Chaqirilgan mehmon. AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Toshkentga kelyapti

Jamiyat

image

AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod kecha, 9 iyul kuni xorij safariga yo‘l oldi. U Qatar, Pokiston va O‘zbekistonda bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni AQSH Davlat departamenti ma’lum qildi.

“Maxsus vakil Halilzod Toshkentda O‘zbekiston Hukumati tomonidan tashkil etiladigan mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etadi”, deyiladi xabarda. Xalilzodning O‘zbekistonga tashrifi bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmagan. 

Umuman olganda, AQSHning maxsus vakili tashrif davomida Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida “diplomatiya va tinchlik kelishuviga erishishga qaratilgan qat’iy harakatlarni davom ettirish” niyatida. 

“AQSHning tinchlik jarayonini doimiy qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida u (Zalmay Halilzod) mintaqaviy va xalqaro manfaatdor tomonlar bilan [Afg‘onistonda] siyosiy kelishuv bo‘yicha konsensusni yanada ilgari surish ustida ish olib boradi”, deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova kecha, 9 iyul kuni TIV rahbari Sergey Lavrovning 15-16 iyul kunlari Toshkentga ishchi safari bilan tashrif buyurishi hamda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etishini aytgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

42

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing