Chashma bulog‘i to‘liq Qirg‘iziston balansiga o‘tkazildi – Tashiyev
Jamiyat
−
04 iyun 29896 2 daqiqa
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida avval bahsli bo‘lgan hudud – Chashma bulog‘i rasman va to‘liq Qirg‘iziston Respublikasi balansiga o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 26 may kuni Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi Aydarken shahriga tashrifi davomida aholi bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Tashiyev buloqning suv resurslaridan avvalgidek har ikki davlat tomonidan birgalikda foydalanishini ta’kidladi. Mahalliy aholiga hududlarni delimitatsiya va almashish jarayonlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Biroq O‘zbekiston tomoni bu borada birorta rasmiy bayonot e’lon qilgani yo‘q.
Qayd etish joiz, 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.
Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.
“So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.
Chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi.
24 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev raisligida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va unda Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarining yoqalashishiga sabab bo‘lgan “Chashma” bulog‘idan endi ikki tomon ham birgalikda foydalanishiga kelishildi.
Live
Barchasi