Dard ustiga chipqon. Sirdaryolik ayollar turli tazyiqlarga uchragani aniqlandi

Jamiyat

image

“Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga psixologik yordam ko‘rsatildi

Kecha, 22 may kuni “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga psixologik yordam ko‘rsatildi. Ushbu tadbirlar “Yuksalish” umummilliy harakati Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorligida olib borildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvlar Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan. Unda jami 38 nafar fuqaro qamrab olingan. Ular bilan yakka tartibdagi konsultatsiyalar va kichik guruhlarda treninglar tashkil etilgan.

“Vaqtincha evakuatsiya qilingan fuqarolar bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar borligi, hattoki shu holatda ham oila a’zolari tomonidan turli darajadagi tazyiqlarga uchrash holatlari aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng ularga shu joyning o‘zida kerakli ma’lumotlar, kelgusida bunday vaziyatga tushmaslik uchun maslahatlar hamda murojaat uchun tegishli muassasalar kontakt telefonlari taqdim etilgan.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvlarni tashkillashtirishda Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Faol hayot” nodavlat notijorat tashkiloti yaqindan ko‘maklashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

862

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing