“Coca-cola”dagi davlat ulushiga talabgorlar aniqlandi
Jamiyat
−
09 fevral 2021
8368“Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (keyingi o‘rinlarda - Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha birinchi bosqich yakunlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Birinchi bosqichda kompaniyadagi davlat ulushini sotib olish uchun qiziqish bildirgan talabgorlardan takliflar 2021 yil 15 yanvarga qadar qabul qilindi.
Davlat ulushini sotib olish bo‘yicha Agentlikka va Moliyaviy maslahatchiga Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qit’alari mamlakatlaridan bir qancha talabgorlarning takliflari kelib tushgan.
Talabgorlardan kelib tushgan barcha takliflar O‘zbekiston Respublikasining “Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasini inobatga olgan holda hamda Kompaniya ustavi va uning faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlar talablariga muvofiq, Kompaniyaning ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda ko‘rib chiqilgan. Sotish uchun belgilangan mezonlarga mos kelgan topilgan talabgorlar aniqlangan hamda keyingi bosqichga o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, ushbu talabgorlar bilan muzokaralar jarayoni davlat ulushini sotish bo‘yicha jalb etilgan xalqaro maslahatchilar – “Rothschild & Cie” investitsiya banki (moliyaviy maslahatchi, Fransiya) va “Dentons” yuridik firmasi (yuridik maslahatchi, Buyuk Britaniya) ishtirokida davom ettiriladi.
Mazkur bosqichda talabgorlar bilan Oshkor etmaslik to‘g‘risidagi tegishli bitimlar imzolanadi. Kompaniya to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan Axborot memorandumi, Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari, biznes-rejasi, yuridik, moliyaviy va soliq jihatdan o‘rganish hisobotlari ularga taqdim etiladi.
LiveBarchasi