Chak Norris 86 yoshida vafot etdi
Olam
−
21 mart 4654 2 daqiqa
Amerikalik aktyor, jang san’ati ustasi Chak Norris 86 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda “Variety” uning yaqinlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aktyor kecha, 20 mart kuni oila a’zolari davrasida vafot etgan. O‘lim sababi rasman ochiqlanmagan. Xorijiy OAVning qayd etishicha, gap sog‘lig‘ining to‘satdan yomonlashishi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Chak Norris jangari filmlar va teleseriallar yulduzi sifatida dunyoga mashhur bo‘lgan. Uning eng taniqli ishlari sirasiga Bryus Li bilan birga suratga tushgan “Ajdarho yo‘li” filmi, shuningdek, “Jasur Uoker: Texascha adolat” (Walker, Texas Ranger) seriali kiradi.
U karate bo‘yicha ko‘p karra chempion bo‘lgan, “Chun Kuk Do” deb nomlangan shaxsiy jang san’ati tizimiga asos solgan va uzoq yillar davomida ekshn janrining eng taniqli siymolaridan biri bo‘lib qolgan.
So‘nggi yillarda aktyor faol turmush tarzini olib borgan, mashg‘ulotlari bilan bo‘lishgan va ommaga kam ko‘rinish bergan. Bundan tashqari, u internetda ommalashgan “Chak Norris haqidagi faktlar” (Chuck Norris facts) memlari qahramoniga aylanib, “yengilmas” qahramon obrazini mustahkamlagan edi.
Ma’lumot uchun, Chak Norris 1940 yil 10 martda AQSHda tug‘ilgan. Harbiy havo kuchlarida xizmat qilgan, shundan so‘ng jang san’atlari va kinodagi faoliyatini boshlagan. Eng katta mashhurlikka 1980–1990 yillarda jangari filmlar va teleseriallardagi rollari orqali erishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Oskar” mukofoti sohibi, “Cho‘qintirgan ota” filmi yulduzi Robert Dyuval 96 yoshida vafot etgan edi.
Live
Barchasi