Davlat tashkilotlari ham yolg‘on ma’lumot tarqatishni to‘xtatishi kerak – AQSHlik kuzatuvchi

Jamiyat

image

“Odamlar istaganini gapira olishi – bu so‘z erkinligi. Lekin so‘z erkinligining ham o‘z chegarasi bo‘lishi kerak. Yolg‘on xabar tarqatish so‘z erkinligi hisoblanmaydi. Xohlaganimni gapirish mumkin ekan, deya qonunlarni buzmaslik va so‘z erkinligining o‘z prinsiplarini unutmaslik zarur”, deya so‘z erkinligi borasidagi o‘z qarashlarini bildirib o‘tdi Kolumbiya universiteti Xalqaro va jamoatchilik munosabatlari maktabi professori Uilyam Eymike.

Kecha, 21 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Dilshod Saidjonov bilan o‘tgan uchrashuvda amerikalik professor Uilyam Eymike jamiyatda OAVning o‘rni va so‘z erkinligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

“Deyarli barcha mamlakatlarda jurnalistika o‘z daromadini reklama orqali topadi. Bunda ular tomonidan berilayotgan ma’lumot qay darajada qiziq, odamlarni o‘ziga jalb qila olayotgani va boshqa masalalar muhim hisoblanadi. Iqtisodiy tarafdan OAVning qo‘llanilishi juda ko‘p davlatlarda bo‘lganidek AQSHda ham muammo hisoblanadi.

Jurnalistika moliyaviy tomonni ustun qo‘yib odamlarga kerakli axborotdan voz kechmasligi kerak. OAVning obro‘si odamlarga noto‘g‘ri va to‘liq bo‘lmagan axborotlar bermaslik orqali oshib boraveradi”, deydi saylov kuzatuvchisi.

Uilyam Eymike shuningdek, davlat tashkilotlarining ma’lumot tarqatishi to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“O‘z o‘rnida, davlat tashkilotlari ham yolg‘on ma’lumotlar tarqatishni to‘xtatishi kerak. Odamlarga boricha ma’lumot berilishi kerak. Mas’ul tashkilot statistikalarni qanday ko‘rsatsa, qolganlar ham buni shunday qabul qiladi. Shu sababli ochiqlik va shaffoflikka asoslangan axborotlar tarqatish tizimini yaratish muhim vazifa hisoblanadi”, deydi professor Uilyam Eymike.

Uilyam Eymike 1949 yil 23 fevralda AQSHda tug‘ilgan. Bir necha yil AQSH Nyu-York shtatining byudjet masalalari bo‘yicha boshqarmasida faoliyat  yuritgan. Bir oz muddat Nyu-York shtati gubernatorining siyosiy masalalar bo‘yicha kotibi lavozimda ham ishlagan. Hozirda Kolumbiya universiteti Xalqaro va jamoatchilik munosabatlari maktabi professori hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Uil'yam Eymike

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar