Dastlabki hisob-kitob: Eron Isroil va AQSH hujumlari ortidan qancha zarar ko‘rdi?

Olam

image

Eron hukumati AQSH va Isroil zarbalari oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini dastlab 270 milliard dollar deb baholadi. Bu haqda mamlakat hukumati rasmiy vakili Fotima Mohajerani ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hali aniq bo‘lmagan, dastlabki hisob-kitoblar bo‘lib, yakuniy raqamlar keyinroq e’lon qilinadi. Baholash bir necha bosqichda amalga oshiriladi: avvalo binolar va infratuzilmaga yetkazilgan zarar aniqlanadi, so‘ngra davlat byudjeti daromadlaridagi yo‘qotishlar va sanoat ob’ektlari faoliyatining to‘xtashi oqibatlari hisoblab chiqiladi.

Eron tomoni muzokaralarda harbiy reparatsiyalar masalasini ham ko‘tarmoqda. Bu mavzu o‘tgan hafta Islomobodda AQSH bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham muhokama qilingan.

Avvalroq, Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy mamlakat yetkazilgan zarar va qurbonlar uchun albatta kompensatsiya talab qilishini bildirgan edi. U Eron urushni boshlamaganini, ammo o‘z “qonuniy huquqlaridan” voz kechmasligini ta’kidlagan.

AQSH 28 fevral kuni Isroil bilan birga Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlagan edi. Eron bunga javoban, jumladan, Fors ko‘rfazi hududidagi AQSH bazalariga zarbalar bergan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu hujumlar AQSH ob’ektlariga taxminan 1,5 milliard dollar zarar yetkazgan.

8 aprel kuni AQSH va Eron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga kelishib oldi, biroq 11 aprel kuni o‘tkazilgan muzokaralar yakunida tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eron hukumati AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasidagi roli uchun besh arab davlatidan kompensatsiya talab qilgandi. Mamlakat tomonidan Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya javobgarlikka tortilishi kerakligi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron kompensatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing