Tramp Markaziy osiyodan muhim qazilmalar oladigan bo‘ldi – C5+1 sammiti

Tahlil

Markaziy Osiyo Prezidentlari AQSHda jam bo‘ldi. Mintaqa va uning markazidagi O‘zbekiston uchun 2025 yil G‘arb davlatlari, jumladan AQSH bilan munosabatlarda tarixga kirdi. Ilk bor C5+1 formatida AQSH Prezidenti Markaziy Osiyo rahbarlarini Oq uyda qabul qildi. Bu tarixiy yig‘in formatning 10 yillik yubileyi sharafiga o‘tkazildi. Salkam bir oy oldin ikki AQSH kongressmeni Trampga Markaziy Osiyo Prezidentlarini Oq uyga taklif qilish, mintaqa bilan munosabatlarni kuchaytirib, yangi darajaga olib chiqishni so‘rab xat yozgandi. Ko‘p o‘tmay Tramp bu so‘rovni e’tiborsiz qoldirmay, 5 davlat yetakchisini Vashingtonda qarshi oldi. Bungacha Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili, O‘zbekistonda tug‘ilgan Serjio Gorni O‘zbekiston va Qozog‘istonga yuborib, ko‘plab masalalarni kelishib olgandi. 

AQSH prezidenti sifatida Jo Bayden 2023 yil 19 sentyabrda ilk marta Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazgandi. Ammo bu BMT sessiyasi fonida o‘tgandi. Shu bois navbatdagi yig‘in qaysidir siyosiy tadbir arafasida emas, balki alohida tashkillashtirilgan holda Oq uyda o‘tgani bois qolganlardan farq qiladi. 

Ma’lumki, C5+1 formati 2015 yilda ilk bor tashkil etilgan. Bu AQSHning Markaziy Osiyoning beshta davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorligi uchun ko‘p tomonlama platforma hisoblanadi. Dastlab faqat Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida o‘tkazilgan bu yig‘inlar Prezidentlar darajasiga chiqishi uchun uzoq yillar kerak bo‘lgan. Bundan tashqari, C5+1'ning AQSH bilan bo‘ladigan yig‘inlari Markaziy Osiyo uchun Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Yaponiya yoki boshqa yirik davlatlar bilan o‘rnatilgan aloqalardek jiddiy emas edi. Hozir ham ko‘pchilik bu format hali ham Prezidentlar darajasida Markaziy Osiyoning u yoki bu davlatida o‘tmaganiga urg‘u bermoqda. Xitoy, Rossiya va boshqa kuchli o‘yinchilar C5+1'ni Markaziy Osiyoda ko‘p bor o‘tkazgan. Masalan, YeI bilan ham shu formatdagi ilk yig‘in joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tdi.

Shunga qaramay, bundan buyog‘iga AQSH va Markaziy Osiyo orasi oldingidek uzoq bo‘lmasligi borasida ishoralar yetarlicha. AQSH rasmiylari buni Oq uydagi uchrashuv arafasida alohida ta’kidladi. Trampning o‘zi ham Markaziy Osiyoning salohiyati juda katta ekani, buni ko‘pchilik bilmasligini aytdi. Serjio Gor ham buni bir necha bor urg‘uladi. Shunday qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqin do‘stlari davrasida endi dunyoning eng qudratli mamlakati, yer sayyorasining 100 yillik yalovbardori AQSH ham rasman mavjud.

Mirziyoyev va To‘qayev maydon markazida

AQSHdagi mahalliy vaqt bilan 6, O‘zbekistondagi vaqt bilan esa 7 noyabr kuni Markaziy Osiyo liderlari birin-ketin Oq uyga tashrif buyurdi. Ungacha esa Shavkat Mirziyoyev va Qosim Jo‘mart To‘qayev ancha katta hajmdagi kelishuvlarni hal qilib qo‘ygandi. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston deyarli barcha soha va industriya uchun muhim bo‘lgan qator minerallar bo‘yicha AQSH bilan bitimlar tuzdi. Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev ishtirokida Qozog‘iston Sanoat va qurilish vaziri Ersain Nagaspayev hamda AQSH Savdo vaziri Hovard Latnik ikki o‘rtada kritik minerallar borasidagi shartnomaga imzo chekdi.

Shavkat Mirziyoyevning bitimlar doirasi esa ancha keng ko‘rinish oldi. O‘zbekiston Prezidenti Vashington shahriga amaliy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSH Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovichni qabul qildi. Bu bank hukumatning rasmiy eksport-kredit agentligi bo‘lib, AQSH kompaniyalarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularga sug‘urta, kafolat va kredit vositalarini taqdim etadi. Ushbu nufuzli institut bilan tayyorlangan qo‘shma dastur asosida energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, AT va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi yirik loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqilgani ma’lum qilindi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSH Eksimbanki o‘rtasida imzolangan qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitim almashildi. 

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh direktori Ben Blekni ham qabul qildi. Ma’lumot uchun, bu korparatsiya AQSHning milliy rivojlanish instituti bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy kapitalni safarbar qilish bilan shug‘ullanadi. Uchrashuvda oliy darajadagi faol muloqotlar va savdo-investitsiyaviy hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bildirilishicha, energetika, muhim minerallar, moliya, transport, qishloq xo‘jaligi va AT sohalarida yirik qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqilmoqda. Ushbu uchrashuvning hozirgacha aniq natijalaridan biri bu Toshkent shahrida mazkur korporatsiyaning mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqilgani bo‘ldi. Ha, Eksim bank kabi katta nufuzga ega moliyaviy institut va AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korparatsiyasi rahbarlarining O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvi AQSH O‘zbekistonga keyingi yillarda jiddiy sarmoyalar yotqizishi va iqtisodiy hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqishiga ishora qilmoqda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH rasmiylari orasidan Savdo vaziri Xovard Latnik bilan muzokara o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ko‘payib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va innovatsiya sohalarida qator yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Uchrashuv natijasi o‘laroq AQSHdan O‘zbekistonga soya va paxta yetkazib berish, shuningdek, Amerikaning ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastlabki shartnomalar tuzilganini alohida qayd etib o‘tish joiz. 

Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari o‘tkazgan uchrashuvi keng qamrovli bo‘ldi. Ushbu tadbirda AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Stiven Vaden, shuningdek, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi rahbarlari, “McKinsey”, “Meta”, “Google”, “Amazon”, “Boeing”, “Air Products” kabi o‘nlab yirik korporatsiya va kompaniyalarning yuqori darajadagi menejerlari ishtirok etdi. AQSHning “Google”, “Meta”, “NVIDIA” kompaniyalari bilan raqamli hamkorlik kengaymoqda. Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish shular jumlasidan. Bunday loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yuqorida nomlari qayd etilgan ikki gigant DFC korporatsiyasi hamda AQSH Eksimbanki jalb qilinishi aytildi. Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati bo‘lib qolishini ta’kidladi.

O‘zbekiston ham Qozog‘iston kabi ayrim muhim minerallar borasida AQSH bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston va AQSH uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantirishi aytildi. Bu reja doirasida ishonchli yetkazib berish zanjirlarini yaratish va AQSHning ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish yo‘lga qo‘yiladi. 

Muhim minerallar nima o‘zi?

Tramp ikkinchi bor hokimiyat tepasiga kelganidan buyon uni eng ko‘p qiziqtirgan narsalardan biri bu – kritik minerallardir. U bu uchun hatto Ukrainani ham AQSHdan qarzdor qilib, yarim trillonga yaqin hali mavjudligi aniq bo‘lmagan nodir yer metallarini salkam o‘ziniki qildi. Joriy yil boshida Tramp va Zelenskiy o‘rtasida sodir bo‘lgan juda katta shov-shuvli janjalning asl sababi ham Ukraina rahbarining bu kelishuvni imzolashdan bosh tortgani edi. Albatta, texnologik asrda kritik minerallarning qadri suv va havodek. Ular yer yuzida nodir hisoblanib, ta’minoti juda beqaror hamda iqtisodiyot, sanoat va texnologiya uchun juda muhim qazilmalar hisoblanadi. Sodda qilib aytganda, muhim minerallar mamlakat rivojlanishi uchun zarur, ammo ularni topish yoki import qilish doim strategik muammo bo‘lib kelgan. Ularsiz telefon, kompyuter, elektromobil, quyosh paneli, hatto harbiy texnikalar ishlab chiqarish ham to‘xtab qoladi. Chunki kritik minerallarning altervativi mavjud emas va ularni boshqa modda bilan almashtirib bo‘lmaydi.

Masalan, ularning safiga kiruvchi Litiy elektr transport vositalari va akkumulyatorlar uchun, Kobalt akkumulyatorlar va yuqori haroratga chidamli qotishmalar uchun, Nikel zanglamaydigan po‘lat va batareyalar ishlab chiqarish uchun, Grafit batareyalar va elektrodlar uchun, nodir yer elementlari – neodim, disproziy, ittriy va boshqalar magnitlar, lazerlar, optika va harbiy texnologiyalar uchun, Volfram harbiy texnika, kesuvchi asboblar va sanoat uchun, Molibden – po‘lat mustahkamligi uchun, Vanadiy – energiya saqlash tizimlari va po‘lat qotishmalari uchun, Uran esa yadro energetikasi uchun o‘ta muhim va almashtirib bo‘lmaydigan unsur hisoblanadi. Shunday ekan kritik minerallar insoniyatning bugungi kundalik hayoti uchun suv va havodek zarur. Qayerga qaramang, ularning ishtirokida bunyod bo‘lgan va ixtiro qilingan texnikaga ko‘zingiz tushadi. Ular hayotimizni o‘z ishtiroki orqali nazorat qiladi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. 

O‘zbekiston hududida esa mis, volfram, molibden, uran, nikel, litiy va nodir yer elementlari kabi kritik minerallar mavjud. Ularni o‘zlashtirish mamlakatning sanoat mustaqilligi va energetika xavfsizligi uchun juda muhimdir. Va Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi bunda O‘zbekiston manfaatlari uchun ayni muddaodir.

Mirziyoyev va Tramp bir-biriga juda yaqin

So‘nggi paytlarda Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasidagi munosabatlar o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. O‘zbekiston Prezidenti 2 oy ichida Tramp bilan 2 martta uchrashdi. Bunisi mamlakat tarixida hech qachon kuzatilmagan. To‘g‘ri, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov ham o‘z vaqtida AQSH uchun juda yaqin hamkor bo‘lgan. 2001 yilda AQSHda sodir bo‘lgan mudhish teraktdan so‘ng, Toshkent va Vashington o‘rasida qil ham sig‘maydigan yaqinlik vujudga kelgan. Ikki davlat terrorizmga qarshi birgalikda kurashish ramzi bo‘lgan Xonoboddagi baza Karimov va Bushni bir-biriga jipslashtirgan. Hatto 2002 yildan AQSHning o‘sha paytdagi rahbari kichik Jorj Bush Karimovni global lider degan unvon bilan ham taqdirlagan. Ammo keyinchalik voqealar rivoji qanday yo‘nalish olgani va AQSH-O‘zbekiston aloqalaridagi juda chuqur inqiroz hamda ularning sabablaridan ko‘pchilkning xabari bor.

Biroq bugun hammasi joyida ekani Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp bilan juda yaqin aloqalarida o‘z aksini topmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat 6 noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shavkat Mirziyoyev dastlab Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. So‘ng Oval kabinetda yetakchilar muzokara o‘tkazdi. O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning o‘tkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev AQSH yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. 

MO Prezidentlarining Tramp bilan kechgan asosiy umumiy uchrashuviga ham alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, uchrashuv aylana stol atrofida emas, balki bir-birga qarama-qarshi o‘tirgan holda o‘tkazildi. AQSH tomonda Donald Tramp, Davlat kotibi Marko Rubio, vitse-prezident Jeyms Devid Vens, Moliya vaziri Skott Bessent va boshqa rasmiylar, ikkinchi tomonda esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhammedov hamda ushbu besh mamlakatning Tashqi ishlar vazirlari o‘rin oldi. Uchrashuvni Donald Tramp ochib berdi. U MOni sayyoradagi eng muhim mintaqalardan biri ekani va ushbu besh davlatning salohiyati juda yuqoriligini ta’kidladi. Shundan so‘ng, mintaqa yetakchilari ham birin ketin nutq so‘zladi. Ular asosan taklif uchun Trampga rahmat aytib, uning 8 ta urushni to‘xtatganini olqishladi. Umumiy uchrashuvdagi eng esda qolarli vaziyatlardan biri bu – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev nutq so‘zlayotgan paytda Trampning Shavkat Mirziyoyevga ko‘z qisib qo‘ygani bo‘ldi. Bu ham ikki yetkachi o‘rtasidagi munosbatlar juda yaqin ekani va ular bir-biri bilan ancha yaxshi til topishishidan dalolat desak ham bo‘ladi. 

Shunday qilib, yakunda kelgusi uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb 35 milliard dollar, undan keyingi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishi va turli xaridlarni amalga oshirishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev C5+1 formatining umumiy yig‘inida aytgan bo‘lsa, Tramp mazkur sarmoya haqida o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuvni e’lon qilishdan mamnunman. Men O‘zbekistonning yuksak hurmatli Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali munosabatlarni intizorlik bilan kutamiz!” deydi Tramp.

Shavkat Mirziyoyev C5+1'ning keyingi uchrashuvini dunyoning siyosiy markazlaridan biriga aylanib ulgurgan va bu borada o‘z o‘rnini yanada mustahkamlagan Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi. Shuni ham aytib o‘tish joizki, Markaziy Osiyo liderlarining Oq uyga tashrifida global ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir voqelik yuz berdi. Bu Qozog‘istonning Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga rozilik berganidir. To‘qayev Tramp bilan uchrashuvda uning yonida Tel-Avivga sim qoqib, Netanyaxu bilan gaplashgani ma’lum bo‘ldi. Bilamizki, Ibrohim kelishuvlari Isroil bilan aloqalarni eng yuqori darajaga olib chiqishni o‘z ichiga oluvchi hujjat bo‘lib, bu yahudiy davlatini tan olinishi bilan cheklanib qolmasdan, deyarli har bir sohada Isroil bilan chuqur hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Bu haqda esa keyingi ko‘rsatuvlarimizda batafsil to‘xtalamiz.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Markaziy Osiyo C5+1

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing