Daraxtlarni kim, qanday holatlarda kesishi mumkin? Qonunchilik nima deydi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq muammolar tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylanadi. Jamoatchilik noroziliklari va moratoriyga qaramay, daraxtlarni kesish hamon davom etyapti.

Qayd etish kerakki, daraxtlarni kesish doim ham qonunga zid yoki tabiat zarari uchun qilinmaydi. Ba’zi holatlarda daraxtlar chirigani yoki boshqa sabab bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach kesiladi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, qaysi tashkilotlar, qanday holatlarda daraxtlarni kesishi mumkinligi belgilab berilgan. Quyida shular haqida so‘z yuritiladi.

Daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish va daraxtlarni xatlovdan o‘tkazishda vakolatli davlat tashkilotlari quyudagilar:

•    shaharlar va tumanlar markazlaridagi ko‘chalarda — biriktirilganligiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari;
•    boshqa aholi punktlarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari;
•    tashkilotlarning hududlarida — yer egalari;
•    umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida — Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkilotlari;
•    temir yo‘llar bo‘ylarida — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tashkilotlari;
•    daryo, soy, irmoq, kanal, zovur va ariqlar bo‘ylarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari va suv xo‘jaligi organlari;
•    fermer xo‘jaligi yerlarida va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan boshqa yerlarda — yer egalari;
•    zaxira yerlarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Butashdan hosil bo‘ladigan shox-shabbalarni olib chiqib ketish ushbu ishlarni bajargan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Vakolatli organ va tashkilotlar tomonidan daraxtlar va butalarni butalashda ularning o‘sish darajasiga shikast yetkazmasdan, agrotexnika qoidalariga rioya etgan holda butash va  shakl berishlari shart.

Daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish va daraxtlarni xatlovdan o‘tkazishda vakolatli davlat tashkilotlari ustidan fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat nazorati o‘rnatishlari mumkin.

Daraxtlar va butalarni sanitariya maqsadida kesish ular tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari ta’sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan, shoxlari betartib o‘sishi natijasida qo‘shilib ketgan yoki singan, shuningdek, avariya holatida bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.
Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarning shoxlari:

•    quriyotgan yoki qurib qolgan;
•    betartib o‘sishi natijasida hovli, ko‘cha va boshqa jamoat joylarining ko‘rinishini buzib turgan;
•    kasallangan;
•    turli infratuzilmalar faoliyatiga xalaqit berayotgan;
•    shuningdek shamol, qor yoki boshqa tabiiy jarayonlar ta’sirida sinishi natijasida odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda kesiladi.

Agar daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish  Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasidasiga muvofiq

—fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shohruh Olimjonov


Maqola muallifi

Teglar

daraxt

Baholaganlar

130

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing