71 bola shifoxonada. Yana doridan zaharlanishmi?
Salomatlik
−
22 Sentabr 2023
7652Kecha, 21 sentyabr kuni Namangan viloyatining bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Xususan, 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidan 35 nafar, 51-bog‘chadan 20 nafar, 18-bog‘chadan 5 nafar, 36-bog‘chadan 3 nafar, 30-bog‘chadan 2 nafar, 7, 43, 41, 34 va 35-sonli bog‘chalardan 1 nafardan, umumiy hisobda 71 nafar bola tana haroratining ko‘tarilishi, ayrimlarida qorin og‘rig‘i, ich surilishi va qusish shikoyatlari bilan shifoxonaga olib borilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 22 sentyabr kuni tonggi soat 4 da bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda bolalarning holati qoniqarli, ulardan 10 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berilgan. Ammo hali-hanuz vaziyatning sababi ochiqlanmadi.
SSV 15 sentyabr kuni joriy yilning 20 sentyabr sanasidan boshlab Prezidentning tegishli qarori bilan 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar yod preparati bilan bepul ta’minlanishi haqida xabar bergan edi. Voqea esa ushbu tashabbus amalyotga tadbiq etilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Shu sababdan ijtimoiy tarmoqlarda ushbu zaxarlanish holatiga bog‘cha va maktablarga tarqatilgan yod sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda zaharlangan bolalardan ikkitasining onasi bergan intervyu ham tarqaldi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bog‘chada bolalarga "Yodamarin" dori vositasi berilgan. Shundan so‘ng kechga borib ularda zaharlanish alomatlari paydo bo‘la boshlagan.
"Katta farzandimdan nima bo‘ldi, deb so‘rasam, qornim og‘riyapti, deb yig‘lashni boshladi. Birozdan keyin ichi keldi. Katta farzandim "bizga dori berdi", deb aytdi. Keyin tarbiyachisiga telefon qilib, so‘rasam, buqoqqa qarshi "Yodomarin" berishgan ekan. O‘zim ham maktabda ishlayman, maktabda ham bolalarga berdik”, degan bolalarning onasi.
Xo‘sh, bu ma’lumot qanchalik to‘g‘ri? Haqiqatan ham bolalar "Yodamarin" sabab zaharlanganmi? Bu savolga QALAMPIR.UZ bilan suhbatda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova javob berdi.
"Biz bir necha turdagi tahlillarni olib boryapmiz. Qon va siydik tahlillari natijasida biz shuni ko‘rdikki, bolalarda zaharlanish belgilari deyarli yo‘q. Biz ekspertlar guruhi kasalliklarning paydo bo‘lish muddatlari, holatning og‘irlashgani yoki yo‘qligi, klinik belgilarini chuqur tahlil qilib, labarator tahlildagi barcha raqamlarni hisobga olib, aniq diagnozni taqdim etamiz", deydi u.
Yod tibbiy vosita bo‘lgani sababli uni ko‘p iste’mol qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bolalarning zaharlanishiga sabab deb ko‘rsatilayotgan "Yodamarin" dorisining yo‘riqnomasida shunday yoziladi:
Ko‘p qabul qilingan dori qalqonsimon bez faoliyatining buzilishiga, oshqozon-ichak trakti yoki yurak-qon tomir tizimi tomonidan simptomlar paydo bo‘lishiga, hatto, komaga olib keladigan o‘tkir yod bilan zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.
"Umuman yod preparatlarini qabul qilishda tibbiyot tarixida va farmakologiyada asoratlar kuzatilmagan. Faqat birinchi qabul qilayotganda ich ketishi yoki ko‘ngil aynishi holatlari bo‘lishi mumkin", dedi vazir o‘rinbosari.
Elmira Bositxonova dori vositasining me’yordagi dozasi haqida ham gapirdi.
"3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 500 mkgdan haftada bir marta, kuniga 100 mkgdan kamroq, 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ming mkg, kuniga 200 mkgga ham yetib bormaydigan miqdorda beriladi", dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo bo‘ylab 2 milliard odam yod tanqis hududlarda yashaydi. Ulardan 700 millionga yaqini endemik buqoq va ruhiy o‘zgarishlar girdobida qolgan. Yana 50 million kishi aynan yod yetishmasligi bois aqlan zaif. Eng xavotirlisi, maktab yoshidagi 285 million bola yoddan kerakli miqdorda foydalana olmaydi. Ammo hamma ham yodni to‘g‘ri istemol qilish ko‘nikmasiga ega, uning me’yorini aniqlay oladi, deb aytolmaymiz. Zero, bog‘cha tarbiyachilarining hammasi ham hech qursa bir necha oylik tibbiyot kurslarida tahsil olmagan.
Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy ekspertiza va Prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Rasmiylar tomonidan bolalarning zaharlanishiga nima sabab bo‘lgani hali aytilmayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Chust tumanidagi barcha maktab va bog‘chalardan tarqatilgan dori vositalari yig‘ib olingani aks etgan video tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari ushbu holatni dori vositalarining tarkibini tekshirish va ekspertizadan o‘rkazish maqsadida amalga oshirilgan, deya izohladi.
"Bu holatga olib kelgan sabablarni aniqlash uchun tekshiruvlar amalga oshirilishi kerak. Bu huquq-tartibot organlarida va tibbiyotda qilinishm kerak bo‘lgan choralardir. Buning qandaydir g‘ayriodatiy joyi yo‘q", dedi Bositxonova.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, dastlabki tahlil natijalariga asoslanib, bolalarning zaharlanishiga hech qanday dori vositasi sabab bo‘lmagan deyish mumkin.
"Qon va peshob tahlillari organizmda zaharlanish holatlari mavjud emasligini tasdiqlab berdi", deydi u.
Ota-onalarga farzandlariga berayotgan dori vositalariga e’tiborli bo‘lishni, avval uning yo‘riqnomasi bilan tanishish va salbiy ta’siri haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqishni tavsiya qilamiz. O‘zingiz va farzandlaringizni ehtiyot qiling.
Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ'da kuzatib boring.
LiveBarchasi