“Buning nomi – feodalizm”. Qashqadaryo hokimi qonunga zid cheklov kiritdi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovning ko‘rsatmasi bilan viloyat hududidan chigitni olib chiqishga taqiq qo‘yilgan. Bu haqda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi, senator Gavhar Alimova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Kattaqo‘rg‘ondagi “Marokand gold oil extraksiya” MCHJ rahbari Saydin Ro‘ziyev hokimiyatga kelgan. Tadbirkor Respublika tovar va xomashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari Nodir Xudoyberdiyevichning topshirig‘i asosida ushlab  turilganligini aytgan.

“Shundan so‘ng men Nodir Xudoyberdiyevichning telefon raqamini topib telefon qildim. Bir necha bor qilgan telefon qo‘ng‘iroqlarimga javob bermagandan so‘ng SMS orqali telefonimni ko‘tarishini iltimos qildim. Bir necha marta urinishlardan so‘ng, va nihoyat, Nodir Xudoyberdiyevich bilan telefon orqali bog‘lanib chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan o‘tkazishga yordam qilishini iltimos qildim. Nodir Xudoyberdiyevich “...opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman” dedi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Murodjon Berdialiyevichning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib vaziyatni tushuntirdim va chigitni qo‘yib yuborishini iltimos qildim. Viloyatning yangi hokimi esa “... masalani o‘rganib chiqib ma’lum qilaman” dedi. Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning Telegram’iga tashlab berdim. Javob bo‘lmagandan so‘ng Telegram’iga va qo‘l telefoniga SMS’lar yozdim, afsuski, hech qanday javob olishning iloji bo‘lmadi”, deydi Gavhar Alimova.

Qayd etilishicha, oradan 3 kun o‘tib, 2 yanvar kuni tadbirkorga chegaradan yuk ortilgan mashinalarini olib ketishini so‘rab o‘zini Farhod va Jahongir deb tanishtirgan YPX xodimlari telefon qilishgan.

“Tadbirkor S.Ro‘ziyev bundan xursand bo‘lib, menga telefon qildi. Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Tadbirkor menga telefon qilib, YPX xodimlari viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Xudoyberdiyevich ruxsat bermayotganligi vajidan yuk mashinalarini qo‘yib yuborolmasligini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng men yana janob Nodir Xudoyberdiyevichga qo‘ng‘iroq qilganimda “...xozirgina viloyat hokimi bilan gaplashdim, chigitni qo‘yib yuborishga hech qanday ruxsat yo‘q” deb aytdi. “Opajon ming afsus men yuk mashinalarini qo‘yib yuborolmayman” dedi.

Men Jahongir ismli YPX xodimiga telefon qilib nega yuk mashinalarini qo‘yib yubormayotganligini so‘raganimda u “opa men topshiriqni bajaryapman ruxsat berishsa qo‘yib yuboramiz” deb yaxshi muomila bilan tushuntirdi. Unda nega YPX xodimlari telefon qilgan? degan savol ochiq qolmoqda.

Men 100 tonna chigitni olib o‘tish uchun 4 kun sarson bo‘ldim. Achinarlisi murojaatimga va yozgan SMS’larimga viloyat hokimi “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishi shunchalik ham qiyin bo‘ldimi?! Yangi yil bayrami tadbirkorga, haydovchilarga va menga ham afsuski tatimadi.

Axir bitta shahar hokimi 100 tonna chigitni o‘tkazish uchun 4 kun bezovta bo‘lishini qanday izohlash mumkin? Men shaxsiy manfaatim uchun jon kuydirayotganim yo‘qku...! Men bu murojaatimga umid bilan javob kutaman”, degan hokim Gavhar Alimova.

U SMS’ni ham ilova qilgan. Hokim Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi, degan ritorik savol ham qo‘ygan.

“Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi? Yo‘q, albatta. Unda bu viloyatga mamlakatimizning barcha viloyatlarida amal qilinayotgan qonun va qoidalarga nega amal qilinmayapti?”, degan savolni o‘rtaga tashlagan.

Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov ushbu holatga munosabat bildirib, vaziyatni O‘rta asrlardagi feodal tuzumga qiyoslagan.

“Murod Azimov topshirig‘iga ko‘ra, Qashqadaryo hududidan chigit olib chiqib ketish taqiqlangan. Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqandga chigit olib ketayotgan yuk mashinalari o‘tkazilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Bir qarashda ham kulgili, ham achinarli. Qanday qilib bir mamlakat hududida tovar va xizmatlar erkin harakatlana olmasligi mumkin? Chigit hokimning mulki emas, fermerniki yoki klasterniki, nega u boshqa shaxsga sotgan chigitini hududidan chiqara olmaydi?

Bu boshboshdoqlikni yaqindagina Bojxona qo‘mitasiga rais bo‘lgan, vazifasi bo‘yicha butun O‘zbekiston hududi bo‘yicha erkin tovarlar to‘siqsiz harakatlanishiga mas’ul bo‘lgan shaxs amalga oshiryapti. Amaldagi vakolatlar tiyilmagan buzuq tizim, bojxona kattasi tugul, avliyoni ham buzib tashlashiga yana bir misol.

Chigitni viloyat hududidan chiqarmaslik bo‘yicha hokimlarning topshiriqlari birinchi marta emas. Pishiqchilik paytida meva-sabzavot mahsulotlari bir hududdan ikkinchisiga chiqarilmasligi bo‘yicha topshiriqlar ham birinchi marta emas. Doimiy holat. Lekin shu paytgacha birorta hokim jazolanmagan. Bu safar ham, juda katta ehtimol, jazolanmaydi. Axir buning nomi feodalizm”, deydi bloger.

Shu o‘rinda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida (Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining huquqlari) shunday deyilgan:

Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari:

  • qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga;
  • yuridik shaxs bo‘lgan boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining muassislari (ishtirokchilari) bo‘lishga;
  • mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanish va uni tasarruf etishga;
  • o‘z faoliyati yo‘nalishlarini, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni va o‘z tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) iste’molchilarini mustaqil ravishda tanlashga;
  • tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olishga, bundan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari mustasno;
  • o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
  • barcha ishlab chiqarish xarajatlarining o‘rni qoplanib, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin qolgan daromadni (foydani) erkin tasarruf etishga, sud tartibidagi majburiy undiruv hollari bundan mustasno;
  • kreditlar olishga, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag‘larini hamda o‘zga mol-mulkini shartnoma shartlari asosida jalb etishga, shu jumladan binolarni, inshootlarni, uskunalarni va o‘zga mol-mulkni olishga va (yoki) tekin, ijaraga (lizingga) olishga hamda ularni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yo‘naltirishga;
  • tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga haqli.

Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Ayni qonunning 34-moddasida davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasligi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

560

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing