergashev, Uchtepa tumani hokimi Farhod Ravshanovich Abdullayev va Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abdulxayevich Abduvaliyevga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. 

Gap shundaki, 16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yuqorida nomlari sanalgan uch hokimga “hayfsan” berilgan edi. Rahmonov imzolagan hayfsan bilan Prezident bergan hayfsan alohidami yoki gap bitta hayfsan haqida ketyaptimi, ma’lum emas.

Mirziyoyev Putin bilan telefonda nimani gaplashdi? 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefonda gaplashdi. 

Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan. 

Davlat rahbarlari o‘zaro savdoni ko‘paytirish, yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, qo‘shma Loyihalar ofisi doirasida ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratgani aytilmoqda.

Kreml esa ushbu suhbat tafsilotlariga ko‘p to‘xtalmagan. Putin Matbuot xizmati O‘zbekiston rahbari bilan muloqotni “Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi” deb izohlagan.

Qamoqdan chiqqan Atamboyevning marhum Karimovda nima alami bor?

14 fevral kuni Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev hibsdan ozod etildi va unga davolanish uchun mamlakatni tark etishiga ruxsat berildi. 

2019 yilda o‘z izdoshi Sooronbay Jeenbekov hukmronligi davrida qamoqqa tashlangan Atamboyev, ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita operatsiyani o‘tkazishi kerak. Va u davolanish uchun Ispaniyani tanlagan. Qamoqdan chiqqanining ertasi kuniyoq u o‘g‘li bilan Dubay orqali Ispaniyaga yo‘l oldi. Ammo uning ko‘rinishidan uning qamoqxonada davolab bo‘lmaydigan dardga chalinganiga ishonish qiyin. Atamboyevga ko‘ra, Ispaniya Bosh vaziri uning ozod etilishini qo‘llab-quvvatlagan va o‘z mamlakatiga taklif qilgan.

Qamoqdan chiqqan Atamboyev intervyu berishga ham ulgurdi. Jurnalistlar bilan muloqotda u o‘zidan keyingi Prezident Sooronbay Jeenbekovni Xudoga solganini aytgan. 

“Men uni ta’qib qilmayman va hech narsa qilmoqchi emasman. Xudo uni jazolaydi. Allaqachon jazolayapti ham. Qirg‘izlarda shunday gap bor: “Xudoga soldim”, deydi sobiq Prezident. 

U O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida Kampirobod suv omborini boshqarish va chegara masalalarini hal etish bo‘yicha kelishuvni olqishladi. Bu haqda gapirarkan, mazkur hujjatning qabul qilinishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta ekanini aytdi. 

“Bu tarixiy qaror. Yaxshiyamki qo‘shnilarimizda Prezident Mirziyoyev, Karimov emas. Mirziyoyevning Qirg‘izistonga, Qirg‘iziston xalqiga munosabatini bilaman. Buni qadrlash kerak”, deydi Atamboyev.

Gap shundaki, eskidan Atamboyevning O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan munosabatlari yaxshi bo‘lmagani haqida gaplar yurardi. Biroq, u Karimovga nisbatan ichki tug‘yonini faqat va jilla qursa uning o‘limidan keyin yuzaga chiqara olyapti, xolos. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, Atamboyevning Karimov shaxsiga nisbatan murosasizligi bundan ancha yillar aavval Rossiyada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Islom Karimovning unga bergan tanbehi bilan bog‘liq. 

Boshqa tomondan Qirg‘iziston jamoatchiligi bir qator siyosiy ayblovlar bilan qamalgan Atamboyevning bir kunda bunchalik tez va oson ozod qilinishiga, kamiga xorijga chiqib ketishiga e’tiroz bildirmoqda. Qirg‘izistonlik siyosatshunos Emil Jo‘rayev Atamboyevning qamoqdan ozod etilishi adolatli bo‘lmaganini aytdi. 

Uning fikricha, jamiyat 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq davlat rahbari nima uchun ozod etilganini bilishga haqli. Jo‘rayev Atamboyev qanday sud qilingan bo‘lsa, xuddi shunday tarzda, har qanday huquqiy normalarni buzgan holda ozod qilinganini aytdi. 

“Bu voqeadan Qirg‘iziston xalqi bir narsani ko‘radi: jinoyat va jazo qonun bilan bog‘liq emas”, deydi u.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda Atamboyev 2013 yilda kriminal boshliq Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilingani bilan bog‘liq ish yuzasidan 11 yilu ikki oyga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Bundan tashqari, Atamboyev 2019 yilning 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan tartibsizliklar, korrupsiya va “pul yuvish”, Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish bilan bog‘liq ishlar bilan ayblangan.

2022 yil 16 iyun kuni Atamboyev Bishkekdagi Kalis-Ordo turar-joy massivida maktab qurilishi va Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha oqlangan edi.

2022 yil 28 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Atamboyevni 2020 yil oktyabr oyida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik ishida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlagan.

Tojikiston atrofida tevaragida to‘plangan

ISHID terroristik guruhining afg‘on bo‘limi bo‘lmish “Xuroson viloyati” a’zolari soni 6,5 ming jangarigacha ko‘paydi, ularning 4 ming nafari Tojikiston bilan chegarada, Badaxshon, Qunduz va Taxar viloyatlarida to‘plangan. Bu haqda 14 fevral kuni Rossiya asosiy kuch bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Birlashgan shtab boshlig‘i, general-polkovnik Anatoliy Sidorov ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikka asosiy tahdid Afg‘onistonda ildiz otgan ko‘plab ekstremistik guruhlardan kelib chiqadi. ISHID va “Al-Qoida” eng katta xavf tug‘diradi. 

“Bundan tashqari, mintaqadagi vaziyatning beqarorlashishiga “Tolibon” rahbariyatining milliy va diniy ozchiliklarga zulm qilish siyosati, birdamlikning yo‘qligi va “Tolibon” ichida qarama-qarshiliklarning kuchayishi, iqtisodiy vaziyatning tanazzulga uchrashi va gumanitar muammolarning keskinlashuvi yordam bermoqda”, deydi u.  

Sidorov, shuningdek, nazoratsiz narkotrafik va qurollarning noqonuniy tarqatilishi yuqoridagi omillar bilan birgalikda Afg‘onistonning fuqarolar urushiga qaytish ehtimolini oshirishini ta’kidladi.

Afg‘oniston va Tojikistonga oid boshqa xabarlarimiz ham. Ularga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Turkiya ofatdan omon chiqyaptimi? 

6 fevral kuni Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida 9 soatlik farq bilan sodir bo‘lgan ikki dahshatli zilzila talafotlarini bartaraf etish joriy haftada ham davom etdi. Asr fojiasi nomini olgan zilzilada qurbon bo‘lganlar 40 mingdan, jarohatlanganlar 110 mingdan oshgani xabar qilindi. 

Tadbirkorlar konfederatsiyasi va respublikadagi ishbilarmon doiralar ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyadagi zilzilalar oqibatida mamlakat iqtisodiyotiga 84 milliard dollardan ortiq yoki yalpi ichki mahsulotning 10 foizi miqdorida zarar yetgan. Buning 70,8 milliard dollari turar-joy binolariga tegishli.

Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga ko‘ra, katta miqyosdagi tabiiy ofatlar oqibatlarini Turkiyaning o‘n viloyatida 13,5 million kishi his qilgan. Yer silkinishlari 500 kmlik hududda sezilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, bu zarbalar 500 ta atom bombasi portlashiga teng energiya ajralib chiqdi. 

Turkiya rahbari halokatli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda Turkiyaga yordam berishga shoshilgan barcha davlatlarga minnatdorlik bildirdi. Ushbu og‘ir kunda Turkiyaga uzatilgan yordam qo‘lini unutmasligini aytdi. 

15 fevral oqshomida Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr Turk Respublikasining barcha tele va radio kanallarida hamkorlikdagi jonli efirda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasining zilzilada jarohatlanganlar va qurbonlarga yordam aksiyasi dasturi namoyish etildi. AFAD markaziy binosidan efirga uzatilgan dasturda taniqli aktyorlar va qo‘shiqchilar, boshlovchilar ishtirok etdi va ular qo‘ng‘iroqlarga javob berdi. Hamkorlikdagi jonli efirda yig‘ilgan xayriya miqdori 115,1 milliard liraga (6 milliard 106 million AQSH dollari)ga yetdi. 

Turkiyaga yordam qo‘lini cho‘zayotganlar talay, xayriyalar tinmayapti. Ular orasida o‘zi og‘ir ahvolda kun kechiradigan tilanchi onaxonning borligi esa kishini ham xursand qiladi, ham ko‘p va xo‘p o‘ylantiradi.  Ozarbayjon poytaxti Bakuda yashovchi 67 yashar Sakina Karimova og‘ir moliyaviy ahvolga qaramay, qardosh yurt aholisiga yordam qo‘lini cho‘zdi. 

Uning o‘zi g‘amxo‘r fuqarolar sadaqasiga kun kechiradi, shunga qaramay Turkiyadagi zilziladan jabr ko‘rganlarga yordam berayotganiga achinmaydi. Keksa ayol bir necha kundan beri jamg‘argan 50 manat (taxminan 29,4 AQSH dollari) pulini “Anadolu” muxbiriga topshirib, Turkiya gumanitar tashkilotlari hisobiga o‘tkazishni so‘radi. 

Karimova jurnalistlarga Turkiyadagi falokat zonasidan olingan kadrlarni ko‘rganida kuchli his-tuyg‘ularni boshdan kechirgani aytgan. 

Turkiyadagi vayronkor zilzila odamlarni birlashtirdi, ammo siyosatchilarni emas. Gap shundaki, joriy yil Turkiyada prezident saylovi bo‘lib o‘tishi kerak. U may oyiga rejalashtirilgan. Prezident zilzila va uning talafotlari Erdo‘g‘anning muxolifatchilariga yoqib tushdi chog‘i, muxolifat yordamni chetga surib, Erdo‘g‘anni elakdan o‘tkazish bilan band. 

Turkiya parlamentining sobiq spikeri va sobiq Bosh vazir o‘rinbosari Bulent Arinch may oyida o‘tishi rejalashtirilgan umumiy saylovlarni keyinroq o‘tkazish kerakligini aytdi. Uning fikricha, halokatli zilzilalar fonida mamlakat saylovoldi stressidan qutilishi kerak.

“Fuqarolar saylov uchun emas, hayot uchun kurashmoqda. Ba’zi siyosatchi va jurnalistlar saylovlar may yoki iyunda bo‘lishiga iddao qilib, bahslashmoqda. Xudodan qo‘rqing, vayronalar ostida hali ham jasadlar bor. Saylovchilar topilmasa, qanday qilib saylov haqida gapirish mumkin”, deydi siyosatchi Bulent Arinch.

Amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning nomzodini ilgari surayotgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi esa umumiy saylovlar bilan bog‘liq barcha variantlarni o‘rganib chiqqan holda, uni keyinga qoldirishdan bosh tortmoqda. Aytilishicha, Erdo‘g‘an saylov o‘zi taklif qilganidek 14 may kuni o‘tkazilishidan xavotirda emas. 

Oliy saylov komissiyasi bu jarayonda kelishmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun yer qimirlashi ro‘y bergan joylardan ko‘chib ketgan hamda voqea hududida qolganlarga ovoz berishning barcha qulayliklari yaratilishi ustida ish olib boradi.

Tojikistonda qor ko‘chkisi 18 kishini qurbon qildi

Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida turar-joy binolari ustiga qor ko‘chishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi. 

