Buxorodagi maktabda qizlar bir-birini kaltakladi
3-sahifa
−
30 yanvar 7427 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining Kogon shahridagi umumta’lim maktablaridan birida o‘quvchilar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik holati hamda mazkur voqeaga maktab ma’muriyati tomonidan yetarlicha xolis va to‘liq baho berilmagani haqidagi murojaat tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 20 yanvar kuni Buxoro viloyatining Kogon shahridagi 3-umumta’lim maktabida tanaffus vaqtida 9-sinf o‘quvchisi hamda 5-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Dastlab holat o‘quvchilar o‘rtasidagi og‘zaki tortishuv va haqoratomuz so‘zlar bilan boshlanib, keyinchalik jismoniy to‘qnashuvga aylangan.
Holat maktab o‘qituvchilari tomonidan zudlik bilan bartaraf etilgan, o‘quvchilar o‘rtasida tushuntirish va yarashtirish ishlari olib borilgan.
Biroq 9-sinf o‘quvchisining ota-onasi tomonidan Ichki ishlar organlariga murojaat qilingani sababli, ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Holat to‘liq o‘rganilib, qonunchilik doirasida tegishli xulosalar chiqarilishi ta’minlanadi. O‘rganish ishlari natijalariga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Voqea qatnashchilaridan birining onasi QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, qizi maktab hududida navbatchi o‘quvchi sifatida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida maktab ichki tartib-qoidalariga rioya etilishi yuzasidan 2 o‘quvchi qizlarga og‘zaki tushuntirish bergan, lekin ular 2-marotaba taqiqlangan yo‘ldan qaytishgan. So‘ng ularning ikki nafar o‘g‘il bola sinfdoshlari ham shu yerdan o‘tish bilan birga, murojaatchining qizini turtib ketishgan. Qiz ulardan birining bosh kiyimini ustoziga aytish uchun olib qo‘ygan. Avvalgi o‘tgan 2 ta qiz bola u qizdan o‘g‘il bolaning bosh kiyimini qaytarishni talab qilib kelgan. Shundan so‘ng qizlar o‘rtasida janjal boshlangan.
“Mazkur murojaatimdan ko‘zlangan maqsad – kimnidir ayblash emas, balki voyaga yetmagan shaxs huquqlarining ta’minlanishi, maktab muhitida xavfsizlik va adolat tamoyillariga rioya etilishi hamda holatga xolis jamoatchilik e’tiborini qaratishdir”, deydi ona.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda maktabda karta o‘ynagan o‘quvchilarning ota-onasi jazolangan edi.
Live
Barchasi