“Chelsi” kriptovalyuta kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi

Sport

image

Londonning “Chelsi” futbol klubi “WhaleFin” kriptovalyuta kompaniyasi bilan qiymati 20 million funt sterling bo‘lgan (24,4 million dollar) homiylik shartnomasini imzoladi. Bu haqda “Financial Times” o‘z  manbasiga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, homiylik shartnomasi Angliya Premer ligasining keyingi mavsumidan boshlab kuchga kiradi. Klubning kriptovalyuta aktivlari platformasi bilan taxminiy kelishuvi shu yilning yanvar oyida tuzilgan edi. Bu kelishuv “Chelsi” xo‘jayini Roman Abramovichning klubni sotuvga qo‘yish va Buyuk Britaniya hukumatining tadbirkorga qarshi sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qaroridan oldin tuzilgan edi.

“Chelsi” jamoasi matbuot xizmati xabar qilganidek, amerikalik ishbilarmonlar Todd Boeli, Mark Valter, shveysariyalik milliarder Xansyorg Biss va “Clearlake Capital”  investitsiya kompaniyasidan iborat sarmoyadorlar “aristokrat”larni sotib olish shartlarini kelishib oldi. 

Boeli konsorsiumi "Chelsi"ni 4 milliard funt sterlinggacha (taxminan 5 milliard dollar) sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Bu kelishuvni Buyuk Britaniya hukumati va Angliya Premer ligasi ma’qullashi kerak. Sanksiyalar Abramovichning klubni sotish rejalarini to‘sib qo‘ygan.  Buning uchun maxsus litsenziya talab qilinadi va uni berish shartiga ko‘ra, rossiyalik tadbirkorning o‘zi jamoani sotishdan hech qanday mablag‘ ololmaydi.

Tadbirkor Roman Abramovich “Chelsi”ni 2003 yilda sotib olgan. Klub 2022 yilning mart oyida 4 milliard dollarga sotuvga qo‘yildi va jamoa ustidan nazorat uning xayriya jamg‘armasi vasiylariga topshirildi.

Rossiyalik ishbilarmon boshqaruvi davrida klub besh marta Angliya chempioni, besh marta Angliya kubogi sohibi, uch marta Angliya liga kubogi va ikki marta mamlakat Superkubogi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, rossiyalik milliarder qo‘li ostida “aristokratlar” Yevropa Chempionlar ligasi (2012, 2021) va Evropa ligasi (2013, 2019) g‘olibi hisoblanadi. Qolaversa, 2021 yilda jamoa UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Chelsi

Baholaganlar

9

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing