“Comanchero” xalqaro qurolli jinoiy guruhi yetakchisi qo‘lga olindi
Olam
−
02 noyabr 2023
9895Turkiya politsiyasi Istanbulda “Comanchero” xalqaro qurolli uyushgan jinoiy guruhi yetakchilaridan biri, Avstraliya va AQSH hukumati tomonidan qidiruvda bo‘lgan Hasan Ayiq hamda tashkilotning yana 37 nafar a’zosini qo‘lga oldi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerliqoya X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Istanbulda Hasan Ayiq boshchiligida Avstraliyada joylashgan va butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan “Comanchero” xalqaro qurolli jinoiy tashkilotiga qarshi o‘tkazilgan “Qafas” operatsiyasi davomida 37 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi”, deydi u.
Vazir bildirishicha, sud qarori bilan Ayiq, shuningdek, tashkilotning AQSH, Avstraliya va Yangi Zelandiya tomonidan xalqaro hibsga olishga order berilgan yana yetti nafar yuqori martabali amaldori ushlangan.
Tashkilotning 55 nafar gumonlanuvchiga tegishli taxminan 4,5 milliard turk lirasi (taxminan 160 million dollar)lik mol-mulki ham musodara qilingan. Ushbu aktivlarga bank hisoblari, ko‘chmas mulk, transport vositalari va 22 kompaniyaning aksiyalari kiradi.
Aniqlanishicha, tashkilotga qarashli jinoiy to‘dalar yetakchilari turk va xorijlik tashkilotlar a’zolari bilan birga Turkiyaga kelgan va u yerda jinoiy faoliyatini davom ettirib, Janubiy Amerikadan sotib olingan giyohvand moddalarni Avstraliya, Gollandiya va Gonkongga yetkazishga uringan, shuningdek, pul yuvish bilan shug‘ullangan.
LiveBarchasi