Bugun “Neftchi” Ronaldu jamoasi bilan o‘ynaydi

Sport

−

image

Bugun, 12 oktyabr kuni Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi Saudiya Arabistonida Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi “Al-Nasr” klubiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasi doirasida o‘tkaziladi.

Ar-Riyod shahridagi “Al-Avval Park” stadionida bo‘lib o‘tadigan bahs Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.

“Neftchi” bosh murabbiyi Islom Ismoilov bo‘lajak uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirib, jamoa Ar-Riyodga munosib natija uchun borganini ta’kidladi.

“Bugungi uchrashuvdagi raqibimiz – Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan “Al-Nasr”. Ularning tarkibida jahon futbolida o‘z o‘rniga ega, yuqori saviyali va katta tajribaga ega futbolchilar to‘p surishadi. Albatta, bu biz uchun juda muhim uchrashuvlardan biri. Biz Ar-Riyodga shunchaki maydonga tushib, o‘yin o‘tkazish uchun emas, balki munosib natijaga erishish maqsadida keldik. Raqibning kuchini yaxshi tushunamiz, shu bilan birga, o‘z imkoniyatlarimizga ham ishonamiz. Bo‘lajak bahsda bor kuchimiz, mahoratimiz va jamoaviy birdamligimizni ishga solamiz. Maydonda oxirigacha kurashib, chiroyli futbol namoyish etish va Farg‘ona hamda butun O‘zbekiston xalqini xursand qilish uchun harakat qilamiz”, deydi Islom Ismoilov o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Bugun, 12 oktyabr kuni Toshkentning “Paxtakor” jamoasi ham OFK Elit Chempionlar ligasi doirasida o‘z uchrashuvini o‘tkazadi. Musobaqasining ikkinchi turida “sherlar” Saudiya Arabistonining “Al-Qodisiya” klubini qabul qiladi. “Paxtakor” stadionida o‘tadigan uchrashuv soat 18:45 da boshlanadi.

“Paxtakor” jamoasining xalqaro maydondagi bosh murabbiyi Emilian Karas bo‘lajak bahs oldidan raqibning salohiyatiga yuqori baho berdi va muxlislarni jamoani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Chempionlar ligasi Toshkentga qaytganidan xursandmiz. Ushbu kuchli raqibni kutib olayotganimizdan mamnunmiz. Muxlislar kelib, bizni yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz. Raqib jamoa tarkibida Yevropa va Janubiy Amerikadan katta mablag‘ evaziga xarid qilingan yuqori saviyali futbolchilar jamlangan. Ularda “Liverpul” va “Seltik” kabi klublarda ishlagan, katta nomga ega juda yaxshi murabbiy bor. Ya’ni, jamoa juda raqobatbardosh. Hozirgi bosqichda ular ikkinchi o‘rinda bormoqda va menimcha, peshqadam “Al-Hilol” bilan birgalikda chempionatdagi eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, biz raqibni kutyapmiz va ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yaxshi o‘yin ko‘rsatishga, eng muhimi, ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz. Shunday ajoyib ob-havoda barchani futbolga, ushbu o‘yinga yigitlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun taklif qilamiz”, deydi Emilian Karas.

Ma’lumot uchun, “Neftchi” musobaqaning birinchi turida “Eyr Fors” jamoasini kichik 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. “Paxtakor” esa safarda Saudiyaning “Al Ahli” jamoasi bilan 1:1 hisobida durang qayd etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing