Buxoroda yangi 2 ta klaster va 7 ta yangi KSZ tashkil etiladi

Jamiyat

image

Buxoro viloyatida 2019-2023 yillarda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari belgilandi. 

Jumladan:

Peshku tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sanoat zonasi - qurilish sanoati klasteri, Qorako‘l tumanida esa chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan sanoat zonasi - chorvachilik klasteri tashkil etiladi.

Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki ob’ektlari negizida 7 ta tuman kichik sanoat zonalari: Qorako‘l (5 gektar hudud va 2 ming 802 kvadrat metr bino va inshootlar), Romitan (3,1 gektar), Peshku (1,5 gektar), Shofirkon (10 gektar), Vobkent (6,5 gektar), Buxoro (2,2 gektar) va Olot (3,3 gektar) tashkil etiladi. KSZ hududiga va ishtirokchilarning ishlab chiqarish maydonlariga tashqi yo‘l-transport hamda muhandislik-kommunikaniya infratuzilmalari o‘tkaziladi.

Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasidan 2 kilometr radiusda tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalari ajratilganda, infratuzilma tarmoqlarini qurish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar quyidagi mablag‘lar hisobidan qoplanadi:

•    EIZ (“G‘ijduvon” va “Buxoro agro”, tahr.) uchun - Davlat byudjeti (suv va kanalizatsiya uchun) va mahalliy byudjet mablag‘lari teng ulushlarda;

•    hududda faoliyat ko‘rsatayotgan KSZ uchun - tegishli tuman (shahar) byudjeti mablag‘lari.
 
2 kilometrgacha masofadagi muhandislik tarmoqlarini qurish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar (EIZdan tashqari), loyiha tashabbuskori - tadbirkorlik sub’ektlari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
 
Umuman olganda 2023 yilga kelib sanoat salohiyati o‘sishini 3 baravarga oshirish, agrar sektorni jadallashtirish va diversifikatsiya qilish, har bir gektardan olinadigan mahsulotni ayni vaqtdagi 1,2 ming AQSH dollaridan 6 ming AQSH dollarigacha ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish, hududni turistik xabga aylantirish (1 million nafar turistlarning hududga qulay tashrif buyurishi, bir nafar turistdan o‘rtacha foydani $400 gacha ko‘paytirish), urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish hamda viloyat aholisining bilimi va kasbiy salohiyatini oshirish ustuvor hisoblanadi.

Xususan, oxirgi yo‘nalish doirasida, 2020-2021 yillarda Buxoro shahrida BAAning ilg‘or tajribasi asosida Prezident maktabi tashkil qilinadi. U 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritishni boshlaydi. 

Hujjat 23 sentyabrdan kuchga kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro viloyatida kichik sanoat zonalari

Baholaganlar

18

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar