Buxoroda Italiya universiteti filiali ochiladi

Jamiyat

image

Buxoro shahrida Italiyaning Luiji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining filiali tashkil etiladi. Kecha, 1 dekabr kuni Neapol shahrida mehmon bo‘lib turgan Buxoro viloyati delegatsiyasi hamda Kampaniya universiteti rahbariyati o‘rtasida filialni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuv memorandumi imzolandi.

“Dunyo” axborot agentligining yozishicha, uchrashuvda Buxoro shahrida Kampaniya universiteti filialini ochish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama etilgan. Imzolangan kelishuvga asosan filialda Kampaniya universitetining o‘quv dasturlari asosida qurilish, arxitektura, kiyimlar dizayni, oliy hamshiralik yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Buxoro viloyatida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda charm va teri mahsulotlarini qayta ishlash, tibbiyot, farmatsevtika va turli tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash taklifi o‘rtaga tashlangan.

Kampaniya universitetining Buxorodagi filiali “Vanvitelli” deya nomlanadi.

Qayd etilishicha, filialda ta’lim jarayoniga Kampaniya universitetining malakali professor-o‘qituvchilari jalb etilib, talabalarning Italiyada amaliyot o‘tashiga imkoniyat yaratiladi.

Rektor Janfranko Nikoletti Buxoro shahrida Kampaniya universiteti o‘z filialini tashkil etishdan manfaatdorligi, 2022 yilning bahorida universitet delegatsiyasining Buxoro shahriga tashrifi davomida filialni tashkil etish bo‘yicha shartnomani imzolashga tayyor ekanini bildirgan.

Filial faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgunga qadar Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro davlat tibbiyot universiteti bilan yuqorida ta’kidlangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha Kampaniya universiteti hamda Buxoro oliy bilim yurtlari o‘rtasida memorandum imzolangan.

Kampaniya universiteti hamda Buxoro viloyati oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

162

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing