Daniya Rossiya bilan bog‘liq xakerlarni kiberhujumda aybladi
Olam
−
20:50 282 2 daqiqa
Daniya hukumati Rossiya davlati bilan bog‘liq xakerlik guruhlarini ikki kiberhujumda – biri joriy yil kuzida shahar va mintaqaviy saylovlar paytida, ikkinchisi esa o‘tgan yili suv tozalash inshootiga qarshi uyushtirilgan – ayblamoqda. Bu haqda bugun, 19 dekabr kuni Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, hukumat Rossiya elchisini chaqirishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil oxirida Rossiya tarafdori Z-Pentest xakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan kiberhujum ortidan suv quvurlari yorilib, ayrim turarjoy binolarida suv ta’minoti qisqa muddatga uzilib qolgan.
Ikkinchi hodisa esa joriy yil noyabr oyida Daniyada o‘tkazilgan shahar va mintaqaviy saylovlar arafasida sodir bo‘lgan. Rossiya tarafdori NoName057 (16) guruhi tomonidan da’vo qilingan kiberhujum oqibatida Daniyaning bir qator siyosiy partiyalari, munitsipalitetlari, davlat idoralari hamda mudofaa kompaniyalarining veb-saytlariga kirish imkonsiz bo‘lib qolgan.
Daniya harbiy razvedkasi ma’lum qilishicha, bunday hujumlardan maqsad nishonga olingan mamlakatlarda beqarorlik yaratish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchilarni jazolashdan iborat.
Shuningdek, Rossiyaning kiberoperatsiyalari “G‘arbning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamini susaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ta’sir kampaniyasining bir qismi” ekani ta’kidlangan. AFP agentligiga ko‘ra, Daniya Ukrainaning Rossiyaga qarshi mudofaa urushidagi asosiy tarafdorlardan biri hisoblanadi.
Daniya rasmiylari mamlakatni kiberhujumlardan himoya qilish choralarini kuchaytirishini bildirdi. Jamoat xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik vaziri Torsten Shak Pedersenning aytishicha, har ikki kiberhujum cheklangan zarar yetkazgan, ammo mavjud zaifliklarni oshkor etgan.
Kopengagen hukumati bunday hujumlarga qarshi choralarni kuchaytirish niyatida ekanini e’lon qildi.
“Biz ko‘plab tashabbuslarni ko‘rdik va buni davom ettiramiz, chunki Rossiyaning bunday xatti-harakatlari mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi Poulsen.
U hukumat kibertahdidlarga tezkor javob berish uchun yangi kiberkuzatuv tarmog‘i hamda onlayn operatsiyalar markazi tashkil etilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Daniya ilk bor AQSHni milliy tahdidlar qatoriga kiritmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi