Chavusho‘g‘li guvohligida Lavrov-Kuleba muzokaralari boshlandi
Olam
−
10 mart 2022
8072Bugun, 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li o‘rtasida uchrashuv boshlandi.
Bu ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining Ukrainada Rossiya Qurolli kuchlari harbiy harakatlar boshlaganidan keyin o‘tkazayotgan ilk muzokarasi.
Kuleba va Lavrov o‘rtasidagi uch tomonlama formatdagi muzokaralar Antaliyada uchinchi Diplomatik forum doirasida bo‘lib o‘tmoqda.
Rossiya va Ukrainaga vositachilik taklif qilayotgan Anqara ham Moskva, ham Kiyev bilan yaxshi munosabatda.
Ushbu uchrashuv oldidan Kuleba, bundan avvalgi muzokaralarda Qrim va Donbass masalasi muhokama qilinganiga izoh berar ekan, Ukraina “muzokaralarga biror narsani taslim qilish istagi bilan yondashish imkoniyatiga ega emasligini” ta’kidlagan.
Uch tomonlama uchrashuv oldidan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li Lavrov va Kuleba bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Ukraina tashqi idorasiga ko‘ra, vazirlar Ukrainadagi mojaroga barham berish choralarini muhokama qilgan.
“Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbarining Turkiyaga amaliy tashrifi chog‘ida” bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha qadamlarni muvofiqlashtirdi”, deyiladi xabarda.
Ukraina diplomatiyasi rahbari, shuningdek, Ukrainaga siyosiy va gumanitar yordam uchun Turkiyaga minnatdorlik bildirgan.
Muzokaralar yakunida vazirlar ikkita alohida matbuot anjumani o‘tkazishlari mumkin.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq vazirlarning bo‘lajak uchrashuvi Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokara jarayoni uchun juda muhim ekanini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi