Antikorrupsiya agentligi davlat organlarining ochiqlik indeksini e’lon qildi

Jamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kecha, 29 mart kuni davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksini e’lon qildi. Unda esa O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (MTRK), “O‘zavtosanoat” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “Uzbekistan Airport” AJ kabilar eng yomon natijalarni qayd etgan. 

Mazkur reytingda jami 86 ta vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan bo‘lib, ulardan 21 tasi  vazirlik, 14 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, 32 tasi davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda 19 tasi qo‘mita va agentliklardir.

Ular ochiqlik indeksida 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida baholangan va samaradorlik ko‘rsatkichlari 3 toifaga ajratilgan.

71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar - “yashil”;

55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar - “sariq”;

55 balldan past ko‘rsatqich qayd etganlar - “qizil” toifalarga kiritilgan.

“Qizil” toifali, ya’ni 55 balldan kam to‘plagan, ochiqlik darajasi past bo‘lgan davlat organlari qatorida yuqorida sanalganlardan tashqari “Yo‘lqurilish” AJ, “Qishloq qurilish invest” MCHJ IK, “O‘zmaxsusmontajqurilish” AJ, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zsuvta’minot” AJ, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “Toshshahartransxizmat”AJ, kabi davlat ishtirokidagi korxonalar bor.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi yopiq vazirliklar sifatida qayd etilgan.
 
Bundan tashqari, ochiqlik darajasi past deb topilganlar orasida “Aloqabank” ATB, “Poytaxtbank”AJ, “Turonbank” ATB kabi banklar, Andijon, Samarqand va Sirdaryo viloyat hokimliklari, Yoshlar ishlari, Kinematografiya hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Sanitariya-epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bor.

“Sariq” toifadagi, ochiqlik darajasi o‘rta deb baholangan davlat organlari ro‘yxatining eng quyi o‘rinlarida Ichki ishlar vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita turibdi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi ham aynan mana shu pog‘onadan o‘rin olgan.

Indeksda “yashil” pog‘onada turgan eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari Statistika agentligi (89 ball), Bojxona qo‘mitasi (88 ball), Toshkent viloyati hokimligi (83 ball), Xorazm viloyati hokimligi (79 ball) va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati (79 ball) tomonidan qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-154-son Farmoniga muvofiq Baholash komissiyasi qarori asosida “yashil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul xodimlarini rag‘batlantirish, “qizil” toifada baholanganlariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

MTRK “Uzbekistan Airports” AJ “O‘zavtosanoat” AJ “Uzbekistan Airport” AJ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made