Davlat tadbirida Turkiston muxtoriyati yodga olinishi nimadan darak?
Jamiyat
−
02 Sentabr 2022
20977O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan joriy yilning 31 avgust kuni mamlakat siyosiy elitasi ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilgan davlat tantanasida ilk bor Turkiston muxtoriyatiga yodga olinib, jadid, mutafakkir, shoir Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?” nomli she’ri bilan kuylangan marsh ijro etildi. Bu o‘tgan 31 yildagi eng muhim va tarixiy hodisa sifatida e’tirof etilmoqda.
Gap shundaki, mustaqillikning dastlabki 25 yilida, Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida O‘zbekiston zaminidan o‘tgan tarixiy shaxslar nomi tiklanib, shahidlar, qatag‘on qurbonlari ma’lum sanalardagina yod etilgan bo‘lsa-da, ularning nomi ko‘pincha tilga olinmas, hayoti, faoliyati, ilmiy izlanishlari xususida tadqiqotlar olib borilmas, bu haqida ortiqcha og‘iz ochilmas edi. So‘nggi besh yilda esa O‘zbekistonda Turkiston, jadidlar degan quloqqa tanish, ammo ancha uzoq bo‘lib ketgan so‘zlar bot-bot chalinadigan bo‘ldi.
Jadidlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan sahna ko‘rinishi davlat tadbiridan o‘rin olishi esa Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston o‘zining yaqin va uzoq tarixini tan ola boshlagani, unga ochiq ko‘z bilan qarayotganidan dalolatdek.
QALAMPIR.UZ’gacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, tantanali marosimdagi ushbu chiqish tashabbuskorlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayter Xayriddin Sultonov bo‘lgan.
Sahna ko‘rinishi avvalida shoir Jumaniyoz Jabborov tomonidan yozilgan jadidlar haqidagi ushbu satrlar o‘qib eshittirildi.
Vale, bu dunyoda oliy hakam bor,
O‘shal qudrat erur mangu ustuvor.Shahidlar bong urib har shom-u nahor,
Bizni ogoh etar, bo‘ling, deb, hushyor.Ular xalqimizga qalqon edilar,
Abadiy barhayot vijdon edilar!
Shuningdek, sahna ko‘rinishida, jadidlar Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Munavvar qori Abdurashidxonov obrazlari gavdalantirilib, Turkiston muxtoriyati yodga olindi. Maydonda “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?” mashri yangradi.
Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?
Saxar vaqtida gullaring so‘ldi.Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Bo‘lmasmi dil shod?Bilmam ne uchun qushlar uchmas bog‘chalaringda?
Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.Qo‘zg‘al, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar!
Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin,
Qullik, asorat – barchasi yonsin.Qur yangi davlat, yovlar o‘rtansin.
O‘sib Turkiston, qaddin ko‘tarsin,Yayrab, yashnab o‘z Vataning gul Bog‘laringda!
Ma’lumot uchun, Turkiston mintaqasidagi dastlabki demokratik hukumat – Turkiston muxtoriyatiga butun Turkiston musulmonlarining 1917 yil 26-28 noyabr kunlari Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan favqulodda 4-qurultoyida asos solingan. Qurultoy Turkiston o‘lkasini Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi. Shuningdek, Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyatni Turkiston Muvaqqat kengashi va Turkiston Milliy [Millat] Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak deb hisobladi.
Kurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan Turkiston muxtoriyati hukumati (8 kishidan iborat) tuzildi. Yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi uchun ularga ham yana 4 o‘rin ajratildi. Hukumat tarkibiga Muhammadjon Tinishboyev (Bosh vazir va ichki ishlar vaziri), Islom Sulton o‘g‘li Shoahmedov (Bosh vazir o‘rinbosari), Mustafo Cho‘qay (tashqi ishlar vaziri), Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (harbiy vazir), Hidoyatbek Yurg‘uli (Agayever va suv boyliklari vaziri), Obidjon Maxmudov (oziq-ovqat vaziri), Abdurahmon O‘razayev (ichki ishlar vazirining o‘rinbosari), S. A. Gersfeld (moliya vaziri) kiritildi. Keyinchalik hukumat tarkibida ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. M. Tinishboyev Apash O‘rda Muxtoriyati faoliyatida qatnashish uchun Orenburgga jo‘nab ketgach (1917 y. dek.), Mustafo Cho‘qay Bosh vazir lavozimini bajarishga kirishdi. I. Shoahmedov moliya vaziri (S. Gersfeld o‘rniga), Potelyaxov oziqovqat vaziri (O. Mahmudov o‘rniga), O. Mahmudov adliya vaziri, Nosirxon To‘ra maorif vaziri, Saidnosir Mirjalilov hukumat xazinachisi lavozimlarini egallashdi. Savodsiz bolshevik komissarlardan farkli ravishda hukumat a’zolari chuqur ma’lumotli taraqqiyparvar ziyolilar bo‘lib, ulardan 5 nafari huquqshunos edi.
Turkiston Millat Majlisi 54 nafar (36 musulmon, 18 yevropalik) a’zodan iborat bo‘lishi kerakligi belgilandi. Qurultoy jarayonida 32 kishidan iborat Millat Majlisi saylandi.
Turkiston muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
O‘lka bolsheviklari Turkiston muxtoriyati hukumatiga katta xavf deb qaradilar.
Turkiston muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko‘rgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiklol uchun kurashga da’vat etdi. Sovet tuzumi davrida Turkiston muxtoriyatining mohiyati soxtalashtirilib, u tor ma’nodagi Qo‘qon muxtoriyati bilan almashtirildi.
LiveBarchasi