Davlat bog‘chalarida “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etiladi
Jamiyat
−
10 yanvar
3324Davlat bog‘chalarida sog‘lom ovqatlantirish tartibi takomillashtiriladi. Bu haqda “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bosqichma-bosqich autsorsing usulida ovqatlantirish tizimiga o‘tkaziladi. Shuningdek, “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etiladi hamda oziq-ovqat xarajatlarining hisobi “Bolalar bog‘chasi” maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritiladi.
Qolaversa, ushbu qarorda davlat bog‘larida tarbiyalanuvchilarni “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida respublika hududlari kesimida bir tarbiyalanuvchi uchun kunlik ovqatlantirish xarajatini belgilash orqali ovqatlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Qayd etilishicha, qaror bilan “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilarning sog‘lom, xavfsiz va sifatli ovqatlanishini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 iyulgacha “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etadi, ushbu sanagacha sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat bog‘chalarida tadbirkorlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishi va autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yildan boshlab bog‘cha xodimlari va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash maqsadida davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi