Chiqmagan jondan umid. Rossiya yana AQSHdan kafolat so‘rab maktub yo‘lladi
Olam
−
18 fevral 2022
11072Kremlning “Rossiya xavfsizligini kofolatlash” borasida yo‘llagan talabnomasiga AQSH va NATO inkor mazmunida javob xati yo‘llagan edi.
Ushbu javob xatlaridan qoniqmagan Kreml kecha, 17 fevral kuni AQSHning Moskvadagi elchisi Jon Sallivanga xavfsizlik kafolati bo‘yicha Vashington javobiga “reaksiya” sifatida yozma xat topshirgan. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Rossiyaning AQSH javobiga “reaksiya” tarzida yo‘llagan xati 11 varoqdan iborat.
“Joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilingan AQSH elchisi Jon Sallivanga, Rossiya Federatsiyasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi Rossiyaning shartnoma loyihasiga Amerika tomonidan yo‘llangan javobga nisbatan munosabat bildirildi", deyiladi vazirlik e’lon qilgan bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning AQSH va NATOga yo‘llagan xavfsizlik masalalari bo‘yicha xatida Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishiga imkon bermasligi, NATOning Rossiya ostonasigacha yetib kelmasligi va Sharqiy Yevropaga qo‘shin joylashtirmasligi yuzasidan Kremlning talablari bitilgan edi.
Ammo, Vashington va NATO alyans “ochiq eshiklar” siyosatini qo‘llashi va qaysidir davlatning NATOga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmasligini faqatgina NATOga a’zo davlatlar hal qilishi haqida bildirib, Kremlning talablariga yozma ravishda rad javobini yo‘llagan edi.
LiveBarchasi