Chexiyada oliy martabali ruhoniy narkotik bilan qo‘lga tushdi

Olam

image

Chexiyaning Karlovi Vari shahrida mitropolit (bir nechta cherkov hududi ustidan rahbarlik qiladigan yuqori martabali ruhoniy) Ilarion avtomobili politsiya tomonidan to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Hodisa davomida mashina salonidan oq rangli modda solingan to‘rtta kichik konteyner topilgani aytilmoqda. Bu haqda RBK xabar berdi.

Mitropolit Ilarion ushbu moddalarga aloqadorligini qat’iyan rad etgan. U o‘z bayonotida bunday ayblovlar mutlaqo asossiz ekanini bildirib, vaziyatni provokatsiya deb atagan hamda o‘z nomi va obro‘sini himoya qilish uchun barcha huquqiy choralarni ko‘rishini ma’lum qilgan.

Himoya tarafining bildirishicha, avtomobil yo‘l harakati qoidalarini buzgani sababli emas, balki oldindan rejalashtirilgan maxsus tekshiruv doirasida to‘xtatilgan bo‘lishi mumkin. Advokatlar politsiya mashinani shoshilinch tarzda to‘xtatgani, aniq asoslar darhol tushuntirilmagani va tekshiruv jarayonida ayrim protsessual tartiblar buzilganini iddao qilmoqda.

Shuningdek, himoya vakillari avtomobil yo‘lda ikki politsiya mashinasi tomonidan kuzatilganini, ulardan biri oldinda, ikkinchisi orqada harakatlanganini ta’kidlashgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar tekshirilgan, biroq yo‘l harakati qoidabuzarligi bo‘yicha aniq da’vo bildirilmagan.

Advokatlar tintuv jarayonida mitropolitga avtomobilni to‘liq kuzatish imkoniyati berilmagani, u yonilg‘i quyish shoxobchasidagi do‘konga olib kirilganini ham qayd etgan. Shuningdek, ular tekshiruv vaqtida guvohlar yoki video qayd etish bo‘lmaganini ham shubhali holat sifatida ko‘rsatmoqda. Ular avtomobilning ichki qismi emas, asosan yukxona qismi tekshirilganini, shaxsiy buyumlar esa to‘liq ko‘zdan kechirilmaganini bildirgan.

Mitropolit Ilarion esa tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini, biroq ishning to‘liq, mustaqil va shaffof tekshiruvdan o‘tkazilishini talab qilayotganini aytgan. U topilgan moddalarning kelib chiqishi va tarkibi faqat ekspertiza orqali aniqlanishi kerakligini ta’kidlagan.

Hozirda topilgan oq rangli modda yuzasidan laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda. Rasmiy tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov natijalari ushbu moddalarning asl tabiati va voqeadagi har bir tomonning rolini aniqlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada musulmonlar diniy boshqarmasining ikki muftiysi hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Ulardan biri poraxo‘rlikda, ikkinchisi esa politsiyaga bo‘ysunmaslikda gumon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Chexiya avtomobil' narkotik Ilarion

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing