Bugun O‘zbekistondagi eng yirik sport majmuasi ochiladi
Jamiyat
−
15 mart 2019
10397Bugun, 15 mart kuni poytaxt Toshkentda qad rostlagan “Humo arena” ko‘p tarmoqli sport majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, nutq so‘zlashi kutilmoqda.
Ochilish marosimida O‘zbekiston hayotida muhim o‘rin tutgan shaxslar – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat a’zolari, Hukumat a’zolari, siyosat, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport kabi sohalarda ko‘plab yutuqlarga erishgan hamyurtlarimiz, qolaversa, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etadi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur sport majmuasining qurilishiga 2017 yilning 3 fevral kuni start berilgan edi.
Majmua Toshkent shahrining Olmazor va Beshyog‘och ko‘chalari kesishmasida, 9 gektar maydonda qurilgan. Zamonaviy muhandislik texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan “Humo Arena” majmuasidan 12,5 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli muz arenasi, 200 o‘rinli mashg‘ulotlar maydoni, trenajyor zali, sport muzeyi va ko‘plab boshqa ob’ektlar o‘rin olgan.
Har biri 60x30 metr o‘lchamdagi asosiy va mashq maydonlari musobaqalarni xalqaro talablar darajasida o‘tkazish, yoshlarni sport bilan shug‘ullantirish uchun yaxshi imkoniyat beradi.
Mobil o‘rindiqlar sport musobaqalaridan bo‘sh paytda ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ham moslasha oladi. Bu yerda xokkey, short-trek, figurali uchish, kyorling bilan birga basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa turdagi bellashuvlar o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari, bayram tadbirlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish uchun ham sharoit yaratilgan.
LiveBarchasi