Chetga ishlashga ketib, uylanib olayotgan erkaklar haqida suhbat
Jamiyat
−
30 aprel 2021
8572Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taologa hamdu sanolarimiz, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga salotu durudlarimiz bo‘lsin.
Azizlar, bugungi mavzuimiz erkaklarning chetga pul ishlash uchun chiqib ketayotgani hamda buning oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar haqida. Ko‘pchilikka ma’lumki, bir qancha oilalardan erkaklar pul topish ilinjida chetga, xususan Rossiya va Turkiyaga chiqib ketmoqdalar. Maqsadlari esa ko‘proq pul topish va O‘zbekistondagi ehtiyojlarini qoplash.
Bizga ayollar tomonidan juda ko‘p murojaat va xatlar keladi. Ularda turmush o‘rtog‘i chetda topayotgan pulining ko‘p qismini, ba’zan esa hammasini ota-onasiga jo‘natayotgani va ayol bundan norozi ekanligi aytilgan. Ba’zi erkaklar esa uzoq vaqt mobaynida oilasidan olisda bo‘lganligi uchun o‘sha yerlarda uylanib qolib ketishmoqda. Natijada esa er va xotinning orasi buzilyapti. Avvalo, tavsiya qiladigan narsamiz shuki, har kim shoshilmasdan o‘z rizqini o‘z vatanida topishga harakat qilsin. Chunki Alloh taolo har kimning rizqini o‘z yerida beradi. Oz bo‘lsada qanoat qilish kerak. Axir shuncha odamning turmushi o‘tyapti, uniki ham o‘tadi. Eng asosiysi sabrli bo‘lishdir. Lekin biz ko‘proq sarf-xarajat istaganimiz uchun yuqoridagi kabi holatlar kelib chiqmoqda.
Xo‘p, mayli, bu yerda o‘sha mablag‘ni topa olmayotgan ekan,chetga chiqishga qaror qilibdi. Lekin uning topgan puli qaysi tomonga sarflanadi? Ko‘p hollarda erkakning topgan puli ota-onasining oldi-berdisiga va orzu-havasiga sarflanyapti. Qiynalib topgan pulini shunday narsalarga sarflash yaxshimi?! Erkak qiynalib pul topib kelsa-yu, o‘zi, oilasi va farzandlari uchun ishlatmasdan bir kunda to‘y qilib ko‘kka sovurishi, onasining turli oldi-berdilariga ishlatishi qaysi jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi?! Bu qonuniy tomondan ham, shar’iy tomondan ham to‘g‘ri keladigan ish emas. Shuning uchun to‘ylarni, sarpo degan narsalarni sal bo‘lsa ham tartibga solish kerak.
Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalib o‘tish lozim. Bizda o‘g‘ilni topgani ota-onaniki bo‘lishi kerak degan tushuncha bor. Bu esa hadisni noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida kelib chiqqan. Aslida, hadisi sharifda “Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Sen ham, moling ham otangniki”, deya marhamat qilganlar”, deyilgan. Bu holat otani izzat-ikrom qilish ma’nosida aytilgan. Ya’ni ota farzandiga tegishli narsani undan so‘ramasdan ham olsa bo‘ladi, negaki otaning o‘z farzandida haqqi bor. Shu ma’noda farzand ham, uning moli ham otaniki ekanligi aytilgan. Ammo fiqhiy tomonlama qaraydigan bo‘lsak, farzandning topgani to‘laligicha ota-onaga o‘tib ketishi haqida hech narsa yo‘q. Ota-onaning kundalik ehtiyojlarini ta’minlab berish farzandga vojibdir. Undan ortig‘i, ya’ni topganini olib kelib berish shart emas. Chunki farzand boshqalarning ta’minotini qilishi ham muhimdir. Ya’ni o‘z farzandlari va ahli ayolining ehtiyojlarini ta’minlashi ham muhim.
Ota-onalar o‘z farzandini qiynab, uni uzoq davlatlarga jo‘natib, o‘z oilasidan vaqtincha mahrum qilishi joiz emas. Chetga chiqib ketmoqchi bo‘lgan erkak agar imkoni bo‘lsa, ayoli va farzandlarini ham olib ketishi lozim. Chunki oila bir joyda bo‘lishi kerak. Agar olib keta olmasa, oilasining barcha ta’minotini qilib, keyin yo‘lga chiqishi darkor. Safarga ketganidan keyin esa 6 oydan oshmagan muddatda qaytib kelib oilasidan, ayoli va farzandlari holidan xabar olishi joiz. Ba’zi erkaklar ikki yil, uch yil daraksiz ketyapti. Ortidan ayoli chaqirsa, erkak noto‘g‘ri munosabat bildiradi. Bu shar’an nojoizdir.
Ba’zi erkaklar o‘z farzandi ta’minotidan qochib, uni rafiqasining bo‘yniga yoki rafiqasining yaqinlari zimmasiga tashlayotganini ko‘ryapmiz. Keyin ayol biror kamchiligini, oilada bo‘layotgan yetishmovchiliklarni aytib erining ortidan qo‘ng‘iroq qilsa yoki xabar yuborsa, xotiniga qattiq gapirib, otangnikiga bor, deya janjal ko‘tarishadi. Bu umuman to‘g‘ri emas. Erkak olisda bo‘lsa, ham oilasining ta’minotini qilishi lozim. Bundan tashqari, ayrim erkaklar safarda uzoq muddat bo‘lganidan ayolga nisbatan ehtiyoj sezadi va oilasi bo‘la turib begona ayollar bilan o‘ralashib qolishadi. Natijada esa ikki o‘t orasida qolib na uyog‘ini eplaydi, na buyog‘ini. Eng achinarli yana bir holat borki, chet davlatdan boshqa millat vakiliga uylanib olganidan keyin uydagilari chaqirsa, oilasi chaqirsa, u oilasini ham muallaq qilib vataniga qaytishadi.
Erkak kishining uzoq muddatga o‘z oilasidan olisda bo‘lishi yaxshi emas. Chunki shu vaqt ichida ayolning yomon yo‘llarga kirib ketish ehtimoli bo‘ladi. Farzandlar tarbiyasi parokanda bo‘ladi. Shunday holatlarni ham ko‘ryapmizki, ota uyga qaytib kelgach farzandlari uni tanimaydi. Shu jumladan qizlar tarbiyasida ham otaning o‘rni katta. Bu kabi masalalarga biz jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Alloh taolo barchamizning holatimizni O‘zi isloh qilsin.
Odinaxon Muhammad Sodiq
LiveBarchasi