Buxoro viloyatida neolit davriga oid ustaxona topildi
Jamiyat
−
27 iyul 2021
6477Buxoro viloyati Peshku tumanidan neolit davriga oid ustaxona qoldiqlari topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fanlar akademiyasi qoshidagi Milliy arxeologiya markazi va “Aswa Power Dzhangeldy Wind” MCHJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand Davlat universiteti mutaxassislaridan iborat ekspeditsiya jamoasi joriy yilning 25 iyundan 25 iyuliga qadar Peshku tumanidagi Jonkeldi qishlog‘ida arxeologik qazishma ishlarini olib borgan.
Xabarga ko‘ra, tadqiqot mobaynida qishloq atrofidagi yodgorliklarni aniqlash va ularni xaritaga tushirish maqsadida jami 30200 gektar yer maydonida qazishma ishlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, neolit davriga oid toshga ishlov berish ustaxonasi Jonkeldi qishlog‘i markazidan 10 kilometr shimoli-sharqdan topilgan. Ustaxona dengiz sathidan 383 metr balandlikda, yemirilib ketgan kremniy konlari ustida joylashgan. Ustaxona maydoni 70x30 metr bo‘lib, ikki tomonda jarliklar bilan kesilgan. Ustaxonada kremniyning asosan oq, shuningdek, jigarrang va kulrang tusdagilari uchragan. O‘rganish davomida bu yerda madaniy qatlam yagonaligi va qalinligi 40 santimetrgacha yetishi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, ustaxonadan 400 dan ziyod ishlov berilgan tosh buyumlar topilgan. Ular orasida bir qator xomashyo deffekti tufayli tashlab yuborilgan nukleuslar, uchirindi va plastinalar borligi ma’lum bo‘lgan. Moddiy manbalar ichida toshlarni chaqmoqlovchi texnik yo‘nilg‘ilar topilgan, bu orqali toshlarga birlamchi ishlov berish ishlari ustaxonaning o‘zida amalga oshirilgani aniqlangan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, neolit davrining (miloddan avvalgi VII–V mingyilliklar) aholisi bu yerga sifatli xomashyo uchun kelgan.
Sardor Ali Nurmatov
LiveBarchasi