“Cho‘llashtirish siyosati”: Qarshi shahar hokimligi 47 tup daraxtni kesib tashladi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar hokimligi tomonidan 47 tup daraxt noqonuniy kesib tashlangan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yilning 12 aprel kuni Qarshi shahar “Xontepa” MFY Loyihachilar ko‘chasidagi eski oziq-ovqat ombori hududida har xil turdagi ko‘p yillik daraxtlar qurilish ob’ekti qurish uchun tag qismidan kesib ketilgani aniqlangan. 

Ushbu holatga aniqlik kiritilganda, kesishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasi bo‘lgan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti talablariga zid ravishda qilingani ma’lum bo‘lgan. 

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ijobiy xulosasi olinmasdan, Qarshi shahar hokimligi joriy yilning 25 yanvardagi 05/01-25-sonli daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomasi asosida jami 47 tup har xil turdagi va diametrdagi, xususan, 26 tup virgin archasi, 8 tup shumtol, 2 tup oddiy o‘rik, 3 tup chinor, 1 tup qaroli, 6 tup oq tut daraxtlari tag qismidan, 1 tup qayrag‘och daraxti esa ildizi bilan qo‘porib tashlangan.

“Eng achinarlisi, bu daraxtlar Respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy etilgan moratoriy amal qilib turilgan bir paytda kesilgan”, deyiladi xabarda.

Noqonuniy kesib ketilgan daraxtlar uchun o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Tabiatga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 253 mln 575 ming so‘m deb belgilanib, hujjatlar tegishli organlarga taqdim qilinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

135

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing