Chilonzorda IIB xodimi va tadbirkor o‘rtasida tortishuv bo‘ldi

Tahlil

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumanida qurilishi boshlanish arafasida turgan yangi ko‘p qavatli uy-joy binosi bo‘yicha quruvchi-tadbirkor hamda ichki ishlar xodimi o‘rtasidagi bahsli holat yuzaga kelgani tasvirlangan video tarqaldi (https://t.me/davletovuz/16554).

Unda Ichki ishlar xodimi bir qancha aholining yonini olib tadbirkorni o‘rab olingan va daraxtlar ekilgan hududda qurilish ishlarini olib borishiga qarshi chiqqan.

“Sizning uyingiz oldida ham birov uy qursa yoqadimi?” degan ichki ishlar xodimi videoda.

Uning gaplarini esa mahalliy aholi qo‘llab-quvvatlagan. Voqea aks etgan videoni ko‘rib, ko‘plab kuzatuvchilar IIO xodimining bu ishini yoqlagan va xalqning manfaatlarini himoya qilganini olishlagan.

“Shunday Ichki ishlar xodimlari ko‘payaversin, shaharsozlik normalarini o‘ylamasdan, “soqqa qilish” uchun ish qilayotganlarga eng kamida insof bersin”, degan kuzatuvchilardan biri. 

Ishki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ham “agar quruvchining (tadbirkorning) harakatlari fuqarolarning noroziligiga hamda jamoat tartibini buzilishiga olib kelishi xavfi bo‘lsa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlikning oldini olish uchun profilaktika inspektori uning harakatlarini to‘xtatish va tushuntirish talab qilish huquqiga ega” deya yozib chiqdi.

Biroq, bu borada Chilonzor tuman hokimligi hamda Qurilish vazirligi tadbirkorning tarafini olib, uning xatti-harakatlari qonunga zid emasligini aytib, rasmiy munosabat bildirdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimining 2020 yil 9 dekabrdagi tegishli qarori bilan fuqaro M.Mirxo‘jayev nomiga Chilonzor tumani Ko‘tarma mahallasi 10-mavzeda joylashgan 1-, 9- hamda 39-uylar oralig‘idagi 0,10 ga yer maydonida ko‘p qavatli uy-joy binosi qurish uchun ruxsat berilgan. Hujjatlar yig‘ma jildida tegishli davlat idoralarining buyruqlaridan ko‘chirmalar va bayonnomalar mavjud.

“2021 yilning 13 noyabr kuni Ko‘tarma MFY raisi hamda hududga yondosh 1-, 9-, va 39-uylarning vakillari ishtirokida o‘tkazilgan kengash yig‘ilishida quruvchi tashkilot “AT Kvartal Build” MCHJ direktori U.Holiqov tomonidan hududda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, nonvoyxona va keksalar guzari qurib berish bo‘yicha kafolat xati yozib berilgan”, deyiladi Qurilish vazirligining rasmiy bayonotida.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, shu yilning fevral oyida hududda istiqomat qiluvchi aholi o‘z tashabbusi bilan maydonda daraxtlar ekishgan. 
“Aholining bu boradagi fikrini so‘raganimizda esa ular daraxt ekish chog‘ida mazkur hududda qurilish boshlanishidan bexabar bo‘lishganini ma’lum qilishdi”, deyilgan munosabatda.

Chilonzor viloyat hokimligining rasmiy munosabatida esa 2021 yil 20 dekabrda ushbu hududda qurilish ishlari olib borilishi uchun hududda bolalar va sport maydonchalari, qariyalar dam olish shiyponi, avtoturargoh qurish sharti bilan Mahalla fuqarolar yig‘inining bayonnomasi asosida “Ko‘tarma” mahallasi hududidagi 1-, 3-  va 9-uylarda yashovchi fuqarolar roziligi yozma rasmiylashtirilgan.

Videolardagi tasvirlar esa buning aksini ko‘rsatmoqda. Unda aholi vakillarining o‘zi ham tadbirkorga faol qarshilik ko‘rsatgan. 

“Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2021 yil 19 iyuldagi 1726-1726294-24852-sonli Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2022 yil 30 iyundagi 47871-sonli xulosasi olingan”, degan Chilonzor tumani hokimligi o‘z xabarida.

Mazkur vaziyat, shuningdek, deputat Rasul Kusherbayevning ham e’tiboridan chetda qolmagan va uning fikricha, Toshkent shahrida bu kabi berilgan yerlarning qarorlari bekor qilinishi kerak.

“ Daraxt kesishga qarshi moratoriy kuchda bo‘lgan vaqtda hokimiyat fuqaroga qurilish uchun yer bergani aytilmoqda. 
Yer so‘rab ariza bersa hokimiyat ham “ma ol”, deb yer bervoribdi. Yer tilloga teng Toshkentda bu ertakka kim ham ishonardi”, degan deputat.

Davletovuz esa “kvartallar ichida qurilishlar to‘xtatilishi lozim”, deya mazkur holatga fikr bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

270

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing