Buxoroda maktab o‘quvchilari mushtlashdi
3-sahifa
−
25 yanvar 2023
8551Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida maktab o‘quvchilari mushtlashgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat ichki ishlar bo‘limi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25 yanvar Qorovulbozor tumanidagi sport majmuasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan.
“Mazkur hodisa Qorovulbozor tumani IIB da belgilangan tartibda qayddan o‘tkazilgan. Hozirda mas’ul xodimlar tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu holat Qorovulbozor tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabining 8 va 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida sodir bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bo‘lim hozirda hodisa ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritilgani, tashqi tomondan bolalarning birortasida tan jarohati alomatlari mavjud emasligini ochiqladi.
“Ularning tan jarohati olgan-olmaganliklarini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlandi va tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha holat ishtirokchilarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilib, belgilangan tartibda javobgarlik masalalari hal etiladi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda ham maktab o‘quvchilari va talaba qizlar mushtlashgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi