Bular shunchaki zavod emas, hayotimizni hal qiluvchi masalalardan biri – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 oktyabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishish davomida zavodlar mamlakatning hayot-mamotini hal qiladigan masalalardan biri ekanini aytdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligi-yu energetika barqarorligi ham shu sohaga bog‘liq. Chiqindilar to‘g‘ri to‘planib, ko‘proq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza bo‘ladi, jamiyat o‘zgaradi”, deya ta’kidlagan Prezident.

Loyihalar 2025-2027 yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Masalan, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasining 350 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan Andijon va Toshkent viloyatlarida 2 ta zavod barpo etiladi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Bu sohaga Xitoyning boshqa bir kompaniyasi – “Shanghai SUS Environment” ham qiziqish bildirgan. U 310 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2 ta zavod qurishni rejalashtirgan. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kilovatt soat elektr energiyasi olinadi.

Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer Group” kompaniyasining 200 million dollar mablag‘i evaziga Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bitta zavod quriladi. Unda kuniga 1500 tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 363 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.

Janubiy Koreyaning “Sejin” kompaniyasi ishtirokidagi loyihaga ko‘ra, 55 million dollar evaziga Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida hosil bo‘ladigan gazdan muqobil elektr energiyasi olish yo‘lga qo‘yiladi. Uning quvvati 16 megavatt bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Umuman, loyihalar natijasida qattiq maishiy chiqindilardan oqilona foydalanish ta’minlanadi. Yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindi yoqilib, 2 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 97 million AQSH dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev zavod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made