Buxoroda o‘zini osgan ayollar bir-biriga aloqadormi? QALAMPIR.UZ hodisani o‘rgandi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
13783Avvalroq Buxoro viloyati Peshku tumanida ikki ayol o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik. Bosh Prokuratura bergan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki ayol Peshku tumanidan bo‘lgan va ularning biri yangi yil arafasida, ikkinchisi esa 1 yanvar kuni o‘z joniga qasd qilgan.
QALAMPIR.UZ muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Peshku tumani “Peshku” va “Xurram” MFYga bordi. U dastlab “Peshku” mahallasida bo‘lib, bu yerda yashagan 2022 yil 30 dekabr kuni o‘z joniga qasd qilgan 21 yoshli kelin haqida ma’lumot to‘pladi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini a’zolariga ko‘ra, 2019 yilda Peshku tumani “Peshku” MFYga kelin bo‘lgan 21 yoshli marhumaning jasadi 2022 yil 30 dekabr kuni o‘zi yashagan uydan topilgan. Marhuma sintetik arqon yordamida o‘z joniga qasd qilgan. “Peshku” MFY xotin-qizlar faoli Mayram Shodiyevaning QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qilishicha, kelin o‘z joniga qasd qilishidan oldin er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lgan.
“Marhumaning yashagan uyida uch kelin istiqomat qiladi. Ularning turmush o‘rtoqlari har yili Rossiyaga ishlashga borib keladi. Marhumaning qaynonasi nafaqada, katta ovsini hamshira, kichik ovsini va o‘zi uy bekasi bo‘lgan. Oilada shu vaqtgacha hech qanday moliyaviy muammo bo‘lmagan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, yangi yil arafasida kelin turmush o‘rtog‘i bilan birga bozorga borgan. Xarid vaqtida er-xotin o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelib janjal ko‘tarilgan. Bu kelishmovchiliklar qizning ota-onasiga yetib borgan va ular kelib qizi va kuyovi o‘rtasidagi nizo haqida gaplashib olgan.
Marhumaning ota-onasi ketganidan keyin qaynona-qaynota, ikki o‘g‘il hamda katta ovsin bozorga ketgan, kelin esa uyda bo‘lgan. Aynan o‘sha vaqtda kelin o‘z joniga qasd qilgan. Biz bundan afsusdamiz”, deydi Mayram Shodiyeva.
Ayni shu mahallaning raisi Oltinbek Rahmatov esa marhuma haqida umuman boshqa fikrlarni keltirdi. Ya’ni marhamuning oilasida kelishmovchilik bo‘lmagani va bu masalada mahalla fuqorolar yig‘iniga murojaat qilmaganini aytdi.
“Ular o‘ziga to‘q oilalardan hisoblanadi. Shu vaqtgacha ularning oilasida qandaydir nizo bo‘lganini eshitmaganmiz. O‘tgan 6 oyda oila a’zolari bilan 4 marotaba suhbatlashganmiz. Oilada 11 jon yashaydi. Nega o‘z joniga qasd qilganini hali ham tushunmayapman. Bizda xotin-qizlar faollari, psixologlar har hafta, uyma-uy yurishadi va ayollar bilan suhbatlashadi. Psixologlar marhumaning ruhiy holatida o‘zgarishlar borligini sezmagan”, deydi MFY raisi Oltinbek Rahmatov.
Ko‘rinib turganidek, mahalla faollarining gapi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Marhumaning oila a’zolari bilan esa suhbatlashishning iloji bo‘lmadi. Shu hududda yashaydiganlar bilan suhbatlashganimizda ular tamoman boshqacha ma’lumotlarni berishdi.
“Bu kelin oldin ham bir necha bor “men o‘zimni o‘ldiraman” degan gaplarni aytgan edi. Qolaversa, voqea sodir bo‘lishidan oldin “bozor” mashmashasi uchun otasi va turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklangani qulog‘imizga chalindi”, deydi marhumaning qishloqdoshlari.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvar kuni aynan shu Peshku tumanida yana bir ayol o‘zini osib qo‘ygan bo‘lib, u “Xurram” mahallasida istiqomat qilgan. QALAMPIR.UZ muxbiri mahallaga borganida, marhumanining oila a’zolari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, mahalla raisi esa intervyu berishdan bosh tortdi. Biroq marhuma 25 yoshda bo‘lib, u turmush qurmagan va ota-onasi bilan yashaganini aniqladik.
Ta’kidlash joiz, bu ikki holat garchi bir tumanda – yaqin mahallalarda sodir etilgan bo‘lsada, ularning bir-biriga aloqasi yo‘q.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi