Chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbog‘” yaratiladi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2023
4329O‘zbekistondagi chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratiladi. Bu haqda kecha, 11 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda "Yashil makon" kuzgi mavsumini samarali tashkil etish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda o‘rmon xo‘jaliklarida 5 million dona daraxt ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida 20 million tup terak, tut va uzum ekish, bog‘cha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 3,5 million dona ko‘chat ekish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”larni barpo etish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
Shuningdek, unda daraxtlar va yashil hududlarni parvarish qilishni yaxshilash maqsadida obodonlashtirish bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan. Bu borada shahar va tumanlardagi obodonlashtirish xizmatini xususiy sektorga berish, har bir ko‘chani daraxtlari bilan alohida-alohida lot qilib, bir yillik mablag‘i bilan ochiq tanlovga qo‘yish taklifi ham ko‘tarilgan.
Mazkur tartibni dastlab tajribadan o‘tkazib ko‘rish, natijasiga qarab barcha tuman va shaharlarni ushbu tizimga o‘tkazish kerakligi qayd etilgan.
Yig‘ilish davomida hududlar, vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti tinglangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha 85 million tup ko‘chat ekishga topshiriq bergan edi. Unga ko‘ra, bu yilgi “kuzgi daraxt ekish mavsumi”da barcha darajadagi rahbarlar, vazirlar, hokimlar, mahalla faollari, jamoat arboblari, nuroniylar, san’atkor va sportchilar, mashhur blogerlar o‘rnak ko‘rsatishi talab etiladi.