Dalining 150 kilogrammlik shoh asari o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
10:23 738 2 daqiqa
Joriy yil 4 oktyabrdan 5 oktyabrtga o‘tar kechasi Fransiyaning Issuar shahrida noma’lum shaxslar Salvador Dali qalamiga mansub, vazni 150 kg bo‘lgan bronza kitob muqovasini o‘g‘irlab ketdi. Politsiya ularning buni qanday amalga oshirganiga hozircha izoh bergani yo‘q. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Salvador Dali tomonidan yaratilgan “Apokalipsis kitobi”ning bronza muqovasi Issuardagi Zamonaviy san’at markazidan yo‘qolgan. Muqova oltin, qimmatbaho toshlar va chig‘anoqlar bilan bezatilgan.
Klermon-Ferran prokuraturasi asarni “kamyob va betakror” deb atagan hamda uning yuqori qiymatini alohida ta’kidlagan. Birgina muqovaning o‘zi 150 kg, butun kitob esa qariyb 210 kg tosh bosadi.
Jinoyatchilar bu qadar og‘ir buyumni qanday qilib olib chiqib ketgani hozircha noma’lum. Politsiya, shuningdek, ular muzeyni buzib kirishga majbur bo‘lgani yoki yo‘qligi haqida ham xabar bermagan. Issuar meri Bertran Barro bu yo‘qotishni “baholab bo‘lmas darajadagi og‘ir” deb atagan.
“Butun bir umrlik asar edi”, deydi u.
Asar egasi Kristian Karutzos ushbu o‘g‘rilik Fransiyaning madaniy merosiga berilgan zarba bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Ular o‘tgan kecha Fransiyani o‘ldirishdi, ular Fransiya merosini yo‘q qilishdi”, deydi u mahalliy radioga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, “Apokalipsis kitobi” 1958 yilda noshir Jozef Fore tomonidan o‘ylab topilgan edi. Uni yaratishda 14 nafar taniqli rassom va yozuvchilar, jumladan, Jan Kokto, Bernar Byuffe va Jan Jiono ishtirok etgan. Dali ushbu nashr uchun bronza muqovani yasagan. Asarning o‘zi 150 ta yirik pergament varog‘idan iborat. Xattotlik ishlariga qariyb 2 ming soat vaqt sarflangan, 550 ta harf esa oltin suvi yuritilgan holda bajarilgan.
Tergov bilan Klermon-Ferran jandarmeriyasining qidiruv brigadasi shug‘ullanmoqda. O‘g‘rilik Fransiya muzeylariga qilingan qator hujumlar fonida yuz berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Lazur qirg‘og‘idagi Kan-syur-Mer shahrida joylashgan fransuz rassomi Per Ogyust Renuar muzeyiga ikki nafar noma’lum shaxs bostirib kirib, to‘rtta san’at asarini o‘g‘irlab ketgan edi.
Live
Barchasi