Ukraina haqida gapirgan Mirziyoyev, Piterda bosh ko‘targan o‘zbeklar, urushga befarq O‘zbekiston, o‘lgani aytilgan Mo‘minov – Hafta tahlili

Tahlil

QALAMPIR.UZ’ning ilk maqolalari yozilgan kompyuterni saqlab qo‘yganmiz. Talabalik yillarimda olganman uni. Hozir ancha eskirib qolgan, hatto yonmaydi ham. QALAMPIR.UZ qanday dunyoga kelganiyu eski chorig‘imizni eslatib turadi. Bu hafta “Yuksalish” umummilliy harakati SimilarWeb axborot texnologiyalari kompaniyasi ma’lumotlari asosida QALAMPIR.UZ’ni O‘zbekistondagi internet ommaviy axborot vositalari o‘rtasida so‘nggi ikki yilda barqaror rivojlanayotgan yagona internet nashri sifatida e’tirof etdi. Saytimiz O‘zbekistonda auditoriyaning katta qismiga ta’sir ko‘rsatuvchi va jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi eng ommabop saytlardan ekani aytildi. Tahlillar natijalariga ko‘ra, QALAMPIR.UZ internet-nashri 2020 yildan buyon media makonidagi o‘rnini mustahkamlab olgan.  Saytga kiruvchilar, Telegram kanalidagi obunachilar soni 4 baravarga, Facebook va Instagram’dagi sahifalarimizda esa deyarli 2 baravarga ko‘paygani hisob-kitob qilingan. 

Biz bu kunlarga oson kelmadik, bu yo‘ldan oson yurayotganimiz yo‘q. Ba’zan aytmoqchi bo‘lganlarimizni suratlar va kosa tagida nim kosa gaplar ortiga yashiramiz. Bu esa sizdan yanada ziyrak bo‘lishni talab qiladi. O‘tgan 7 yilda eski chorig‘ini unutmagan QALAMPIR’ning navbatdagi hafta voqealari tahlili bilan quyida tanishasiz.

Ukraina homiysi – Kiyevda

2022 yilning 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, qurolli mojaroning avj olishi butun dunyo mamlakatlari aholisini xavfga soldi. Afsuski, urushda kim g‘olib bo‘lishi haqida ahmoqona bahsga kirganlar ham bo‘ldi. Asosan sobiq sovet ittifoqi davlatlarida Rossiyani qo‘llab-quvvatlab, bir haftada Ukrainaning oyog‘ini osmon qilib yuborishiga “javob” berganlar ko‘p edi. Bir yil o‘tdi, bahslar barham topdi, ammo urush emas. Rossiyaning zarbalari kun sayin qaqshatqich bo‘lib boryapti, qurbonlar soni ko‘paymoqda, energetik muammolar, oziq-ovqat taqchilligi va qimmatchilik urchigandan urchiyapti, bu tarafda Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash ham, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash ham tinmayapti. Odamlar esa alllaqachon Ukraina urushiga ham 10 yillardan buyon vayron bo‘lib yotgan va taassufki, bugun aktualligini yo‘qotayozgan arab davlatlardagi urush yoki Afg‘oniston muammosi qatorida qarashni boshladi. Dunyo Rossiya-Ukraina urushi bilan yashashga o‘rgandi, afsus. 

Joriy haftada bir yil kutilgan voqea sodir bo‘ldi. Ukrainaning bosh homiysi, Rossiyaga qarshi o‘nlab sanksiyalar muallifi AQSH Prezidenti Jozef Bayden joriy hafta to‘satdan Ukrainaga keldi. Aslida o‘tgan hafta uning Polshaga safar qilishi aytilgan edi. Biroq, Bayden Varshavaga kelishdan avval Kiyevda ko‘rinish berdi. U komfortlaridan voz kechib, poyezdda kelgan. Shu kuni Ukraina-Polsha chegarasi uzra osmonda uch nafar Amerika razvedka samolyoti navbatchilik qildi.

Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Rossiyani Prezident Jo Baydenning Kiyevga safari haqida u Amerika poytaxtidan ketishidan bir necha soat oldin xabardor qilgan. 

Prezident Bayden Kiyevga tashrif buyurish haqidagi yakuniy qarorni 17 fevral kuni o‘z yordamchilari bilan uchrashuvdan so‘ng qabul qilgan. Bir necha oy davomida uning maslahatchilari va Pentagon va razvedka xizmatlarining bir nechta xodimlari tashrifni tayyorlash bilan shug‘ullangan. Bayden tashrifga tayyorgarlik,  jumladan ehtimoliy tahdidlarni baholash haqida muntazam ma’lumot olgan. Qayd etilishicha, ushbu tashrifda AQSH harbiylari Kiyevdagi infratuzilmani nazorat qilmagan. Amerika Prezidenti bilan Ukrainaga faqat bir nechta eng yaqin yordamchilari, tibbiyot xodimlari va qo‘riqchilar borgan. 

Baydenning oldindan rasman e’lon bermay Kiyevga kelishi, uning AQSH prezidenti etib saylanganidan beri Ukrainaga ilk tashrifidir. Baydenni Mariinskiy saroyi ostonasida Prezident Vladimir Zelenskiy va uning rafiqasi Yelena kutib olgan. 

Uchrashuvda AQSH rahbari Ukrainaga yangi yordam paketi taqdim etilishini, Rossiyaga sanksiyalar keygaytirilishini va’da qilgan va shu haftaning o‘zida va’dasining ustidan chiqdi. 

Darvoqe, Bayden Kiyevda 5 soat vaqt o‘tkazgan, so‘ng Polshaga ravona bo‘lgan. 

Mirziyoyev ilk bor Ukraina haqida gapirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi marta Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan ikki kunlik tashrif bilan Misr Arab Respublikasiga bordi. Qohira aeroportida O‘zbekiston rahbarini As-Sisining o‘zi kutib oldi. 

Tashrifning asosiy tadbirlari 21 fevral kuni o‘tkazildi. “Al-Ittihodiya” saroyida Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi. 

Prezidentlar O‘zbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldi.

Beshta aniq yo‘nalishda – gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish belgilab olindi. Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga tashrifi doirasida oliy darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni qabul qildi.

Prezidentlar huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Uchrashuv so‘ngida Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdi. Unda O‘zbekiston rahbari Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan bir yil o‘tib ushbu mavzuga to‘xtaldi va shunday dedi: 

“Rossiya-Ukraina bo‘yicha ham juda ko‘p muloqot qildik va qarashlarimiz, yo‘nalishlarimiz birligi tasdiqlandi”.

Rossiya Ukraina urushi boshlanganidan bir yil o‘tib, O‘zbekiston hamon bunga betaraf munosabatda qolayotgani Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan navbatdagi rezolyutsiyada ham o‘z aksini topdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

G‘arbni qoralab charchamagan Putin

Tugayotgan haftaning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Federal Majlisga yillik murojaatini e’lon qildi. Eng qizig‘i, unga na biror xorijiy mehmon va na xorijiy jurnalist kiritildi. 

Putin murojaatnomasida asosan Rossiyaning bugun mintaqada tutgan o‘rni, Ukrainaga bosqindan maqsadi, mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat haqida gapirdi. Murojaatnomasining asosini esa G‘arbga qarshi ayblovlar tashkil qildi. Putinning aytishicha, so‘nggi o‘n yilliklarda G‘arb “shishadan jinni chiqarib yuborgan” va butun mintaqalarni xaosga botirgan.

Davlat rahbari Qo‘shma Shtatlar 2001 yildan keyin boshlagan urushlar oqibatida qariyb 900 ming kishining yostig‘ini qurutgani, 38 milliondan ortiq kishi qochqinga aylanganini urg‘uladi. Va bugun, Putinning ta’biricha, AQSH bularning barchasini insoniyat xotirasidan o‘chirib tashlashga harakat qilmoqda.

G‘arbda esa millionlab odamlar allaqachon elita ularni ma’naviy halokatga yetaklayotganini anglab yetgan. 

Putinning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar “sayyorada tinchlikni saqlash” bo‘yicha fundamental kelishuvlarni bir tomonlama buzgan, xususan, O‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqqan.

Putinga ko‘ra, hozirda G‘arb tomonidan “antiRossiya” yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bugungi kunda Ukraina deb ataladigan tarixiy hududlarni Rossiyadan tortib olishga qaratilgan.

Putin Rossiya “tarixiy yerlaridagi odamlarni himoya qilish, o‘z xavfsizligini ta’minlash va Ukrainaning amaldagi rasmiylari tomonidan tahdidni bartaraf etish uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlaganini aytdi.

O‘zingniki o‘zagingni qirqar deganlaridek, Putin boshlagan urushga, uning “oliy” maqsadlariga Rossiyaning o‘zida ham ishonmaganlar, qarshi chiqqanlar oz emas. Hatto, uning asosan “maxsus harbiy operatsiya” deb nomlanadigan bosqinini qamrab olgan murojaatnomasini jonli efirda qulog‘iga lag‘mon ilib tomosha qilganlar ham topildi. Yana kim deng, Kommunistik partiyadan Samara viloyati dumasi deputati Mixail Abdalkin. 

“Samara viloyati Dumasi raisi o‘rinbosarining iltimosiga binoan Prezidentning ikki soatlik xabarini tingladim. To‘liq qo‘llab-quvvatlayman, to‘liq qo‘shilaman, ajoyib ish. Men so‘nggi 23 yil ichida bunday narsalarni eshitmaganman. Juda hayratdaman”, deya kinoya bilan yozgan deputat ijtimoy tarmoqlarda.

Shuningdek, u o‘z Telegram kanalida Prezident murojaatiga ishonish qiyinligini aytib o‘tgan. 

Bayden Ukraina urushi qancha davom etishini aytdi

Kiyevdan Varshaga kelgan AQSH Prezidenti otashin nutq so‘zladi. Bayden ko‘pchilik o‘rtaga tashlagan savolga javob berdi. Unga ko‘ra, Ukrainadagi mojaro bir yildan ortiq davom etishi mumkin, Ukrainani og‘ir va achchiq kunlar kutmoqda. Baydenga ko‘ra, og‘ir va achchiq kunlar, g‘alabalar va fojialar bo‘ladi, lekin Ukraina bunga tayyor. Shuningdek. Ayni vaziyat Yevropa uchun ham, Amerika uchun ham, NATO uchun ham sinov bo‘lmoqda. 

Shuningdek, AQSH rahbari o‘z chiqishida, Putin murojaatnomasida aytgan G‘arb davlatlari Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqidagi iddaolarga ham javob qaytardi. 

“Rossiya xalqiga yana bir bor murojaat qilaman: AQSH va Yevropa davlatlari Rossiya ustidan nazorat o‘rnatish yoki uni yo‘q qilishga intilmayapti. G‘arb Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirmagan”, deydi u. 

AQSH Prezidentining fikricha, Rossiya Ukrainadagi mojaroga chek qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga, agar Ukraina hozirgi sharoitda Rossiya Federatsiyasidan o‘zini himoya qilishni to‘xtatsa, bu Ukrainaning taqdiriga nuqta qo‘yadi. Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi mojaroda g‘alaba qozona olmaydi. 

Bayden Putinga murojaat qilarkan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash so‘nmasligi, NATO bo‘linmasligi va bundan charchashlariga shubha bo‘lmasligi kerakligini aytdi.
Uning qayd etishicha, AQSHning NATO va 5-moddadagi ittifoqchilari oldidagi majburiyatlari toshga o‘xshaydi. Buni NATOning har bir davlati biladi, Rossiya ham biladi. Ulardan biriga [NATO a’zosiga] hujum qilish hammaga hujum qilish demakdir. Bu NATO hududining har bir qarichini himoya qilishga muqaddas qasamdir.

Tebranayotgan Tojikiston

Zilzila dahshati shu kunlarda butun dunyoni qamrab olgan. Turkiyada sodir bo‘lgan va asr falokati deb aytilayotgan zilzilalarni tarix unutmaydi. Xavf bizga ham uzoq emas. 23 fevral kuni Tojikistonda sodir bo‘lgan 9 ta zilzila xavotirlarimizni yanada kuchaytirdi. 

Bir kunda Tojikistonda Toshkent vaqti bilan soat 05:37, 05:55, 06:06, 06:35, 07:07, 07:18, 11:50 va 13:00 da – sakkiz marotaba 4 magnitudadan yuqori zilzilalar kuzatildi. Xavotirlar biroz tin olib, xotirjam bo‘lgandik hamki, tushdan keyin soat 16:24  da yana bir zilzila sezildi va bu to‘qqizinchisi bo‘ldi. U 5 balldan yuqori edi. Zilzilalar qo‘shni respublikalar, xususan O‘zbekistonda ham sezilgan va bizdagi silkinish 3-4 ballni tashkil etgan. 

Tojikistonda dastlab sodir bo‘lgan zilzila magnitudasi turli manbalarda har xil berilmoqda. Ko‘plab xabarlarga ko‘ra, zilzila kuchi 7 balldan yuqori bo‘lgan. Rus manbalariga ko‘ra, u 7,3 ballni tashkil etgan. 

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilalar epimarkazi tog‘li hududlar, Murg‘ob viloyati va Sarez ko‘li oralig‘idagi cho‘l hududlarida bo‘lgan. Rasmiy va unchalik ishonchsizdek tuyulgan ma’lumotlarga ko‘ra, Zilzila o‘chog‘ida magnituda 5 ballni, chuqurlik esa 10 kilometrni tashkil etgan.

Shuningdek, qo‘mita Sarez ko‘lining monitoringi va erta ogohlantirish tizimi normal ishlayotgani, hech qanday o‘zgarish ro‘yxatga olinmaganini ma’lum qilgan. Tashkilotga ko‘ra, Sarez ko‘liga suv kelishi va uning sarflanishi o‘zgarishsiz qolgan, ya’ni bugungi kunda suv oqimi soniyasiga 39 kub metrni, sarfi esa 45 kub metrni tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Sarez ko‘lida suv toshqini xavfi yuzaga kelishi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Masalan, 2015 yilda Sarez ko‘li hududida 7,3 magnitudali zilzila sodir bo‘lishi oqibatida tog‘ ko‘chkisi va tosh qulashi qayd etilgan edi.

Rossiyaga qarshi bo‘lolmagan O‘zbekiston

Boya O‘zbekiston Rossiya-Ukraina urushida betaraf qolayotgani haqida aytgandik. Gapning sirasi endi keldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 23 fevral kuni Ukraina bo‘yicha maxsus sessiyasi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatga 141 davlat ovoz berdi, 7 davlat qarshi chiqdi. Ular orasida Rossiyaning o‘zi, Belarus, Shimoliy Koreya, Mali, Nikaragua, Suriya va Eritreya bor. 32 davlat, jumladan O‘zbekiston betaraf qoldi. 

Shu bilan birga, ovoz berish jarayonida Belarusning o‘zgartirishlari ma’qullanmadi. Minsk hujjatdan mojaroni boshlash uchun javobgarlik Rossiyaga tegishli bo‘lgan qoidalarni olib tashlashni nazarda tutgandi. O‘zgartirishlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasini Ukrainadan qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqib ketishga chaqiruvchi bandni olib tashlash va Ukrainada kelishuvga erishmoqchi bo‘lmagan Minsk formatidagi davlatlar rahbarlarini qoralashni ham taklif qildi. 

Minsk, shuningdek, rezolyutsiyaga Kiyevga qurol yetkazib berishni taqiqlashni ham taklif qilgan. 

Hujjatga ko‘ra, mojaroning boshlanishi uchun javobgarlik faqat Rossiya zimmasiga tushadi. Matn tomonlarni tinch aholi va mahbuslar oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqiradi. Shuningdek, milliy yoki xalqaro darajada tegishli, adolatli va mustaqil tergov va ta’qib qilish orqali Ukrainada sodir etilgan eng og‘ir jinoyatlar uchun xalqaro huquqqa muvofiq javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidlaydi.

Urushni to‘xtatishning xitoycha usuli yoxud Pekin bir yil o‘tib “uyg‘ondi”

Belarus humdori Aleksadr Lukashenkoning ta’biri bilan ayttganda, xitoyliklar har doim tartibli, ehtiyotkor. Ular kerak bo‘lmagan joyga bormaydilar. Ammo bu hafta Xitoy siyosati uchun juda noodatiy qadamni tashladi. Mamlakat urushga bir yil to‘lgan kunda Ukrainadagi inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha takliflarini e’lon qildi. Eng qizig‘i, bu qadamni bir kun avval aynan Lukashenko bashorat qilgandi. 

Xitoy tomoni taklif qilgan kelishuv rejasi 12 bandni, jumladan, o‘t ochishni va harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiruvni o‘z ichiga oladi

“Barcha tomonlar oqilona va vazminlikni saqlashi, olovga yog‘ sepmasligi, mojaroni kuchaytirmasligi, Ukrainadagi inqiroz atrofidagi vaziyatning yanada keskinlashuvi va nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolishga yordam berishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tiklashi, to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarga erishilgunga qadar vaziyatni bosqichma-bosqich yumshatish va yumshatishga ko‘maklashishi kerak”, deyiladi hujjatda. 

Alohida urg‘ulanishicha, tinchlik muzokaralarini boshlash kerak. Muloqot va muzokaralar – Ukrainadagi inqirozni hal qilishning yagona yo‘li. 

Hujjatga ko‘ra, tinch aholi va harbiy asirlarning himoyasini ta’minlash zarur. Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy asirlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi, barcha tomonlar buning uchun yanada qulayroq sharoit yaratishi kerak 

Xitoy hukumati barcha tomonlarni Qora dengiz orqali o‘tadigan don yo‘lagi orqali oziq-ovqat ta’minotini ta’minlashga va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli qarorisiz Ukrainadagi inqiroz bilan bog‘liq har qanday bir tomonlama sanksiyalarni to‘xtatishga chaqirdi.

Unga ko‘ra, bir tomonlama sanksiyalar va kuchli bosim qo‘llash muammoni hal qila olmasligi bilan birga yangi muammolarni keltirib chiqaradi.

Eng qizig‘i, Xitoyning o‘zi ushbu chaqiriqlarda tomonlarni urushni to‘xtatishga chaqirganu lekin BMTning rezolyutsiyasida urushni boshlagan Rossiyani qoralashdan bosh tortib, urushga nisbatan betaraflar qatoridan o‘rin olgan. Xo‘sh, bu nima ikkiyuzlamachilikmi yo ikkilik standarti? 

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa alyans Xitoyga ishonmasligini aytib chiqdi. Chunki Pekin, hozirgina men aytganimdek, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralamagan. 

“Xitoy taklif qilayotgan tamoyillarga kelsak, birinchidan, Xitoyga ishonch yo‘q, chunki ular Rossiya bosqinini qoralay olmadilar. Va ular bosqindan oldin Rossiya bilan cheksiz do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi”, degan Stoltenberg.

Bundan tashqari, NATO Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatishi mumkin deb o‘ylaydi. Alyans Bosh kotibi ham Xitoyni diqqat bilan kuzatib borayotgani, uning Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘rib chiqayotgani alomatlarini payqaganini aytgan.

Sanksiyalardan ham, Rossiyadan ham “qochib”, O‘zbekistonga kelgan Usmonov

Alisher Usmonov O‘zbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini aytdi. U bu uchun korporativ aktivlar boshqaruvidan ketgan va hatto ko‘plab loyihalarda aksiyador sifatida ishtirokini yakunlagan. Bu haqda u Toshkentda Italiyaning “TGcom24” telekanali jurnalistlariga bergan intervyusida ma’lum qildi. Usmonov tug‘ilgan vataniga – O‘zbekistonga qaytib kelgan.

U o‘zining Putinning odami ekani haqidagi gaplarni butkul rad etdi. U Putin bilan yaqin aloqada emasligini bildirgan. 

“Menda hech qachon bunday aloqalar bo‘lmagan. Men Rossiyada 35 yildan ortiq vaqt davomida yashab keldim. Shu vaqt ichida men yosh talabadan mamlakatdagi eng muhim va badavlat ishbilarmonlardan biri bo‘lishga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tdim”, degan Usmonov.  

U O‘zbekistonni “vatanim”, deb atab, uning manfaatlarini ustun ko‘rishini ta’kidlagan.

U intervyuda urushga munosabat bildirishdan bosh tortgan. U ertami-kechmi mojarolar tugashiga va qonun tiklanishiga umid qilishini bildirgan. Shuningdek, Yevropada hurmat qozonishiga, butun dunyoda tan olinishiga, hayotini behuda o‘tkazmaganiga ishonishini aytgan.

“Kelajakda men odamlarga, insoniyatga, mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikistonga yordam berishga harakat qilaman”, degan milliarder.

“Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonov Rossiyaning eng boy milliarderlari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallaydi. Uning boyligini jurnal 11,5 milliard dollarga baholamoqda.

Biroq o‘tgan 2022 yil Usmonov uchun ancha talafotli bo‘ldi. Milliarder 24 fevraldan beri Ukraina, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining sanksiya ro‘yxatiga kiritildi.

Putin yadro qurolini ishga tushirmoqchimi?

Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi 22 fevral kungi yig‘ilishida Rossiyaning Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomada (START, START-III) ishtirokini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonunni bir ovozdan qabul qildi. 

Hujjat Davlat Dumasiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan taqdim etilgan. Qonun loyihasiga ko‘ra, START faoliyati to‘xtatilgan va Rossiyaning shartnomadagi ishtirokini qayta tiklash to‘g‘risidagi qarorni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti qabul qiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.  

Vladimir Putin kecha, 21 fevral kuni Federal Majlisga murojaat qilib, Rossiya Federatsiyasining shartnomadagi ishtirokini to‘xtatish qarorini e’lon qildi. Prezident Rossiya shartnomadan chiqmayotganini, lekin ushbu hujjatga muvofiq ishni davom ettirish masalasini muhokama qilishga qaytishdan oldin, Rossiya tomoni START nafaqat AQSHning, balki NATOning boshqa yadroviy davlatlari – Buyuk Britaniya va Fransiyaning arsenallarini qanday hisobga olishini tushunishi kerak.

Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Vashingtonni siyosiy iroda ko‘rsatishga, umumiy vaziyatni pasaytirish uchun yaxshi niyat bilan harakat qilishga va shartnomaning to‘liq ishlashini tiklash uchun sharoit yaratishga chaqirdi. 

Bundan tashqari, departamentning aniqlik kiritishicha, Rossiya STARTni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorga qaramay, uning amal qilish muddati davomida shartnomada nazarda tutilgan miqdoriy cheklovlarga rioya qilishda davom etadi.

Bundan tashqari, vazirlikka ko‘ra, Rossiya tomoni Vashington bilan SSSR va AQSH o‘rtasida 1988 yilda tuzilgan tegishli kelishuv asosida qit’alararo ballistik raketalar va suvosti kemalarining ballistik raketalarini uchirish to‘g‘risida bildirishnomalar almashishda ishtirok etishni davom ettiradi. 

Ammo Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning gaplari bunga shamaq qilayotgani yo‘q. Uning telegramdagi sahifasida yozishicha, Vashington Moskvaning mag‘lubiyatini istasa, dunyo global mojaro yoqasida qoladi. Rossiya o‘zini har qanday vosita bilan, jumladan, yadroviy qurol bilan himoya qiladi.

U Putinning Rossiyani jang maydonida mag‘lub etishning iloji yo‘qligi haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirdi va “START-III to‘xtatilishi aynan shu bilan bog‘liq”, deb ta’kidladi.  

“Biz boshqa yadroviy kuchlar – NATO a’zolari: Fransiya va Britaniyaning ham munosabatini kuzatamiz. Ularning strategik yadroviy kuchlari odatda AQSH va SSSR o‘rtasidagi kelishuvlarni tayyorlashda yadro kallaklari va uchiruvchi qurilmalar balansiga kiritilmagan va buni amalga oshirish vaqti yetgan”, deydi u. 

Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Shartnoma, START III – bu Rossiya va AQSH o‘rtasida joylashtirilgan strategik yadro qurollari arsenallarini yanada o‘zaro qisqartirish to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuv.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnomada ishtirok etish to‘xtatilishi munosabati bilan Rossiya harbiy doktrinaga o‘zgartirish kiritishni rejalashtirmayapti.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa 23 fevral kuni mamlakatda “Vatan himoyachilari” bayrami va Ukrainadagi urushning bir yilligi munosabati bilan qilgan murojaatida Rossiya yadroviy qudratini kuchaytirishga e’tibor qaratishini aytdi. Putinga ko‘ra, bir nechta yadro kallaklarini olib yuroladigan “Sarmat” qit’alararo ballistik raketalari joriy yilda birinchi marta ishga tushiriladi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya rahbariyatining mamlakatning Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi shartnomada (START) ishtirokini to‘xtatish haqidagi qarorini xato deb hisoblashini aytdi. 

Abduqodir Mo‘minov tirikmi? 

Tugayotgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda bundan ikki hafta avval hibsga olingan va Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) moddalari bilan ayblanayotgan bloger Abduqodir Mo‘minovning qamoqda vafot etgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Jamotchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan ushbu holatga Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov munosabat bildirib, QALAMPIR.UZ’ga Mo‘minovning tergov paytida vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bloger “tirik va sog‘lom”. 

Shuningdek, uning tirik ekanini Mo‘minovning sobiq advokati Bobur Muqaddamov ham tasdiqlagan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov uning xizmatidan voz kechgan. Buni blogerning yaqinlari ham tasdiqladi. Mo‘minovning onasi o‘g‘lining yoniga yangi advokat kiritilmay, u voz kechgan advokat, Muqaddamov kiritilayotganiga e’tiroz bildirib chiqdi. 

IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ham QALAMPIR.UZ’ga Mo‘minovning o‘limi haqidagi xabarlar “Fake” ekanini aytib, bu mish-mishlar blogerning yaqinlari tomonidan omma e’tiborini tortish maqsadida uyushtirilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, u tahririyat muxbirining “Agar bloger rostdan ham tirik bo‘lsa, buni uning o‘zi, ahvoli haqida batafsil ma’lumot berib, video orqali ma’lum qilishi mumkinmi?” degan so‘roviga barchasi qonuniy amalga oshirilayotgani, advokat u bilan bemalol gaplashishi mumkinligi, tizim har bir mahkumning ahvoli haqida videoma’lumot bera olmasligi bilan javob qaytardi.

O‘zbekiston Suriyaga yordam yubordi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan O‘zbekiston Suriya Arab Respublikasining zilziladan jabr ko‘rgan aholisi uchun insonparvarlik yordami yubordi.

Qariyb 50 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami yuki ro‘yxatiga bolalar va kattalar uchun kiyimlar, maishiy texnika vositalari, chidamli oziq-ovqat konservalari, quruq mevalar, yarim tayyor ovqatlar, chaqaloqlar bo‘tqasi, yopinchiqlar va yostiqlar, gigiyenik vositalar to‘plami singari hayotiy zarur vosita va mahsulotlar kiritilgan.

Insonparvarlik yuki yordami ko‘rinishidagi hayotiy zarur vosita va mahsulotlarni samolyot orqali O‘zbekistondan Suriyaga Favqulodda vaziyatlar, Transport vazirliklarining mas’ul xodimlari yetkazib bergan.

Mirziyoyev prokuratura va SNB tekshiruvlari qaytashini xohlamayapti

Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘pchilik mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyatini cheklash, jurnalistning og‘zini yopish, yana senzurani qaytarishni taklif qiladi. Ammo Prezident bunga rozi emas, chunki avvalgi davrdagi ushbu holatlar mamlakatga foyda keltirmagan. Davlat rahbari bu haqda 24 fevral kuni Qashqadaryoning Qarshi tumanidagi maktabda faollar bilan muloqoti davomida gapirib o‘tdi. U o‘z so‘zida mamlakatda yana SNB va prokuratura tekshiruvlari avj olishidan noroziligini ifoda etdi. 

Yopiq davlat bo‘lib, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlamaganimiz uchun adolatni, xalqning ovozini eshitmadik. Eshitmadik! Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi. To‘g‘ri, menga qiyinroq bunday ishlash. Hamma aytadi: “Ey, yopib qo‘y”. Yo‘q, yopmayman. Yana oldingidek, prokuror, SNB tekshiruvchi bo‘laversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi, birimiz ikki bo‘ldimi?”, deydi davlat rahbari. 

U so‘zida davom etarkan, OAVni do‘st deb bilish muhimligini urg‘uladi. 

“Gapirsin, adolatli gapirsin. Tanqid qilsin, to‘g‘ri tanqid bo‘lsin. Shu qishloqqa, maktabga, ta’limga foydasi bo‘lsa, nur ustiga nur. Men har kuni internetni ham o‘qiyman, kim qanday gapiryapti... Vaqtim boricha, 1-2 soat qo‘limga qalam olib, o‘zimga yozib olaman. Baribir 10 ta fikrdan 9 tasi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi”, deydi Prezident.

Prezident Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga borib, kursantlar bilan tushlik qildi. Hujumchi, qiruvchi, transport samolyotlar, jangovar vertolyotlar ishtirokida harbiy aviatsiya parvozlarini tomosha qildi. Davlat rahbari mutasaddilarga dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, havo mudofaasini yangi pog‘onaga ko‘tarish, tajriba tariqasida uchuvchisiz qurilmalar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. 

Shuningdek, Prezident Qarshidagi supermarketga kirib, narx-navolar bilan tanishgan, do‘konda xarid qilayotgan odamlar bilan muloqot qilgan. 

Do‘kondan olingan kadrlarni ko‘rgan ko‘pchilikning e’tiborini bir narsa tortdi, hatto, videoni yaqinlashtirib ko‘rganlar orasida siz ham bo‘lsangiz kerak. Ko‘pchilik Prezident tashrifi bahonsida do‘kondagi narxlar pasaytirib qo‘yilgan yo yo‘qligi qiziqdi. Ammo narxlar qanday bo‘lsa, shunday turgani e’tibor qozondi. 

Piterda miting uyushtirgan o‘zbeklar

Rossiya Federatsiyasida mehnat qilib, o‘tgan yilning noyabr oyidan beri oylik maoshini olmagan o‘zbekistonlik va tojikistonlik minglab migrantlar Moskvada miting uyushtirdi. 

22 fevral kuni Moskva shahridagi “Srocus Group” qurilish maydonchasida mehnat migrantlari tomonidan norozilik harakati uyushtirilgan. Namoyishga ish haqining o‘z vaqtida to‘lanmagani sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng korxona rahbariyati fuqarolar bilan uchrashib, ularning ishlagan barcha maoshlarini to‘lab berishni va’da qilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi miting oqibatida jarohat olganlar va hibsga olinganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qilgan.

Rossiyada o‘zbekistonlik bilan bog‘liq yana bir holat sodir bo‘ldi. 1972 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik erkak Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida gvardiya xodimini o‘qqa tutdi.

Voqea 24 fevral kuni Sankt-Peterburg markazidagi “Gostiniy dvor” metro bekatida sodir bo‘lgan. Shahar markazigacha taksida kelgan gumondor metroga kiraverishda ovoz kuchaytirgichda musiqa qo‘ygan. Milliy gvardiya xodimlari unga yaqinlashganda, u qurol olib, ulardan biriga qaratib o‘q uzgan.

Keyinchalik u qo‘lga olinib, politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Unga nisbatan “Ichki ishlar organi xodimining hayotiga tajovuz” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, guvohlar  huquqbuzar shishaga o‘xshash tushunarsiz buyumni metro tomon tashlab, yugurib ketgani, politsiyachi uning orqasidan quvib ketganda o‘q ovozi yangraganini aytgan. Metrodan chiqish joyi o‘rab olingan. Jinoyatchining yonidan ikkita qurol va patronlar chiqqan.

Dunyoga xavf solayotgan dard

Bir milliarddan ortiq odam vabo bilan kasallanish xavfi ostida. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vabo va diareya epidemiyasi kasalliklari guruhi rahbari Filipp Barbosa joriy hafta shunday bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, uch mamlakatda kasallikning yangi avj olishi haqida xabar berilgan va ularning soni 22 taga yetgan. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra,  43 mamlakatda 1 milliarddan ortiq odam to‘g‘ridan-to‘g‘ri vabo xavfi ostida. Ayni paytda JSSTning beshta hududida joylashgan 22 shtat vabo tarqalishiga qarshi kurashmoqda. 

Uning eslatishicha, o‘tgan yili 2021 yilga nisbatan 50 foizga ko‘proq mamlakatlar vabo epidemiyasiga duch kelgan. 

Tugayotgan haftada Qozog‘iston boshqa mamlakatlarda vabo tarqalishi sababli chegarada nazoratni kuchaytirdi. Mamlakatga kelgan fuqarolar tekshirilmoqda. Agar chegarani kechib kirganlarda vaboning birinchi belgilari sezilsa, besh kun davomida ularning salomatligi nazorat ostiga olinadi. Mamlakat Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi dunyoning qator mamlakatlarida vabo bilan kasallanish holatlari ko‘payib borayotganini sabab ushbu choralarni e’lon qilgan. 

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istonda so‘nggi 10 yil ichida mahalliy vabo bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. 

Vabo vibrio vabosi qo‘zg‘atadigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Patogen organizmga ifloslangan oziq-ovqat yoki suv bilan kirganda paydo bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing