“Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi o‘zi bo‘lmaydi”. Prezident Sardoba fojiasi haqida gapirdi

Jamiyat

photo_2020-10-13_15-21-05

Joriy yilning may oyida Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘shanda bu ahvolni ko‘rib, vayron bo‘lgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga va’da bergan edi.

Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani “Do‘stlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda Oqoltin tumani “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida bugun, 13 oktyabr kuni yana Sirdaryo viloyatiga keldi. Davlat rahbari dastlab Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasiga tashrif buyurdi.

"Suv toshqini juda katta talafot bo‘ldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi o‘zi bo‘lmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan ta’minlashga erishdik. Eng katta masala - odamlarning ko‘nglidagi g‘ashlik ketdi, ular rozi bo‘ldi", deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Matbuot xizmatining qayd etishicha, ilgari bu joylardagi ko‘p uylarda tabiiy gaz bo‘lmagan. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham o‘zlarida qolgan. 

Davlat rahbari o‘sha qiyin kunlarda butun xalq jipslashib harakat qilganiga katta e’tibor qaratdi.

"Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu yerda Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatning o‘z ko‘chasi bor. Qudratimiz borligiga, birlashsak, mehrli bo‘lsak, ko‘p ishlarni amalga oshirishimizga hamma inondi", deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu mahalla "Yangi O‘zbekiston" deb nomlangan.

"Yangi O‘zbekiston" deyilganida ham ma’no bor. Agar xalqimizga ma’qul bo‘lsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz o‘zgarishi kerak", deydi Prezident.

Yangi mavzeda mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.

Turar joylarni ekspluatatsiya qilish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing