Chet eldagi fuqarolarimiz yiliga 5,5-6 milliard so‘m yetkazib turishibdi - Bahodir Umurzoqov

Jamiyat

image

Avvallari xorijga ishlashga ketgan insonlar haqida vatanini sevmaydigan, pulni yoqtiradigan shaxslar sifatida qaralgan. Hozir
 bu tushuncha butunlay yo‘qotilmoqda. Bugun, 18 fevral kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov bu haqda fikr bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda mehnat qila oladigan aholi soni 19 milliondan oshib ketdi. Bu umumiy aholi sonining 57.3 foizni tashkil qiladi. Bu ulkan mehnat resursi hisoblanadi. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 51-52 foizni tashkil qiladi. Har yili mehnat bozoriga 700 ming yosh yigit-qiz qo‘shilmoqda. Bu O‘zbekiston uchun katta zaxira sifatida qaraladi. Faqatgina davlat bundan oqilona foydalanishi, mehnat taqsimotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi va yetarli mehnat sharoitini ta’minlashi talab etiladi.

“19 million aholidan 14 million 876 mingi iqtisodiy faol aholi tarkibiga kiradi. Qolgan 4 milliondan ortiq aholi qayerga ketdi degan savol tug‘iladi. Bular uyida o‘tirgan oliy, o‘rta-maxsus va o‘rta ma’lumotli ayollardir. Lekin ba’zilarining eri feodal, ishlashga ruxsat bermayapti. Ana shunday ayollarimizga yangi ish joylari joriy etishimiz kerak. Buning ustida hali ko‘p ishlashimiz lozim bo‘ladi”, deydi Bahodir Umurzoqov.

Umurzoqov shuningdek, avvalgi davrda chetga chiqib ishlagan fuqarolarga salbiy nazar bilan qaralgani, hozirda vaziyat butunlay o‘zgargani xususida so‘zladi.

“Yana bir muammoimiz chetga chiqib ketgan yoshlarimiz bo‘ladi. Hozir 2,5 millionga yaqin yoshlarimiz boshqa davlatlarda ishlashmoqda. Avvallari bu yigit-qizlarimizga pul ketidan quvganlar, bularda vatan tuyg‘usi yo‘q, bularga ota-ona kerak emas, bular o‘zini-o‘zi yaxshi ko‘radigan insonlar sifatida qarardik. Prezidentga rahmat, bu boradagi barcha fikrlarimizni burib tashladi. U kishi mana shu yigit-qizlarimiz bor xavf-hatarni yelkasiga ilib, davlatdan bir tiyin olmasdan, chet elga borib, ishlab kelib, har yili 5,5-6 milliard so‘mni O‘zbekistonga yetkazib turibdi, bularga yordam qilmasak, kimga yordam qilamiz degan savolni qo‘ydi.

O‘tgan yilning o‘zidayoq bu borada 4ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Hujjatlarda ularning ijtimoiy himoyasi, mehnat kafolatlarini belgilash nazarda tutildi. Bularning oilalari qiyin ahvolda yashasa, uy-joy ajratilishi yoki vafot etsa, Respublika jamg‘arma mablag‘laridan olib kelinishi uchun pul ajratilmoqda”, deya vazir o‘rinbosari o‘tgan yilning o‘zida 211 ta yurtdoshimizning jasadi davlat tomonidan O‘zbekistonga qaytarilganini esga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

146

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing