Chilidagi o‘rmon yong‘inlarida 18 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
19 yanvar 564 2 daqiqa
17 yanvardan buyon Chilida davom etayotgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi, qariyb 20 ming nafar aholi evakuatsiya qilindi. Shuningdek, ko‘plab bedarak yo‘qolganlar bor. Bu haqda mahalliy OAVlarga tayanib “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 18 yanvar kuni tongga qadar o‘t o‘chiruvchilar mamlakat bo‘ylab 24 ta faol yong‘inni o‘chirish bilan shug‘ullangan. Eng yirik yong‘inlar Nuble va Bio-Bio mintaqalarida kuzatilgan. Ushbu hududlar poytaxt Santyagodan taxminan 500 kilometr janubda joylashgan.
“Davom etayotgan jiddiy o‘rmon yong‘inlari sababli Nuble va Bio-Bio hududlarida falokat holatini e’lon qilishga qaror qildim. Barcha zarur resurslar safarbar etilgan”, dedi Chili Prezidenti Gabriel Borich X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Hozirga qadar ikki mintaqada yong‘inlar qariyb 8 500 gektar (21 ming akr) maydonni qamrab olgan. Shu bois rasmiylar aholini majburiy evakuatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Chilining tabiiy ofatlarga qarshi kurash agentligi – “Senapred” ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 20 ming kishi evakuatsiya qilingan, kamida 250 ta uy butunlay vayron bo‘lgan.
Rasmiylar kuchli shamol va yuqori havo harorati kabi noqulay ob-havo sharoitlari yong‘inlarning tez tarqalishiga sabab bo‘layotganini, bu esa o‘t o‘chiruvchilarning vazifasini yanada murakkablashtirayotganini aytdi. Ayni paytda Chili hududining katta qismi jazirama issiqdan aziyat chekmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Chili va Argentina yil boshidan buyon rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlarini boshdan kechirmoqda. Joriy oy boshida Argentinaning Patagoniya mintaqasida ham vayronkor o‘rmon yong‘inlari boshlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gonkong tarixidagi eng halokatli yong‘in haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi