Daromad solig‘idan ozod qilinadigan kontrakt pullari bo‘yicha yosh cheklovi bekor qilindi
Jamiyat
−
29 dekabr 2023
9246Endilikda O‘zbekistonda ota-onalarning har qanday yoshdagi farzandlarining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qishi uchun to‘lagan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur tartib kecha, 28 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan tegishli qonun bilan belgilandi.
Qayd etish joizki, ilgari faqat 26 yoshgacha bo‘lgan farzandlar uchun to‘langan pullardan daromad solig‘i olinmagan. Endilikda esa har qanday yoshdagi farzandining kontrakti uchun to‘langan pullar daromad solig‘idan ozod qilindi.
Shuningdek, quyidagilarga qo‘llaniladigan soliq imtiyozlari 2028 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi:
- O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- O‘zbekistonning norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalari bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlariga foyda solig‘i bo‘yicha 5 foiz miqdorida soliq stavkasi qo‘llaniladi;
- O‘zbekistonning rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan hamda foyda solig‘idan ozod etiladi.
Ushbu Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
Bundan tashqari, qonun bilan Soliq kodeksiga soliq hisobotlarini 3 yil but saqlashga oid o‘zgartirish kiritildi. ilgari soliq hisobotlarini 5 yil but saqlash kerak edi.
Shu bilan birga, kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish taqiqlandi:
- soliq to‘lovchi hududiga kirish;
- soliq to‘lovchi hududi va binolarini ko‘zdan kechirish;
- soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
- soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish.
Biroq qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash (qaytarish) maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi bundan mustasno.
Qonunga kiritilgan yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun 3 yil ichida javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi kerak, 3 yildan keyin shaxs huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas (ilgari 5 yil edi).
Shuningdek, Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, to‘lanishi bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bo‘lmagan bojxona yig‘imlarini bojxona hududida to‘lash belgilandi.
Bildirilishicha, ushbu qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
LiveBarchasi