Dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun 100 so‘m soliq to‘lanadi

Jamiyat

image

Bugun, 4 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tuman irrigatsiya bo‘limlarining vakolatlari xo‘jaliklararo kanallar bilan cheklangani, suv yetkazish xizmatlari samarali moliyalashtirilmagani va tejamkor uskunalar o‘rnatish tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar fermerlarga jozibali emasligi sababli muammolar kelib chiqmoqda.

Shu bois, Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Unga ko‘ra, tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinadi. Ular ekskavator va boshqa texnikalar bilan ta’minlanadi. Bu sug‘orish tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtiradi.

Shuningdek, barcha sug‘orish tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazish, egalari bo‘yicha biriktirish hamda har birining yagona identifikatsion raqamini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Bildirilishicha, joriy yildan dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 so‘m etib belgilangan. 

“Ko‘pchilikning ongida o‘rnashib qolgan “suv – tekin” degan tushunchani o‘zgartirish vaqti keldi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 2025 yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi. Aksincha holatlarda esa oshiriladi. Shu bilan birga, suv yetkazib berish uchun to‘lovlar bekor qilinadi.

Yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish jozibadorligini oshirish choralari ham ko‘rib chiqilgan.

Qayd etililishicha, buning uchun imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinmoqda. Xususan, kreditlar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14 foizlik stavkada ajratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyihalar uchun esa 10 foiz bo‘ladi. Kredit olishda fermerlardan mol-mulk garovi talab qilinmaydi.

“Kreditlar “onlayn” ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu borada Agrobank tomonidan “Suvkredit.uz” tizimi ishlab chiqilgan. Yana bir muhim tomoni, endi pudratchilarga suv tejovchi texnologiyalarni faqat ishchi loyiha asosida qurish, o‘rnatilgan tizimlarga kamida 2 yillik kafolat berish va kamida 5 yillik servis xizmati ko‘rsatish kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilmoqda. Bu talablarni bajarmaydigan pudratchilar tizimga kiritilmaydi”, deyiladi xabarda.

Bugungi kunda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun 8 million so‘m miqdorida subsidiya beriladi. Shu paytgacha bu mablag‘ning 50 foizi texnologiya o‘rnatilgan yilda, qolgani kelgusi yili uning ishlatilishiga qarab to‘lanar edi. Endi barcha subsidiya mablag‘larini o‘sha yilning o‘zida to‘lab berish belgilanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni ma’qullab, so‘nggi iste’molchigacha bo‘lgan tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, suvni tejash ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda 472 ming gektar yer tomchilatib va 48 ming gektari yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tkazilgan, 97 ming gektarda boshqa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. 649 ming gektar yer lazerli tekislangan. Shunday chora-tadbirlar natijasida birgina 2023 yilda 2 milliard kub metr suv tejalgan. Misol uchun, bu Buxoro viloyatining bir yillik suv sarfiga tengdir.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev suv qishloq xo'jaligi O'zbekison

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing