Buxoriydan Beruniygacha – Prezident islom sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan allomalarni e’tirof etdi

Jamiyat

image

Bugun, 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik anjumani boshlandi. Anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Prezident o‘z nutqida mamlakatning islom dunyosi bilan ko‘p asrlik aloqalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ilm-fan va sivilizatsiya rivojiga hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarni e’tirof etdi.

“Qadimiy O‘zbekiston ya’ni, Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar yurtidir.

Buxorolik buyuk ulamo – imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, imom Al-Buxoriy va imom At-Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir.

Buxoroi sharif musulmon olamida “Qubbat-ul islom”, ya’ni, “Islom dinining gumbazi” nomi bilan ma’lum va mashhurdir.

“Jorulloh” (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli nom bilan ulug‘langan Xorazmlik alloma Mahmud az-Zamahshariy arab tili grammatikasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganligi sizlarga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.

Makkai mukarramadagi “Masjid ul-Haram” yaqinida yashagan bu benazir olimning grammatikaga oid “Al-Mufassal” asari, arabcha-forscha lug‘at kitobi Sharq davlatlari oliygohlarida ko‘p asrlar mobaynida asosiy darslik va qo‘llanma vazifasini bajargan”, dedi Prezident.

Shuningdek davlat rahbari O‘zbekistonning islom tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtalib, Amir Temur, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek hamda Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning qilgan ishlarini alohida yodga oldi.

“Yurtimizning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi buyuk Amir Temur hukmronligi davrida yanada yorqin namoyon bo‘ldi.

Sohibqiron bobomiz poytaxti Samarqand bo‘lgan o‘z davrining eng qudratli davlatini barpo etdi.

O‘z tarkibiga bepoyon hududlarni qamrab olgan ushbu ulkan saltanat o‘sha davrdagi islom dunyosining asosiy mintaqalarida iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni yuksak cho‘qqilarga olib chiqdi.

Aynan ana shunday mustahkam poydevorga, Sharq uyg‘onish davrida butun musulmon olami erishgan ulkan ilmiy, falsafiy va madaniy salohiyatga tayanib, bizning ulug‘ bobolarimiz ham o‘zlarining buyuk kashfiyot va ixtirolarini yaratganlar.

Bu haqda gapirganda, dunyo koronavirus pandemiyasi bilan to‘qnashganda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti birinchi navbatda Abu Ali ibn Sino tavsiya qilgan karantin usullaridan foydalanishga chaqirganini eslash o‘rinlidir.

Bundan ming yil oldin bu ulug‘ hakim “Tib qonunlari” kitobida yuqumli kasalliklar tarqalishini kamaytirish uchun 40 kunlik karantin zarurligini ta’kidlagan edi.

Bag‘doddagi mashhur “Bayt al-Hikma” ilmiy akademiyasini boshqargan yana bir vatandoshimiz Muhammad Al-Xorazmiy ilk marotaba raqamlar qatoriga “nol” belgisini kiritib, matematikaning yangi yo‘nalishi, ya’ni “algebra”ga asos solgan.

Shuningdek, zamonaviy IT sohasining fundamental “algoritm” tushunchasi ham ana shu ulug‘ ajdodimiz Al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liqdir.

Samarqand hukmdori, buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek 1018 ta yulduzning koordinatlari aniq ko‘rsatilgan, bir necha asrlar dunyoning oliy ta’lim dargohlarida darslik bo‘lib xizmat qilgan “Ziji Ko‘ragoniy” jadvalini tuzgan.

Geodeziya fanining “otasi” hisoblanadigan Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin birinchi globus va Yerning eng aniq xaritasini yaratgan.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ITB sammitida tuzilmani rivojlantirish uchun beshta taklifni ilgari surdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing