Chegara va anklavdagi mahallalarga e’tibor sustligi tanqid qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli e’tibor qaratmayapti. U yerlarga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanib, mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis ob’ektlari tashkil qilinsa, 50 ming xonadonning daromadi ko‘payadi. Bu haqda bugun, 19 noyabr kuni Prezident raisligida o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, So‘x daryosining Sarikanda, Rovon, Istiqlol mahallalari hududidan o‘tgan 5 kilometr qismida kurort zona va ko‘ngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyoh keladi. Buning hisobiga 200 ta oilaning daromadi oshadi.  

Yig‘ilishda agar har bir hokim 563 ta mahallada ishni shu tartibda yo‘lga qo‘yib, kamida 100 ming odamni band qilsa, 25 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi aytildi.   

Umuman, kelgusi yilda bu mahallalardagi aholi turmushida vaziyat keskin o‘zgarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.  

Ushbu mahallalarda dam olish va servis ob’ektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion so‘m resurs ajratish topshirildi.

Sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish bo‘yicha 500 ta mahalla tanlab olingan. Viloyat hokimlariga yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazib, kanal qirg‘oqlari va yo‘l chetini tekislab, tadbirkorlik loyihalari uchun sharoit yaratish topshirildi.  

Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha kredit berishni yo‘lga qo‘yadi.  

Kelasi yilda bu loyihalar hisobiga 50 ming nafar odamni doimiy daromadli qilish muhim ekani qayd etildi.  

Yig‘ilishda aholining daromadi oshishi bilan ovqatlanish, turizm, savdo xizmatlariga talab ko‘payib, shu yilning o‘zida 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushgani, ularda 11 ming xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ish boshlagani, 27 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlangani aytildi.

Hokimlar kelgusi yilda bunga qo‘shimcha 1 mingta mahallani bog‘laydigan yana 200 ta ko‘chani tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan.  

Bir oyda aniq “yo‘l xaritasi”ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir ko‘cha uchun 4 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi  Buning hisobidan 25 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing