Dam olish kunlari emlash to‘xtatilmaydi – SSV bayramda ko‘riladigan ehtiyot choralari haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
31 avgust 2021 5919 1 daqiqa
O‘zbekiston Mustaqilligi bayrami munosabati bilan 1-5 sentyabr kunlari dam olish kunlari, deb e’lon qilindi. Dam olish kunlariga qaramay, mamlakatda koronavirusga qarshi emlash davom ettiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, aholi bayramni xotirjam, osoyishta, tinchlik-totuvlikda o‘tkazishini ta’minlash maqsadida bayram o‘tkaziladigan joylarda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tunu kun navbatchilik tashkil etiladi.
Xalq sayillari, bolalar ishtirokidagi bayram tadbirlari o‘tkaziladigan va aholi gavjum joylarda tibbiy yordam xizmati tashkillashtiriladi.
Shuningdek, bayram kunlari mamlakatdagi barcha davolash muassasalarida, hududiy oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda belgilangan tartibda bayram kunlari 08:00 dan 20:00 gacha faoliyat ko‘rsatadigan shifokor va hamshiralardan iborat navbatchi brigadalar tuziladi.
Bundan tashqari, shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalari va “tez yordam” xizmati odatdagi tartibda bir maromda uzluksiz ishlaydi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlarda 13 ta filiali, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tizimidagi barcha bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi.
Mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda emlash punktlari faoliyati bayram kunlari ham davom ettiriladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy boshqarmalari bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda karantin qoidalariga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi.
Live
Barchasi