Chilida o‘rmon yong‘inlari avj olmoqda. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
03 fevral
3656Bugun, 3 fevral kuni Chili Prezidenti Gabriel Borich kamida 10 kishining hayotiga zomin bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari tufayli Valparaiso viloyatida favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyat, ayniqsa, 5-hududda, yuqori harorat va shamol tufayli juda qiyin, ammo shuni bilingki, hukumat, o‘t o‘chiruvchilar, Milliy o‘rmon xo‘jaligi korporatsiyasi, politsiya va fuqarolik jamiyati favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun maksimal darajada safarbar qilingan. Men ham barcha zarur resurslarga ega bo‘lishimiz uchun favqulodda holat e’lon qilishga qaror qildim” deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Prezidentning Valparaisodagi vakili Sofiya Gonsalesga ko‘ra, 10 ga yaqin odam o‘rmon yong‘inlaridan vafot etgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 28 kishi kuygan. 7 ming gektardan ortiq maydon yong‘in ostida qolgan. Ayrim hududlardagi fuqarolar evakuatsiya qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 yanvar kuni Chilida o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashayotgan samolyot halokatga uchrashi oqibatida bir kishi vafot etgan edi.