Bugun qur’a: O‘zbekiston uchun muhim palla boshlanmoqda
Sport
−
17 iyul 2019
6214Bugun, 17 iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda joylashgan Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohida Jahon chempionati-2022 hamda Osiyo kubogi-2023 musobaqalari saralash bahslariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Jami 40 ta yurt terma jamoalari saralashdagi o‘z raqiblari nomini bilib oladi. Birinchi saralash bosqichida zafar quchgan 6 ta terma jamoa ushbu ikkinchi bosqichga avtomatik tarzda yo‘l olgan 34 ta yurt termalari bilan birgalikda jami 5 ta savatga ajratib chiqilgan.
Terma jamoalar o‘tgan oydagi FIFA reytingiga qarab savatchalarga taqsimlandi. Savatchalar quyidagicha taqsimlandi.
1-savatcha: Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy.
2-savatcha: Iroq, O‘zbekiston, Suriya, Livan, Ummon, Qirg‘iziston, Vetnam, Iordaniya.
3-savatcha: Falastin, Hindiston, Bahrayn, Tailand, Tojikiston, KXDR, Xitoy Taypeyi, Filippin.
4-savatcha: Turkmaniston, Myanma, Gonkong, Yaman, Afg‘oniston, Maldiv orollari, Quvayt, Malayziya.
5-savatcha: Indoneziya, Singapur, Nepal, Bangladesh, Mo‘g‘uliston, Guam, Kamboja, Shri-Lanka.
Har bir guruhda 5 tadan ishtirokchi bo‘ladi va guruhlar soni 8 tani tashkil etadi. Saralash bahslari yakunida guruhda 1-o‘rinni band etadigan 8 ta terma jamoa va 2-o‘rin sohiblari ichidagi eng yaxshi natijaga ega yana 4 ta terma jamoa Osiyo kubogi-2023 final bosqichiga yo‘l olish bilan birgalikda Jahon chempionati-2022 saralashining ham yakuniy hal qiluvchi bosqichi yo‘llanmasini rasmiylashtiradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2-savatdan o‘rin olgan. Qur’a tashlash marosimi Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, Ravshan Ermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi.
LiveBarchasi