Voqea oqibatida 35 ta turar-joy binosi va 5 ta maishiy ob’ekt zarar ko‘rgan.

Manbaga ko‘ra, 13 fevraldan 15 fevralgacha Tog‘li Badaxshonda qor ko‘chkisi bilan bog‘liq 27 ta holat qayd etilgan. Aholi xavfli hududlardan xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Jumladan, Vanj tumanida 11 ta, Rushon tumanida 335 ta, Shug‘non tumanida 10 ta, Roshtqal’a tumanida 39 ta, Xorug‘ shahrida 17 ta oila evakuatsiya qilingan. Mamlakat qutqaruv departamenti fuqarolarni yaqin uch kun ichida, 19 fevralgacha qor ko‘chkisi bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. 

Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan ushbu holat ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Imomali Rahmonga qo‘ng‘iroq qilib, ta’ziya bildirdi. 

Navoiy haykalini barbod qilgan “Tolibon”

“Tolibon”ning Afg‘onistondagi tarixiy va madaniy ramzlar bilan uzoq yillik adovatining davomi sifatida 7 fevral kuni Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrining mashhur siyosatchisi, shoiri va olimi Mir Alisher Navoiy haykali buzib tashlandi. 

Mozori Sharif aholisining mahalliy OAVga yo‘llagan suratlarida ko‘rinadiki,  toliblar Navoiy haykali ustidan suvoq tortgan va uning yonidagi tosh bitikka ham zarar yetkazgan. 

Ikki tomoni fors, o‘zbek va ingliz tillarida Alisher Navoiy hayoti va erishgan yutuqlari haqidagi yozuvlari bo‘lgan ushbu haykal Afg‘onistonda respublika hukumatining so‘nggi yillarida qurilgan. Rasmiy Toshkent ushbu harakatni vandalizm deb atadi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Matbuot kotibi o‘laroq ish boshlagan Axror Burxonovning yangi lavozimidagi ilk bayonoti aynan shu mavzuda bo‘ldi.

“Afg‘onistonda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildik. Ushbu masala yuzasidan diplomatlarimiz Afg‘oniston vakillari bilan bog‘landi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan muvaqqat hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosimizga zarar yetkazadi. Afg‘oniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini ma’lum qildilar”, deb yozgan Burxonov. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nahotki, “Tolibon” mamlakatda Navoiyning haykali vayron qilinsa-yu bundan bexabar bo‘lsa. Bizningcha, muvaqqat hukumat Qobul markaziga o‘rnatilgan globusda O‘zbekiston Afg‘onistonga o‘tib qolganidan qanchalik bexabar bo‘lsa, navbatdagi voqeadan ham shunchalik bexabar. 

Sudya pora bilan qo‘lga tushdi

Onangni qozi so‘ksa, dardingni kimga aytasan, deganlari eski tarixda qolgan gap emas. Xalq topib-topib, terib-terib, bilib-bilib aytgan. Bugun odamlar ko‘p hollarda adolat topmayotgani yetmagandek, sudyalar poraxo‘r bo‘lib chiqayotganiga nima deysiz? Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi 16 fevral kuni 4 ming AQSH dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotganda qo‘lga olindi. 

Sudyalar oliy Kengashi xulosasi bilan sudyani jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan va uning sudyalik vakolati to‘xtatilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmagan.

Bayden Mirziyoyevga xat yozdi

AQSH Prezidenti Jozef Bayden O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Maktubda Bayden Mirziyoyevga AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yetakchiligi va shaxsiy intilishi, shu jumladan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. 

“O‘zbekiston bilan iqtisodiyot va energetika masalalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Sizning mamlakatni siyosiy tizimini modernizatsiya va isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlash AQSH uchun ustuvor ahamiyatga ega”, deb yozgan Bayden. 

Shuningdek, AQSH rahbari, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik chuqurlashib borayotgani va erishilgan yutuqlarni 2023 yilda ham yanada ilgari surishga umid qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing