Chorvachilikni rivojlantirish uchun 500 million dollar jalb etish lozim – Prezident

Jamiyat

image

2022 yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirish zarur. Bu haqda bugun, 16 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlariga 2 million gektar suvli yer maydonining kamida 10 foiziga beda va chorva ozuqa ekinlarini almashlab ekishni ta’minlash vazifasi qo‘yildi. 

Prezidentga ko‘ra, endi foydalanishdan chiqqan va yangi yerlarni o‘zlashtirish hisobiga yirik chorva komplekslari tashkil etiladi.

Bunda, Qiziltepada 2021 yilda 1 ming gektar cho‘l yerlarini o‘zlashtirib, 2 ming boshli chorva kompleksi va kuniga 40 tonna sutni qayta ishlash sexini ishga tushirgan, 2022 yilda qo‘shimcha 1 ming gektar yerni o‘zlashtirib, yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatgan holda elita urug‘chiligini tashkil etishni rejalashtirgan hamda suv tejash texnologiyasi yordamida arpa va makkajo‘xori kabi ozuqabop ekinlarni oralatib ekkan  “Yangi Asr” chorvachilik xo‘jaligi misoli aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, suvni tejash texnologiyalari yordamida ozuqa ekinlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularga:

•  har bir gektar uchun 8 million so‘m subsidiya beriladi; 

•  xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi;

•  kredit foizining 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi;

•  go‘sht va sut uchun byudjet hisobidan beriladigan subsidiya miqdori 2 baravarga oshiriladi. 

Viloyat va tuman hokimlari yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishda 100 ming aholi bandligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi. Prezident 2022 yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirish zarurligini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing